“MEDEF International” – Fransiya Korxonalari harakati delegatsiyasi bilan uchrashuv

08/07/2022 - 17:14 3097

Joriy yilning 6-iyul kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambagcallikni qisqartirish vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov “MEDEF International” – Fransiya Korxonalari harakati ishbilarmonlar kengashi raisi Klod Imovin boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonullo Nasritdinxodjayev, Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Zokir Bozorov ishtirok etdilar.

Delegatsiya tarkibiga Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushez xonim, “MEDEF International” – Fransiya Korxonalari harakati bosh direktorining o‘rinbosari Jeraldin Lamble, “Alstom” kompaniyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha katta vitse-prezidenti Filipp Dellyur, Airbusning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo strategiyasi bo‘yicha vitse-prezidenti Jak Garrig va “Axelcium”, “EDF”, “Alstom”, “Meridiam”, “Roma” va “Suez” kabi fransuz kompaniyalarining boshqa vakillari kirdi.

O‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, xususan, energetika, transport, infratuzilma va boshqa qator yo‘nalishlardagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish ushbu uchrashuvning ustuvor masalalari bo‘ldi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston tomoni mehmonlarni makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha joriy holat va kutilayotgan prognozlar bilan tanishtirib, turizm, energetika, ichimlik suvi ta’minoti va boshqa sohalarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi fransuz biznes tashkilotlari vakillari amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan qo‘shma loyihalar, xususan, O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish, temir yo‘llarni rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish loyihalari, davlat-xususiy sheriklik ishtirokidagi qo‘shma loyihalar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston tomoni O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor bo‘lgan har bir fransuz ishbilarmon tashkilotini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi hamda tomonlar yuqoridagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha ham kelishuvga erishdi. 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati