Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish davom etadi

26/02/2015 - 16:30 9102

Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi “2015-yilda iqtisodiyotimizda tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, modernizatsiya va diversifikatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish hisobidan xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berish - ustuvor vazifamizdir” nomli ma'ruzasida ustuvor vazifalardan biri sifatida “Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish iqtisodiy o‘sish va iqtisodiyotni tarkibiy jihatdan o‘zgartirishning eng muhim manbai va omilidir” deb e'tirof etildi.

Ushbu belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 11 fevralda “2015-2019 yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2298-sonli qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan, 2015-2019 yillarda 602 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 8,1 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Shu jumladan, “Dangara mega cattle” MCHJda elektrochaynik, “Yevraziya TAPO-Disk” QKda velosipedlar uchun ehtiyot qismlar, “UzMinda” QKda avtomobillar uchun spidometrlar, “UzIrayeKeybl” QKda statorlar uchun emallangan tok o‘tkazgichlar “Avtotraktorradiator” qo‘shma korxonasida teplovozlar uchun radiator, “China Namangan Indastriy” MCHJda elektrodlar, “Jizzax akkumulyator zavodi” AJda xo‘jalik statsionar batareykalar va boshqa ko‘plab turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishi tashkil etiladi.

Buning natijasida, 1225 dan ortiq yangi turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, 13 298 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.

Shuningdek, barcha loyihalar amalga oshirilganda 3508,0 mln.doll. hajmida valyuta mablag‘lari iqtisod qilinadi hamda raqobatbardosh zamonaviy mahsulotlar chet el bozorlariga chiqariladi, ya'ni eksport qilinadi.

Qarorda tabiiy, mineral-xom ashyo, resurslarni qayta ishlash asosida, tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion g‘oyalar va katta hajmdagi sanoat chiqindilarini jalb qilish bo‘yicha 58 ta istiqbolli loyihalar (.zip, 28,4Kb) belgilab olingan.

Tashabbuskorlik bilan investitsiya jalb qilib, yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni xohlagan tadbirkorlar uchun 162 ta o‘zlashtirish uchun tavsiya etilayotgan tayyor mahsulotlar, materiallar va butlovchi buyumlar ro‘yxati (.zip, 31,6Kb) ishlab chiqib tasdiqlangan.

Yuqoridagi loyihalarni amalga oshirish uchun ma'sul idoralarning aniq vazifa va vakolatlari belgilangan.

Mahalliylashtirish dasturini shakllantirish va monitoring bo‘limi bosh mutaxassisi
Fazliddin Ruziyev