JICA vakillari bilan uchrashuv

12/06/2022 - 09:38 3169

Joriy yilning 10-iyun kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdinazarovning Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari bo‘limi direktori Mishima Kendji boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va protokol xizmati departamenti direktori Shuxrat Matkarimov, Industrial rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i Murodulla Anarbayev, mehmonlar tomonidan mamlakat mutaxassisi Yamaguchi Atsumo, loyihalarni shakllantirish bo‘yicha mutaxassis Toki Norixiro va bosh loyiha koordinatori Sharifzoda Sharipov ishtirok etdilar.

Uchrashuv kun tartibiga Yaponiya tajribasi asosida o‘zbek sanoatida Klaster tizimini ishlab chiqish va uni qo‘llash usullari kiritildi. 

Uchrashuv avvalida, tomonlar bugungi kunda mamlakatimiz sanoatida klaster tizimini shakllantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, mis klasterlari, mashinasozlik va avtomobilsozlik klasterlarini tashkil etishdagi faoliyat, hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar, ularning istiqbollari hamda kelgusida kutilayotgan samarali natijalar yuzasidan fikr almashdilar.

Shu bilan birga, uchrashuv davomida Yaponiya tajribasi asosida o‘zbek sanoatida Klaster tizimini ishlab chiqish, iqtisodiy infratuzilmani yangilash va takomillashtirish, ijtimoiy sektorni qayta tashkil etishga ko‘maklashish, qishloq joylarida hamda sanoatni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati