Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonlarini xususiylashtirish va urbanizatsiya, uy-joy qurilishi va muhandislik tarmoqlari bo‘yicha ishchi guruhlar vakillarining Jahon banki guruhi ekspertlari bilan uchrashuvi
01/02/2022 - 19:43 3760
Joriy yilning 31-yanvar kuni Jahon bankining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan hamkorlik Dasturi (keyingi o‘rinlarda - Hamkorlik dasturi) loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilish (onlayn shaklda) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag’allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Adiz Boboyev, Jahon banki Guruhining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va boshqalar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ishtirokchilar shahar va qishloqlarda aholi turmush darajasini yaxshilash, iqtisodiy o‘sishning drayverlari bo‘yicha o‘zaro tajriba va axborot almashish zarurligini ta’kidladilar.

Marco Mantovanelli quyidagi 3 ta asosiy yo‘nalish asosida Hamkorlik dasturini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi:
- xususiy sektorda inklyuziv bandlikni oshirish (davlat korxonalarini tarkibiy o‘zgartirishni jadallashtirish, shuningdek, biznes va raqobatni yaxshilash bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish, yer va kapitalning iqtisodiy o‘sishga unumli hissasini oshirish, xususiy sektor va agrobiznesni rivojlanishiga ko‘maklashish va boshqalar);

- inklyuziv va samarali bozor iqtisodiyoti uchun inson kapitalini rivojlantirish (sifatli ta’lim, yanada samarali, inklyuziv va barqaror sog‘liqni saqlash va suv xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, ijtimoiy himoya tizimi va inklyuziv mehnat bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirish);
- farovonlikni oshirish uchun “yashil” iqtisodiyotning o‘sishi (tabiiy resurslardan samarali foydalanish).
Shuningdek, transport, energetika, suv taʼminoti sohalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi hamda ularni yangi Hamkorlik dasturi loyihasiga kiritish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shu bilan birga, tadbirda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ustuvor yo‘nalishlardagi islohatlar yuzasidan fikr almashildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati