Vazirlikda “Urbanizatsiya konsepsiyasi 2030 va Barqaror taraqqiyotning milliy maqsadlari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi
17/04/2019 - 15:50 8076
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligida “Urbanizatsiya konsepsiyasi 2030 va Barqaror taraqqiyotning milliy maqsadlari” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Urbanizatsiya agentligi, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti hamda Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining 2018-yil 28-dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida mamlakatimizda urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish asosiy maqsadlardan biri ekanligini alohida ta'kidlab, uning darajasini 2030-yilgacha 60 foizga yetkazish vazifasini strategik maqsad sifatida belgilab berdilar.
2019-yil 10-yanvarda mamlakatimizda davlat tomonidan urbanizatsiyani maqsadli tartibga solish va shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar va kompleks chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Urbanizatsiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizatsiya agentligi tashki qilindi. Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasida 2030-yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirildi.
Urbanizatsiya sohasida xalqaro tajribani chuqur o‘rganish hamda urbanizatsiya siyosatini barqaror taraqqiyotning milliy maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish bugungi kunda o‘ta muhimligini hisobga olib, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Birlashgan millatlar tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda BMTning O‘zbekistondagi ekspertlar missiyasi tashkil etildi.
Bugungi tadbirda Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Urbanizatsiya agentligining direktori Jasur Aripov hamda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Tursun Ahmedovlar so‘zga chiqib, ishlab chiqilayotgan Konsepsiya borasida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Davra suhbatida shuningdek, missiya ishtirokchilaridan: BMTning aholi punktlari bo‘yicha Dasturining mintaqalararo maslahatchisi Katey Sheyfer, Shaharlar iqtisodiyoti instituti shahar xo‘jaligi departamentining turar joy qurilishi sektori boshlig‘i Irina Gentsler, Sankt-Peterburg davlat universiteti atrof-muhit xavfsizligi va hududlarning barqaror taraqqiyoti kafedrasi mudiri Nikolay Bobilev hamda Moskva shahridagi BMT-Xabitatning Loyihalarni muvofiqlashtirish byurosi rahbari Tatyana Xabarovalar so‘zga chiqib, shahar rivojlanishining turli sohalarida, ya'ni uy-joy xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik, transport va yo‘llar, ekologiya va boshqa muhim yo‘nalishdarda jahon tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbirda O‘zbekistondagi xalqaro tashkilotlar vakillari, vazirlik va idoralar, ilmiy institutlarning mas'ul xodimlari, mustaqil ekspertlar, nodavlat va notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Axborot xizmati