O‘zbekiston Respublikasi birinchi bor UNIDO tashkilotining Raqobatbardosh sanoat unumdorligi (СIP) indeksi reytingiga kiritildi
08/07/2020 - 17:48 5773
Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi (Competitive Industrial Performance Index, keyingi o‘rinlarda - CIP indeksi)
2003 yildan beri Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni Rivojlantirish Tashkiloti tomonidan hisoblab kelinadi. Ikki yil kechikish bilan har ikki yilda hisobot shaklida chop qilinib boriladi.
Dunyoning 152 mamlakati orasida “Mamlakatlarning raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish qobiliyati”ni o‘lchaydigan CIP indeksi reytingida 92-pog‘onani egallab turgan O‘zbekiston birinchi bor kiritildi.
CIP indeksi tahliliy vosita sifatida
CIP indeksi 152 mamlakat sanoatining raqobatbardoshlik ko‘rsatkichlarini baholaydi va taqqoslaydi. Har bir mamlakatning natijalari CIP indeksining 3 yo‘nalishi bo‘yicha samaradorligini aks ettiradi: (1) sanoat mahsulotlarining ishlab chiqarish va eksport qilish kobiliyati; (2) texnologik chuqurlashtirish va modernizatsiyalash (3) dunyo bozoriga ta'siri. CIP indeksi davlatlararo sanoat raqobatbardoshlikni taqqoslash imkonini beradi.
Birinchidan, indeks mamlakatlarga taqqoslovchi (qiyoslovchi) mamlakatlarni aniqlash imkonini beradi. Raqobatbardoshlikni turlicha yondashuvini ta'minlash uchun CIP indeksi hisobotida sanoatlashtirish bosqichiga, geografik mintaqaga va ko‘rsatkichga qarab turli toifalar bo‘yicha natijalar keltiriladi. Taqqoslovchi (qiyoslovchi) mamlakatlar qo‘shnilarni, to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchilarni, salohiyatli raqobatchilarni yoki eng namunali tajribaga ega bo‘lgan mamlakatlarni o‘z ichiga olishi mumkin. Ularni geografik o‘xshashliklari, ishlab chiqarish omillari yoki ishlab chiqarilgan mahsulot turlari mavjudligi sababli taqqoslash mumkin.
Ikkinchidan, CIP indeksining har uch yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan davlatlar, ularning o‘ziga xos sharoitlarini hisobga olgan holda, taqqoslovchi mamlakatlar uchun mo‘ljal bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Boshqa mamlakatlar yuqori CIP indeksi ko‘rsatkichlariga erishadigan sohalarni aniqlab, kelajakda sanoatni rivojlantirish siyosatini qo‘llab-quvvatlashi va yo‘naltirishi mumkin. Masalan, CIP indeksi ko‘rsatkichi past bo‘lgan mamlakatlarning ishlab chiqarish tarmoqlari mehnat va kapital kabi ishlab chiqarish omillarining samarasiz taqsimlanishi bilan tavsiflanadi.
Uchinchidan, CIP indeksi ushbu kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etish uchun yanada batafsil tahlil qilishda intuitiv ravishda boshlang‘ich nuqta bo‘lib, natijada mamlakat sharoitlariga bog‘liq bo‘lgan maqsadlarni qo‘llash orqali ishlab chiqarish samaradorligi va tarkibiy o‘zgarishlarning keng tarqalishida mo‘ljal bo‘lib xizmat qiladi. Tarkibiy o‘zgarishlar uzoq muddatli jarayon bo‘lganligi sababli, CIP indeksidagi o‘zgarishlar raqobatbardoshlikni oshirishga yo‘naltirilgan siyosat amalga oshirilgandan so‘ng bir necha yil o‘tgach aks ettirilishi mumkin.
Ta'kidlash joizki, CIP indeksi ko‘rsatkichlari BMTning Barqaror Rivojlanish bo‘yicha 9 - Barqaror infratuzilmani yaratish, inklyuziv va barqaror sanoatlashtirish hamda innovasiyalarni rag‘batlantirish maqsadiga kiritilgan. Shuningdek, 2018 yil CIP indeksi hisobotida birinchi marta sanoat ishlab chiqarishning atrof-muhitga ta'sirini aks ettiruvchi indeksning yangi yo‘nalishi kiritilgan. CO2 chiqindilari ko‘proq bo‘lgan mamlakatlar to‘g‘rilangan CIP indeksida o‘z o‘rnilarini pasaytirmoqda, bu shubhasiz atrof-muhit va kelajak avlod haqida qayg‘uradigan har bir mamlakat sanoatining rivojlanishiga siyosiy jihatdan ta'sir qiladi.
O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot
va kambag'allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati