O‘zbekiston-Shveysariya biznes forumi to‘g‘risida
13/07/2018 - 18:50 20554
2018-yilning 12-iyul kuni mamlakatimizga Shveysariya Federal iqtisodiyot, ta'lim va ilmiy tadqiqotlar vaziri, janob Yohann Shnayder-Ammann boshchiligida delegatsiya tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibi federal hukumat vakillari va «ABB Group ABB Switzerland» (elektrotexnika, energetika mashinasozligi va axborot texnologiyalari); «Stadler» (temir yo‘llari transport vositalarini ishlab chiqarish); «Bühler AG» (oziq-ovqat sanoati va yem ishlab chiqarish uchun texnologik jarayonlar va texnologiyalarni yetkazib berish); «Swiss Medical Network» (xususiy klinika va kasalxonalar tarmog‘i); «Rieter Group» (to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish); «Economiesuisse» Shvetsariya biznes-federatsiyasi, «Reyl» (mustaqil banklar guruhi); «At a Glance» (innovatsion qurilish materiallarini ishlab chiqarish); «Trüb Trading International AG» (pasportlar, yuqori xavfsizlik darajasiga ega bo‘lgan ID kartalar va boshqa hujjatlarni ishlab chiqarish); «Switzerland Global Enterprise» (eksport, import va investitsiyalarga ko‘maklashuvchi global tarmoq) kabi Shveysariyaning dunyoga tanilgan 20 dan ziyod yirik kompaniyalarining rahbarlari va ishbilarmon doiralaridan iborat bo‘ldi.
Delegatsiya tashrifning birinchi kuniyoq Bektemir tumanida joylashgan faoliyati to‘qimachilik jihozlari uchun butlovchi qismlar va metallkonstruksiyalar ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan «Metal Processing» QK mas'uliyati cheklangan jamiyatining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
2018-yilning 13-iyul kuni poytaxtimizning Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston-Shveysariya biznes forumining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri Botir Xo‘jayev va janob Yoxann Shnayder-Ammann kirish so‘zlari bilan ochishdi. Shuningdek, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti janob Ciril Myuller ham ishtirok etdi va chiqish qildi. Mazkur tadbirda O‘zbekistonning investitsion salohiyati, hududlarining sayyohlik imkoniyatlari, oziq-ovqat sanoatining istiqboldagi taraqqiyoti yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Qo‘shma Forumning sho‘'ba yig‘ilishlari doirasida Shveysariyaning yetakchi kompaniyalariga to‘qimachilik sanoati, qurilish tarmog‘i, temir yo‘l texnikalarini ishlab chiqarish bo‘yicha, turizm sohasida, sog‘liqni saqlash va bank-moliya sohasida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish taklif etildi.
Bundan tashqari, tomonlarning hududiy organlari o‘rtasida samarali birga ishlash va ikki tomonlama hamkorlik o‘rnatish, Shveysariyaning yetakchi kompaniyalari bilan tajriba almashish, sog‘liqni saqlash, to‘qimachilik va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish uchun texnik ko‘makni jalb qilish, shuningdek ustuvor grant loyihalarni amalga oshirishda Shveysariyaning Iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha davlat kotibiyatining moliyaviy ishtiroki masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston-Shveysariya munosabatlari to‘g‘risida qisqacha ma'lumot
Shveysariya 1991-yil 23-dekabrda O‘zbekiston Respublikasini Mustaqil davlat sifatida tan olgan. Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 7-mayda o‘rnatilgan.
1993-yilning may oyidan buyon Toshkent shahrida Shveysariya Konfederatsiyasining Elchixonasi faoliyat yuritib kelmoqda. Shveysariya bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirish vazifasi O‘zbekistonning Berlindagi Elchixonasi zimmasiga yuklatilgan.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga muvofiq ikki mamlakat o‘rtasida savdo-sotiqda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi o‘rnatilgan. Bu boradagi o‘zaro aloqalarni Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo Komissiya tartibga soladi. Mazkur tashkilotning kengashlari bugungi kunga qadar 7 marotaba - 1995, 1998, 2002, 2007, 2010, 2012 va 2015-yillarda o‘tkazilgan.
O‘zaro hamkorlik o‘rnatilganidan buyon Shveysariya hukumati tomonidan O‘zbekistonda 33 ta loyiha amalga oshirilgan. Bugungi kunda Shveysariyaning investitsiyasi ishtirokida iqtisodiyot, moliya, ta'lim va bank tizimida, tadbirkorlik, xodimlarning malakasini oshirish va suv ta'minoti sohasida 7 ta qo‘shma loyiha ish olib bormoqda.
Hozirda O‘zbekistonda Shveysariya investorlari ishtirokida 84 ta kompaniya faoliyat yurityapti. Ularning 55 tasi qo‘shma korxona, 29 tasi 100 foiz chet el kapitaliga ega kompaniyalar hisoblanadi. Faoliyati farmatsevtika, mashinasozlik, kimyo, oziq-ovqat sohalari va turistik xizmatlar bilan bog‘liq 29 ta Shveysariya kompaniyalarining vakolatxonalari O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan.
Ikki davlatning ilmiy va ta'lim muassasalari, ya'ni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasining Urganch filiali, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi, shuningdek, Bern, Jeneva, Syurix, Davos, Friburg va Lozanna universitetlari o‘rtasida astronomiya, fizika, biofizika, genetika, bioximiya, tarix, tibbiyot, ekologiya sohalarida qo‘shma tadqiqotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi 1992-yilning sentyabridan buyon Jahon bankining to‘laqonli a'zosi hisoblanadi va Jahon bankining a'zo-mamlakatlar Shveysariya guruhiga kirgan.
Aytish joizki, bugungi kunda mazkur bankning Toshkent vakolatxonasi samarali faoliyat yuritmoqda.
1992-yildan boshlab mamlakatimizda “O‘zbekiston-Shveysariya” do‘stlik jamiyati ishlab turibdi.
Press-reliz matnini yuklab oling
O‘zbekiston-Shveysariya biznes forumi doirasida imzolangan memorandumlar ro‘yxati