Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakillari bilan uchrashuv
21/06/2022 - 10:21 2932
Joriy yilning 20-iyun sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Iqlim strategiyasi departamenti boshqaruvchi direktori Garri Boyd-Karpenter boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Iqlim strategiyasi va mintaqaviy amalga oshirish departamenti direktori Dmitriy Gvindadze, YTTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos, YTTB Yashil iqtisodiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha yetakchi mutaxassis Anvar Nasritdinov va Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining Yashil iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti direktori O‘tkirjon Xolbadalov, Mashinasozlik (uskunasozlik) va mudofaa sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shoyadbek Babayev va boshqa mas'ul vakillar ishtirok etdilar.

Uchrashuvning asosiy mavzusi doimiy o‘lchash, monitoring qilish va hisobot berishning zamonaviy mexanizmlaridan foydalangan holda metan emissiyasini inventarizatsiya qilish va kamaytirish bo‘yicha milliy dasturni ishlab chiqish istiqbollari hamda elektr transport vositalarini ishlab chiqarish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida tomonlar bugungi kunda energetika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik orqali energetika sohasini rivojlantirishning mumkin bo‘lgan yo‘llari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati