Janubiy Koreyaning Adju universiteti vakillari bilan uchrashuv

09/06/2022 - 17:56 3396

Joriy yilning 9-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi binosida, vazir o‘rinbosari Bobur Abdinazarov Janubiy Koreyaning Adju universiteti prezidenti Kichu Choy (Keechoo Choi) boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Ma’lumot uchun: Adju universiteti xususiy universitet bo‘lib, Janubiy Koreyaning yetakchi muhandislik universiteti hisoblanadi. Universitetning akademik dasturlari va tadqiqotlarining kuchli tomonlari bu muhandislik, IT, BT (biznes texnologiyalari), NT (tabiiy fanlar va texnologiyalar), tibbiyot, biznes va xalqaro tadqiqotlarini ishlab chiqishidir. Adju o‘zining innovatsion xalqaro dasturlari, shu jumladan, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi, xalqaro yozgi maktab, koreys tili dasturi va chet ellik talabalarni faol qo‘llab-quvvatlashi bilan keng tanilgan va 200 mamlakatda 58 dan ortiq universitetlar bilan hamkorlik qiladi.

        Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi rahbariyati, Koreyaning Adju universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, Toshkentdagi AJOU universiteti vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirning rasmiy qismida tomonlar ilm-fan sohasida, xususan, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va Adju universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar.

Ushbu anglashuv memorandumidan ko‘zlangan asosiy maqsadlar bu hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, IT (MBA in IT) mutaxassisligi bo‘yicha “ikki diplomlik” (double degree) magistratura dasturi, kelgusida qoʻshma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish va ilmiy-amaliy konferensiyalar oʻtkazish hisoblanadi.

        Bu kabi kelishuv va amaliy hamkorlik tomonlar oʻrtasida innovatsion gʻoyalar va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi.

        Bundan tashqari uchrashuv davomida, tomonlar o‘z mamlakatlarida olib borilayotgan islohotlar yuzasidan qisqacha ma’lumot berib, oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish yo‘llarini kelishib oldilar. Shuningdek, oliy ta’lim tizimini rivojlantirishdagi texnologik qulayliklar bu asosiy rivojlanish talablaridan biri ekanligiga urg‘u berildi.

        Tadbirning ikkinchi qismida, delegatsiya vakillari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi binosiga tashrif buyurib, muassasaning salohiyati, moddiy-texnika bazasi, ta’lim jarayonlari, xodimlar, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqishdi. 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati