“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Baxmal tumanida press-tur tadbirlari tashkil etildi

11/08/2022 - 15:34 1595

“Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda oraliq natijalarni ko‘rib chiqish va ularni keng ommaga yoritish maqsadida joriy yilning 9-avgust kuni Jizzax viloyati Baxmal tumanida press-tur tadbirlari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Birlashtirilgan loyihalarni amalga oshirish guruhi vakillari, tuman hokimligining mutasaddilari hamda jurnalistlar ishtirok etgan press-turning birinchi manzilgohi “Baxmal” mahallasidagi Sangzor daryosini kesib o‘tuvchi ko‘prik bo‘ldi. Yangi barpo etilgan ushbu ko‘prikning uzunligi 32 metrni, kengligi 9 metrni tashkil etadi.

(avvalgi holat)

Ushbu ko‘prikning qurilishi Baxmal qishlog‘ida yong‘in xavfsizligini ta’minlash, aholi va favqulodda vaziyatlar xizmatlarini yil davomida ta’minlash muammosini hal qildi. 

Press-turning keyingi manzilida jurnalistlar “Saroy” mahallasidagi yangi ta’mirlangan hamda jihozlantirilgan maktab binosida bo‘lishdi.

(avvalgi holat)

Ommaviy axborot vositalarining vakillari ushbu mahallada barpo etilgan 30-sonli o‘rta ta’lim maktabining yangi zamonaviy binosi bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

220-o‘ringa mo‘ljallangan ushbu maktab binosi shu yilning yangi o‘quv yiliga topshirilishi rejalashtirilgan.

(avvalgi holat)

Avvallari ushbu maktab o‘rnida, 30-sonli o‘rta ta’lim maktabining filiali mavjud bo‘lib, unda faqat boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tahsil olish imkoniyatiga ega edi.

Maktab binosi yaroqsiz holatga kelgani uchun, 2020-yil dekabr oyida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining Jamoa safarbarligi bo‘yicha mutaxassislarining “Saroy” mahalla aholisi bilan uyushtirilgan ijtimoiy audit tadbirlarida, zamonaviy maktab qurish va jihozlari bilan ta’minlash subloyihasi aholi tomonidan tanlangan edi. Ushbu loyiha doirasida 447838 AQSH dollar mablag‘i ajratilgan.

(avvalgi holat)

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 4-avgust kuni bo‘lib o‘tgan davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida “mahallada bog‘cha, maktab, yo‘l qurish, suv va elektr tarmoqlarini tortib kelish ishlarida aholi faol ishtirok etadigan tizimlar yaratilganligi”alohida to‘xtalib o‘tildi.

Ushbu tamoyil “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining asosiy tamoyillaridan biri hisoblanib, mahalliy boshqaruvda jamoatchilik tomonidan qarorlar qabul qilinishi va mahallada aholining o‘zini-o‘zi boshqarishdagi salohiyatini oshirish borasida eng ilg‘or xorijiy amaliyotlar qishloq aholisi orasida tatbiq etib kelinmoqda.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati