O‘zbekistonda tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish ilg‘or mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida ma'lumot
07/01/2022 - 14:12 3731
Tibbiy muassasaning akkreditatsiya darajasi ko‘rsatilayotgan xizmatlar darajasining eng aniq ko‘rsatkichidir.
Klinikalar, shifoxonalar va boshqa tibbiyot muassasalarini akkreditatsiya qilish davlat, xalqaro tibbiyot tashkilotlari, tibbiy turizm assotsiatsiyalari tomonidan tibbiy xizmatlar sifati va ularni ko‘rsatish tartibiga ta’sir ko‘rsatadigan muhim mexanizmlardan biridir.
Sog‘liqni saqlash muassasalarining xalqaro akkreditatsiyaga qiziqishi ortib borayotgani aholining tibbiy xizmatlar sifatiga bo‘lgan yuqori talablari, shuningdek, tibbiy texnologiyalarning globallashuvi va tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talab bilan bog‘liq. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda fuqarolar tibbiy xizmatlar sifati va shifoxona standartlarini talab qilmoqdalar. Bu tendensiya, ayniqsa, boy mamlakatlarning, jumladan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining sotsiallashgan tizimlarida kuchli.
Nufuzli xalqaro tashkilot tomonidan berilgan akkreditatsiya sertifikati tibbiy muassasaning jahon tibbiy xizmatlari bozorida raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshirishi ham muhim ahamiyatga ega. Darhaqiqat, bugungi kunda turli davlatlar fuqarolari uchun turli sabablarga ko‘ra chet elda davolanish tobora dolzarb bo‘lib bormoqda.
Tibbiyot muassasalarini xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiya qiluvchi bir qancha taniqli tashkilotlar mavjud: Joint Commission International (JCI), The Australian Council on Healthcare Standards, Canadian Council on Health Services Accreditation, CHKS Healthcare Accreditation Quality Unit va boshqalar.

Joint Commission International (JCI) akkreditatsiyasi – bu sog‘liqni saqlash sohasidagi nufuzli xalqaro sertifikat bo‘lib, sifatning “oltin standarti” hisoblanadi va tibbiyot tashkilotining xalqaro miqyosda qabul qilingan tibbiy va ma’muriy standartlarga, shuningdek, bemor xavfsizligini xalqaro talablariga erishish muvofiqligini tasdiqlaydi. Bugungi kunga qadar dunyoda 800 dan ortiq klinikalar JCI standartlariga muvofiq akkreditatsiya qilingan.
Tibbiyot muassasalarini akkreditatsiya qilish bo‘yicha Xalqaro qo‘shma komissiya AQSHda joylashgan notijorat tashkilotdir. Uning maqsadi dunyodagi tibbiyot tashkilotlari ishini doimiy ravishda takomillashtirish va ularning xalqaro miqyosda kelishilgan yuqori talablarga muvofiqligini rag‘batlantirishdan iborat.

JCI akkreditatsiya tamoyillari.
Akkreditatsiya dasturlari doimiy ravishda yangilanadi va maxsus ishchi guruh tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi. Akkreditatsiyani olish mamlakatning madaniy va diniy xususiyatlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, standart o‘zgaruvchanlikning keng chegaralariga ega.
Tibbiyot muassasani baholashning asosiy parametrlari quyidagilardan iborat: ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va uning barqarorligi; ularning bemorlar va muassasa xodimlari uchun xavfsizligi; doimiy ravishda kompaniya uchun sifat ustida ishlash.
JCI standartlari faoliyat turi bo‘yicha quyidagilarga bo‘lingan: ambulator tibbiy hizmat ko‘rsatuvchi muassasalar uchun; statsionar yordam ko‘rsatuvchi muassasalar uchun; birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun va boshqalar.
Tibbiy muassasalar uchun JCI ahamiyati.
Ushbu standartga ega bo‘lish tibbiyot muassasalari uchun bir qancha muammolarni hal qilish imkonini beradi.
Birinchidan, sifat standartlari bemorlar bilan ishlash va ularni parvarish qilishni yaxshilaydi va muassasa mijozlari va xodimlarining sodiqligini oshiradi.
Ikkinchidan, xizmat ko‘rsatishning yuqori standartlarini tasdiqlaydi va muassasaning marketing faoliyatini takomillashtiradi. Rahbariyat tomonidan akkreditatsiyani olish menejmentdagi muhim lahzadir, bunda kompaniya rahbari biznesga ko‘pincha ochiladigan mulkdor va rahbar emas, balki «mijoz, bemor» nuqtai nazaridan qaraydi.
O‘zbekistonda tibbiyot muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 14 yanvardagi 16-son «Tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq belgilangan.
Qarorga muvofiq:
2022 yil 1 yanvardan boshlab tibbiyot tashkilotlarini ixtiyoriy akkreditatsiyadan o‘tkazish mexanizmi joriy etilgan;
Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish va sog‘liqni saqlash sohasida ekspertlarni sertifikatlash bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi;
Quyidagilarni nazarda tutuvchi Tibbiyot tashkilotlarini ixtiyoriy akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi:
-tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi;
-tibbiyot tashkilotlarining akkreditatsiya sohasini kengaytirish va qisqartirish tartibi;
-akkreditatsiyadan o‘tkazilgan tibbiyot tashkilotlari faoliyati ustidan inspeksiya nazorat qilish tartibi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot tashkilotini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha komissiya tashkil etiladi, shuningdek akkreditatsiyadan o‘tgan sog‘liqni saqlash tashkilotlari, ekspertlar va texnik ekspertlar reyestri shakllantiriladi.
Akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun murojaat qilishdan oldin tibbiyot muassasasi akkreditatsiya standartlariga muvofiqlik yuzasidan o‘zini o‘zi baholaydi.
Akkreditatsiyadan o‘tish uchun tibbiyot tashkilotlari DXM yoki YAIDXP orqali elektron shakldagi arizani taqdim etadi. Bunda 2 BHM miqdorida to‘lov to‘lanishi lozim. Bundan tashqari, o‘zini o‘zi baholash natijalarini ko‘rib chiqish va hujjatlar ekspertizasi uchun tuzilgan shartnomada belgilangan narxning 15%idan kam bo‘lmagan miqdorda bo‘nak to‘lovi to‘lanadi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati