Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ta’lim siyosati bo‘yicha vakili bilan uchrashuv

13/04/2022 - 16:52 3739

Joriy yilning 12-aprel sanasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibining ta’lim siyosati bo‘yicha maxsus maslahatchisi, Ta’lim va ko‘nikmalar departamenti direktori Andreas Shlyaxer bilan uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuvda Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulug‘bek Tashkenbayev, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Inson kapitalini rivojlantirish va demografiya jarayonlarini muvofiqlashtirish departamenti direktori Azamat Davletyarov, Moliya vazirligi Talim, fan va madaniyat tarmoqlarida byudjet siyosati departamenti direktori Adham Eshchanov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdilar.

        Uchrashuv davomida O‘zbekistonda ta’lim sohasi rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlar, barcha sohalar, xususan, iqtisodiyot rivojida ta’limning o‘rni, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va mamlakatimiz o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik, ta’lim xalqaro baholash tizimlari, xususan, “PISA” dasturidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

        Shuningdek, uchrashuvda ta’lim tizimi rivojlangan davlatlar tajribasi, o‘qitishda yangi yondashuvlardan foydalanish, aniq maqsadlar belgilab olish, o‘quvchilarda amaliy ko‘nikmalar, fikrlash va yaratuvchanlik qobiliyatlarini rivojlantirishning ahamiyati, O‘zbekistonda raqamlashtirish jarayonlari yuzasidan fikr almashdilar.

        Uchrashuv so‘ngida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishga kelishib oldilar.

 

        Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

        Axborot xizmati