“Berlin Economics” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv

24/11/2022 - 18:12 2771

Joriy yilning 23-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov “Berlin Economics” kompaniyasining iqlim o‘zgarishini yumshatishni sarmoyalash hamda xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha konsultanti Yost de Yager bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda “Berlin Economics” kompaniyasi konsultanti Voldemar Volter, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Obidxo‘jayev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va protokol xizmati departamenti direktori Shuhrat Matkarimov, Yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Quvonchbek Mustafoyev hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida birinchi yo‘nalishda yashil transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, iqlim o‘zgarishi ta’sirlarini yumshatish, yashil va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish, suv resurslaridan samarali foydalanish, ikkinchi yo‘nalishda logistika sohasi, xususan, transport sohasini rivojlantirish, sohadagi davlat ishtirokidagi kompaniyalarni xususiylashtirish, shuningdek, uchinchi yo‘nalishda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, xususan, yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlar hududlar ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilayotgan master-rejalar, xususan, xizmatlar sohasini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarida axborot-texnologiyalari samaradorligini oshirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashdilar.

Ma’lumot uchun: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va “Berlin Economics” kompaniyasi sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, xususan, mashinasozlik, mis, tog‘-kon sanoati, energiya samaradorligini oshirish sohalarida yaqindan hamkorlikni olib boradi hamda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan muntazam fikrlar almashinuvi tashkil etiladi. (Ushbu havolalar orqali tanishishingiz mumkin: havola 1/havola 2)

Uchrashuv so‘ngida tomonlar yuqoridagi muhokama masalalari keyingi bosqichdagi o‘zaro hamkorlik aloqalarining asosiy yo‘nalishi bo‘lib xizmat qilishiga kelishib oldilar.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati