Maxsus huquqiy rejim bo‘yicha bilimlar almashish loyihasi

25/11/2022 - 18:14 2958

Korea Development Institute (KDI) tashkilotining KSP 2022–2023-yillar (Knowledge Sharing Program) dasturi doirasida O‘zbekiston uchun FinTech sohasi bo‘yicha tanlab olingan “Tartibga solish maxsus rejimi va texnologik prognozlash amaliyotini ishlab chiqish hamda tashkil etish usullari” (Methods for Organizing and Developing the Practice of Regulatory Sandbox) loyihasi amalga oshirilmoqda.

*Ma'lumot uchun: (Regulatory Sandbox) Tartibga soluvchi qum qutisi-amaldagi Qonunchilik bilan tartibga solinmagan texnologiyalarni eksperimental ravishda joriy etish uchun maxsus huquqiy rejim. Qum qutilari mexanizmi quyidagicha ishlaydi: tanlangan mintaqada uch yilgacha ular umumiy huquqiy tartibga solishdan istisno qilinadigan zonani yaratadilar.

Mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha joriy yilning 17-oktabr kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda KDI tashkiloti o‘rtasida faoliyatni tashkillashtirish – “Activity Arrangement” hujjati imzolangan.

Loyiha O‘zbekistonda maxsus huquqiy rejim (Regulatory Sandbox) qo‘llanilishining joriy holatini baholash, FinTech sohasida “Regulatory Sandbox”ning joriy holatini tahlil qilish va ustuvorliklarni belgilash hamda “Regulatory Sandbox”ni amalga oshirish va boshqarish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan.

Joriy yilning 22–25-noyabr kunlari Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida loyiha doirasida tegishli vazirlik va idoralar hamda KDI tashkiloti vakillari ishtirokida dastlabki uchrashuv seminarlari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu uchrashuv seminarlari davomida quyidagi tadbirlar amalga oshirilmoqda:

-             KSP 2022–2023 O‘zbekiston dasturining rasmiy ochilishi;

-             Tegishli vazirlik va idoralarning vakillari bilan loyiha tadqiqoti mavzularini muhokama qilish;

-             “Tartibga solish maxsus rejimi va texnologik prognozlash amaliyotini ishlab chiqish hamda tashkil etish usullari” mavzusidagi mazkur KSP loyihasi bo‘yicha seminarlar va tadqiqotlar o‘tkazish, ma’lumotlar almashish va chuqur tahliliy o‘rganish, tavsiya va hisobotlar tayyorlash uchun qator vazirlik va idoralardan tegishli sohalarda chuqur bilim va tajribaga ega mutaxassislar (konsultantlar) jalb etish.

Mazkur loyihaning rasman ochilishi va tegishli mutaxassislar ishtirokida seminarlar o‘tkazish maqsadida Koreyadan KDI tashkiloti mutaxassis-ekspertlaridan iborat delegatsiya tashrif buyurgan.

 

 Iqtisodiy taraqqiyot va kambagallikni qisqartirish vazirligi 

Axborot xizmati