Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Inson kapitalini mamlakatimizda rivojlantirishga qaratilgan loyiha yuzasidan LSE (London School of Economics and Political Science) universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

22/10/2021 - 20:13 3846

Joriy yilning 22-oktabr sanasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov “London School of Economics” universitetining Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshida alohida LSE ta’lim dasturlari asosida o‘qitish loyihasi rahbari, professor Gavin Kretzschmar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

        Uchrashuv davomida, LSE tomonidan taklif etilayotgan hamkorlik yo‘nalishlari, xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshida alohida LSE ta’lim dasturlari asosida o‘qitish markazini tashkil etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatish, loyiha moliyaviy barqarorlikka erishguniga qadar moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shartnomalar bo‘yicha to‘lovlarning hamkorlar o‘rtasida o‘zaro taqsimoti, davlat grantlarini ajratish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.

        Shuningdek, uchrashuvda tomonlar LSE tomonidan amalga oshiriladigan loyiha bo‘yicha vazirlik takliflari, shu jumladan, LSE tomonidan loyihani rivojlantirish yo‘nalishlari, va istiqboldagi rejalar, loyihani amalga oshirish doirasida xorijdan jalb etiladigan mutaxassislar soni, mavjud muammolar va moliyaviy xarajatlar, yillik talabalar qabul qilish prognozlari, kelgusida magistratura bosqichini tashkil etish istiqbollari, loyiha doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining o‘quv-metodik dasturlarini va o‘qitish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlar borasida fikr almashdilar.

        Uchrashuv so‘nggida, tomonlar yuqorida qayd etilgan masalalar yuzasidan hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.

 

        Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

        Axborot xizmati