Vazifamiz - urbanizatsiya jarayonlarini takomillashtirish
16/02/2019 - 09:59 11968
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Press-xollida Iqtisodiyot va sanoat hamda Qurilish vazirliklari bilan hamkorlikda “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonning mazmun-mohiyati” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ma'lumki, davlatimiz rahbarining 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida respublikada barqaror rivojlanishning urbanizatsiya jarayonini faollashtirish maqsadida alohida vazifalar belgilab berildi. Jumladan, mamlakatda urbanizatsiya darajasini 2030-yilgacha 60 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shu munosabat bilan 2019-yil 10-yanvarda Prezidentimizning “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmonga muvofiq Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida mamlakatimizda urbanizatsiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi Urbanizatsiya agentligi va Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil qilindi.
Urbanizatsiya jarayonini faollashtirishga doir belgilangan chora-tadbirlar hamda shaharsozlik sohasida olib borilayotgan ishlar haqida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Tursun Axmedov va Qurilish vazirligining Bosh rejalarni ishlab chiqish bo‘limi boshlig‘i Komiljon Eshdavlatov o‘z ma'ruzalarida batafsil to‘xtaldilar.
Kun tartibidagi masalalar qatnashchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va anjuman savol-javoblarga boy bo‘ldi.
Axborot xizmati