Qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri baholanadi

05/12/2014 - 12:30 13409

Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 2-dekabrdagi “Qonun hujjatlarining tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2015-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga ta’sir etadigan barcha normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari tegishli tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida muhokama qilish va tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash uchun joylashtiriladi.

Buning uchun joriy yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasining Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni muhokama qilish va tadbirkorlik faoliyatiga ta’sirini baholash bo‘yicha maxsus bo‘lim tashkil etiladi.

Muhokama ishtirokchilari tomonidan berilgan takliflar tegishli loyiha va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiquvchilar – davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ko‘rib chiqilishi shart.

Qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 4-bandiga muvofiq, quyidagilarni nazarda tutuvchi ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihalari muhokama qilinishi va ularning tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri baholanishi kerak:

- tadbirkorlik subyektlariga yangi cheklovlar va yangi turdagi ruxsat berish tartib-taomillari, litsenziyalar joriy qilish yoki mavjud cheklov, ruxsat berish tartib-taomillari va litsenziyalanadigan faoliyat turlarini tadbirkorlik subyektlarining yanada kengroq doirasiga tatbiq qilish;

- ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni yoki litsenziyalarni olish uchun qo‘shimcha talablar va shartlarni joriy etish;

- tadbirkorlik subyektlari tomonidan ancha xarajatlar qilishga olib kelishi mumkin bo‘lgan talablar (shartlar)ni joriy etish;

- tadbirkorlik subyektlari – yuridik shaxslar ustav kapitalining eng kam miqdoriga nisbatan talablarni oshirish;

- tegishli sohadagi tadbirkorlik subyektlarining 30 va undan ortiq foizining huquq va qonuniy manfaatlariga ta’sir ko‘rsatish;

- tadbirkorlik subyektlarining belgilangan huquqlarini qisqartirish (kamaytirish) yoki qo‘shimcha majburiyatlar joriy qilish;

- tadbirkorlik subyektlari uchun yangi turdagi javobgarlik choralarini joriy qilish;

- tadbirkorlik subyektlariga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar va boshqa turdagi imtiyoz, kafolat va preferensiyalar belgilash, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga yangi huquqlar berish.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni baholash ular tartibga soladigan tegishli yo‘nalish va masalalarni yanada takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish va qisqartirish maqsadida:

qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning ishlab chiquvchilari tashabbusi bilan;

tadbirkorlik subyektlari birlashmalarining takliflariga asosan;

davlat va boshqa vakolatli organlarning o‘z vakolati doirasiga kiritilgan tegishli yo‘nalish va masalalar yuzasidan takliflari, shuningdek ular tomonidan tartibga solinadigan masalalar bo‘yicha tadbirkorlik subyektlarining asoslantirilgan jamoaviy murojaati;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli topshiriqlari asosida amalga oshirilishi mumkin.

Nizomga muvofiq, quyidagi normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri baholanmaydi:

davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida qabul qilinadigan;

ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirilgan;

amaldagi qonunchilik qoidalarini yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha;

mazkur Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan mezonlarga javob bermaydigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari.

Ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi uning manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishish jarayoni boshlanishidan oldin – majburiy tarzda, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat muhokamasi esa – u kuchga kirgandan so‘ng kamida bir yildan so‘ng o‘tkaziladi.