O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori
28/03/2018 - 10:18 21045
Qaror va uning ilovalari bilan Lex.uz sahifasida tanishing
Ariza beruvchi-uy quruvchining 2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida» 2016-yil 21-oktyabrdagi PQ-2639-son, «Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2017-yil 2-martdagi PQ-2812-son hamda «2018-yilda uy-joy qurilishini rivojlantirish maqsadli dasturlarini samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018-yil 18-yanvardagi PQ-3480-son qarorlarini bajarish yuzasidan, shuningdek, qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurishda ishtirok etuvchi potensial uy quruvchilarni tanlab olish mexanizmini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ariza beruvchi — uy quruvchining 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining «Ariza beruvchi — uy quruvchining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyalari asosida 2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2016-yil 24-noyabrdagi 393-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 11-son, 106-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 9-fevral,
103-son
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 fevraldagi 103-son qaroriga
ILOVA
Ariza beruvchi — uy quruvchining 2017 — 2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktyabrdagi PQ-2639-son qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) doirasida tegishli tuman hokimligi huzurida tashkil etiladigan talabgorlarni tanlash komissiyasi tomonidan aniqlanadigan potensial uy quruvchilarning qishloq joylarda arzon uy-joylarga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojlaridan va Dastur doirasida potensial uy quruvchilarning ijtimoiy ustuvorligidan kelib chiqib, qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish uchun uy quruvchilarni tanlab olish va ularning ishtirok etishi tartibini belgilaydi.
2. Agar Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish uchun jalb etilgan xorijiy kreditlar va grantlarni berish shartlarida ushbu Nizomda nazarda tutilgan qoidalardan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro va xorijiy moliyaviy tashkilotlarning tegishli amal qiluvchi hujjatlarida belgilangan qoidalar qo‘llaniladi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oila — boshqa oila yoxud boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) birgalikda yashovchi oila; ko‘p bolali oilalar; to‘liq bo‘lmagan oilada bolani (bolalarni) tarbiyalayotgan onalar (otalar); daromadi yuqori bo‘lmagan oila; tarkibida birinchi guruh nogironi bo‘lgan yoxud surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va qonun hujjatlariga muvofiq alohida xonada yashashga ehtiyoj sezuvchi shaxs bo‘lgan oila, shuningdek uy-joy maydoni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kv.metrdan kam bo‘lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv.metrdan kam bo‘lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq bo‘lmagan oilalar;
daromadi yuqori bo‘lmagan oila — bir oydagi jami daromadi har bir oila a'zosiga belgilangan eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorigacha to‘g‘ri keladigan oila;
Komissiya — tegishli tuman hokimligi huzurida tashkil etiladigan va kamida to‘qqizta a'zoni o‘z ichiga olgan, jumladan, tuman hokimi, tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi rahbari, tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, Xotin-qizlar qo‘mitasi tuman bo‘linmasi raisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tuman kengashi raisi, tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi rahbari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi vakilidan iborat talabgorlarni tanlash bo‘yicha doimiy ishlaydigan komissiya. Komissiya ishiga kuzatuvchilar sifatida ishtirok etuvchi tijorat bankining filiali boshqaruvchisi, injiniring kompaniyasi filialining direktori, tegishli fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi yoki ular tomonidan vakil qilingan shaxslar jalb qilinishi mumkin;
ariza beruvchi — qishloq joylarda doimiy yashovchi va uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Dasturda ishtirok etish uchun yozma tavsiya olish uchun Komissiyaga ariza bergan uy-joyga muhtoj bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarosi;
Dasturda ishtirok etish uchun ariza va hujjatlar taqdim etilishining oxirgi sanasi — keyingi yilda Dasturda ishtirok etish istagini bildirgan barcha ariza beruvchilarning ro‘yxatini shakllantirishi uchun har yillik asosida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadigan Dasturda ishtirok etish uchun ariza taqdim etilishining oxirgi sanasi;
ijtimoiy mezonlar — Komissiya tomonidan ariza beruvchilarni tanlash va Dasturda ishtirok etishda ularning ijtimoiy ustuvorligini belgilash uchun foydalaniladigan ariza beruvchilarning ijtimoiy va uy-joy sharoitlarining asosiy ko‘rsatkichlari;
ballar — Komissiya tomonidan ariza beruvchilarni tanlash va Dasturda ishtirok etishda ularning ijtimoiy ustuvorligini belgilash uchun foydalaniladigan ijtimoiy mezonlar baholanishi;
talabgor — uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Dasturda ishtirok etish uchun Komissiyaning yozma tavsiyasini olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
uy-joy quruvchi — qishloq joylarda doimiy yashovchi, Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish uchun belgilangan tartibda buyurtmani rasmiylashtirgan, unga nisbatan ishtirok etuvchi tijorat bankining Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joy qurish uchun ipoteka krediti berish to‘g‘risida ijobiy qarori qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi;
injiniring kompaniyasi — Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joy qurish uchun uy quruvchi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha buyurtmachi funksiyasini bajaruvchi «Qishloq qurilish invest» IK» MCHJ;
ishtirok etuvchi tijorat banklari — Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurishni moliyalashtirishda ishtirok etuvchi tijorat banklari;
yer massivi — tegishli aholi punkti uchun ishlab chiqilgan bosh reja asosida Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar hamda ijtimoiy, muhandislik va ishlab chiqarish infratuzilmasi ob'yektlari qurish uchun injiniring kompaniyasiga beriladigan yer uchastkalari;
Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar — Dastur doirasida barcha namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilishi mo‘ljallangan uy-joylar;
yozma tavsiya — uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida Dasturda ishtirok etish uchun ariza beruvchiga Komissiya tomonidan beriladigan yozma tavsiya.
4. Komissiyaning tavsiyalari asosida uy-joy quruvchilarning Dasturdagi ishtiroki ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.
2-bob. Talabgorlarni tanlab olish va ijtimoiy ustuvorlik asosida ularga yozma tavsiyalar berish tartibi
5. Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurishda talabgorlarni tanlab olish Komissiya tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilalarni dastlabki tanlash bo‘yicha tizimning shaffofligi va ishonchliligi tamoyilidan kelib chiqib amalga oshiriladi.
6. Ariza beruvchi yozma tavsiyani olish uchun doimiy yashash joyi bo‘yicha Komissiyaga ariza beruvchining ushbu Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan ijtimoiy mezonlarga muvofiqligini tasdiqlaydigan ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq hujjatlar ilova qilingan 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha anketa-arizani (keyingi o‘rinlarda ariza deb ataladi) Komissiya raisining nomiga taqdim etadi.
7. Ariza beruvchi Komissiyaga taqdim etiladigan hujjatlarning ishonchliligi uchun javob beradi.
8. Hujjatlar Komissiyaning vakolatli shaxsi tomonidan ro‘yxat bo‘yicha qabul qilinadi, uning nusxasi hujjatlar qabul qilingan sana to‘g‘risida belgi qo‘yilgan holda tilxat bilan ariza beruvchiga topshiriladi. Vakolatli shaxs tuman hokimi qarori bilan tayinlanadi.
9. Arizalar hisobi alohida ro‘yxatdan o‘tkazish jurnalida (keyingi o‘rinlarda jurnal deb ataladi) yuritiladi. Jurnal raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va Komissiyaning vakolatli shaxsi tomonidan muhrlangan bo‘lishi kerak (jurnalning namunaviy shakli ushbu Nizomga 4-ilovada keltirilgan).
Har bir arizaga jurnalda takrorlanmaydigan ro‘yxatdan o‘tkazish raqami beriladi. Arizalar jurnalga ketma-ketlikda, ular olinishiga qarab kiritilishi kerak.
Arizani jurnalda dastlab ro‘yxatdan o‘tkazmasdan ko‘rib chiqish taqiqlanadi. Komissiya arizalarni ularning jurnalda qayd etilishi navbatliligiga ko‘ra ko‘rib chiqishi shart.
10. Ariza va taqdim qilingan hujjatlar ariza beruvchilarning ijtimoiy ustuvorligini aniqlash maqsadida Komissiya tomonidan mazkur Nizomning talablariga muvofiqligi yuzasidan Dasturda ishtirok etish uchun ariza va hujjatlar taqdim etilishining oxirgi sanasi tugagan kundan boshlab 15 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi. Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha ijtimoiy ustuvorlik mezonlari asosida tanlov natijalari to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi.
Dasturda ishtirok etish uchun ariza va hujjatlar taqdim etilishining oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim qilingan arizalar ko‘rib chiqilmaydi va keyingi yilda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
11. Arizani ko‘rib chiqish va ariza beruvchilarning ijtimoiy ustuvorligini aniqlashda Komissiya tomonidan quyidagi ijtimoiy mezonlar hisobga olinadi:
a) ariza beruvchida mulk huquqi bilan turar joyning yo‘qligi va turar joyda ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz turar joyda yashashi;
b) boshqa oila yoxud boshqa oilalar bilan bir uyda (bir kvartirada) yashashi;
v) ko‘p bolali;
g) ariza beruvchi oilasining daromadi;
d) bir yoki undan ko‘p bola ota-onalardan biri (to‘liq bo‘lmagan oila) tomonidan tarbiyalanishi va boqilishi;
ye) ariza beruvchining oila a'zolari orasida surunkali kasallikning og‘ir turlaridan azob chekuvchi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq alohida xonada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslarning mavjudligi;
j) ariza beruvchining oila a'zolari orasida birinchi guruh nogironi mavjudligi;
z) uy-joy maydonining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan (bir shaxs uchun umumiy uy-joy maydoni 16 kv.metrdan kam bo‘lmagan, kursi-kolyaskadagi nogironlar uchun 23 kv.metrdan kam bo‘lmagan) uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi.
12. Komissiya ushbu Nizomning 10-bandida ko‘rsatilgan muddat ichida ariza beruvchining uy-joy sharoitlarini ushbu Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganadi va ushbu Nizomga 5-ilovada nazarda tutilgan ijtimoiy mezonlardan kelib chiqib ariza beruvchining ijtimoiy ustuvorligini belgilaydi.
Ariza beruvchining uy-joy sharoitlarini o‘rganish va ijtimoiy ustuvorligini belgilash yakunlari bo‘yicha ariza beruvchida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoj amalda mavjudligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida ijtimoiy ustuvorlikni belgilash yakunlari bo‘yicha olingan ballarni ko‘rsatgan holda tekshirish dalolatnomasi tuziladi (namunaviy shakli ushbu Nizomga 6-ilovaga muvofiq).
13. Tekshirish dalolatnomasi ikki nusxada tuziladi, uning bir nusxasi imzo qo‘ydirilgan holda ariza beruvchiga beriladi.
14. Arizani ko‘rib chiqish va uy-joy sharoitlarini o‘rganish natijalari bo‘yicha Komissiya bir ish kuni mobaynida ariza beruvchiga keyinchalik injiniring kompaniyasining va ishtirok etuvchi tijorat bankining filiallariga taqdim etish uchun ushbu Nizomga 7-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha yozma tavsiya beradi yoki ariza beruvchini rad etishning aniq sabablarini ko‘rsatgan holda yozma tavsiya berilishi rad etilishidan yozma shaklda xabardor qiladi.
15. Yozma tavsiya Komissiya tomonidan ariza beruvchiga ikki nusxada beriladi.
Bir nusxasi talabgor tomonidan uning dastlabki shartnomani tuzish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish uchun injiniring kompaniyasining filialiga taqdim etiladi, ikkinchi nusxa esa talabgor tomonidan doimiy yashash joyi bo‘yicha ishtirok etuvchi tijorat bankining tegishli filialiga beriladigan ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinadi.
16. Komissiya yozma tavsiyaning to‘g‘riligi va o‘z vaqtida berilishi, shuningdek, uni berishning asossiz ravishda rad etilishi uchun javob beradi.
17. Quyidagi hollarda yozma tavsiya berish ariza beruvchiga rad etilishi mumkin:
a) ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilishi;
b) hujjatlar Dasturda ishtirok etish uchun ariza va hujjatlar taqdim etilishining oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etilishi;
v) taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan ma'lumotlar mavjudligi;
g) ariza beruvchining uy-joy sharoitlarini, shu jumladan, uning ushbu Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan ijtimoiy mezonlarga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish yakunlari bo‘yicha tuzilgan tekshirish dalolatnomasida ariza beruvchida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoj yo‘qligi holatining asosli ko‘rsatilishi;
d) Dastur va qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish dasturlari doirasida ilgari qishloq joylarda arzon uy yoki yakka tartibdagi uy olgan uy quruvchining va/yoki uning oila a'zolari (eri, xotini, ota-onasi, farzandlari)ning takroriy murojaati.
18. Ushbu Nizomning 17-bandida ko‘rsatilmagan boshqa asoslar bo‘yicha yozma tavsiya berish rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
19. Yozma tavsiya berish rad etilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Komissiya rad etishning aniq sabablarini va ariza beruvchi ko‘rsatilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddatni ko‘rsatgan holda ariza beruvchiga bir ish kuni mobaynida yozma bildirishnoma yuboradi (topshiradi).
Ariza beruvchi yozma tavsiya berish rad etilishining sabablarini bartaraf etishga va hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishga haqli bo‘lgan muddat yozma tavsiya berish rad etilishi to‘g‘risidagi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab besh ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
20. Yozma tavsiya berish rad etilishi to‘g‘risidagi yozma bildirishnomada ko‘rsatilgan muddat tamom bo‘lgandan keyin ariza beruvchi tomonidan berilgan ariza ko‘rib chiqilmaydi.
21. Yozma tavsiya berish rad etilgan va arizalari ushbu Nizomning 20-bandi asosida ko‘rib chiqilmagan ariza beruvchilar ushbu Nizomning 6-bandiga muvofiq yozma tavsiya berish to‘g‘risidagi takroriy arizani keyingi yilda berishga haqlidir.
3-bob. Talabgorlarning arizalari ko‘rib chiqish tartibi
22. Tuman (shahar) hokimining Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish uchun yer uchastkasini injiniring kompaniyasiga berish to‘g‘risidagi qarori qabul qilingandan keyin tanlab olingan yer massivlari, potensial uy quruvchilarni tanlash va ijtimoiy ustuvorligini belgilash jarayonida ko‘rib chiqiladigan ijtimoiy mezonlar, ariza va hujjatlar taqdim qilish jarayonlari va muddatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar injiniring kompaniyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali mahalliy aholi e'tiboriga yetkaziladi.
23. Injiniring kompaniyasining filiali Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish xohishini bildirgan talabgorlarning arizalarini qabul qiladi va ko‘rib chiqadi hamda Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 26 oktyabrdagi 280-son qarori bilan tasdiqlangan «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan talablar va muddatlar asosida ular bilan dastlabki shartnomalarni tuzadi.
24. Injiniring kompaniyasining filiali bilan dastlabki shartnomalarni tuzgan talabgorlar ishtirok etuvchi tijorat bankining tegishli filialiga ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladilar.
25. Ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi arizada talabgor qurilish uchun ipoteka krediti olishni mo‘ljallayotgan Dastur doirasida qishloq joylarda arzon uy-joylarning turi ko‘rsatilishi kerak. Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
a) yozma tavsiya;
b) kredit olishning maqsadi, ta'minlanganligi, kredit muddati va summasi ko‘rsatilgan holda ipoteka krediti olishga buyurtmanoma;
v) talabgor (birgalikda qarz oluvchi)ning pasporti nusxasi;
g) yashash joyidan oila tarkibi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;
d) talabgor (birgalikda qarz oluvchi)ning moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar;
ye) dastlabki badal jamg‘arma omonat hisob raqamiga joylashtirilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;
j) injiniring kompaniyasining filiali bilan tuzilgan dastlabki shartnomaning nusxasi.
26. Ishtirok etuvchi tijorat bankining filiallari Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 25 maydagi 148-son qarori bilan tasdiqlangan Yakka tartibda hamda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yangi tiplardagi arzon uy-joylar qurilishida qatnashuvchi tijorat banklari — «Qishloq qurilish bank» ATB, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, «Ipoteka bank» ATIB, AT «Xalq banki», «Asaka bank» ATB va «O‘zsanoatqurilishbank» ATB tomonidan imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda va Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 26 oktyabrdagi 280-son qarori bilan tasdiqlangan «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan talablarga va muddatlarga muvofiq talabgorlarning ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi arizalarini ko‘rib chiqadi.
27. Talabgorlarni tanlashda ishtirok etuvchi tijorat bankining filiali Komissiya tomonidan belgilangan ijtimoiy ustuvorlikni va yozma tavsiyani e'tiborga olgan holda talabgorlarning kreditga layoqatini baholaydi.
Bunda talabgorlarning ipoteka krediti olishi to‘g‘risidagi buyurtmanomasining birinchi navbatdagi huquqi va navbat tartibi (ketma-ketligi) Komissiyaning yozma tavsiyasida ko‘rsatilgan balldan kelib chiqib belgilanadi. Eng yuqori ball olgan talabgorning arizasi kreditga layoqatini baholanayotganda birinchi darajali navbatga ega bo‘ladi.
28. Talabgorlarning kreditga layoqatini baholash natijalari asosida ishtirok etuvchi tijorat bankining filiali bankning unga ipoteka krediti berishni ma'qullashi yoki rad etishi to‘g‘risidagi qarori haqida talabgorga yozma ravishda xabar qiladi.
29. Talabgor (birgalikda qarz oluvchi)ning kreditga layoqati yetarli bo‘lmaganda ipoteka kreditini olish huquqiga keyingi talabgor uning ijtimoiy ustuvorligi baholanishidan kelib chiqib va kreditga layoqatini baholash talablariga javob beraoladigan talabgor ega bo‘ladi.
30. Ipoteka krediti berish rad etilgan talabgorlar keyingi yilda belgilangan tartibda ipoteka krediti berish to‘g‘risida takroran ariza berishga haqlidir.
4-bob. Yakunlovchi qoida
31. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Qaror va uning boshqa ilovalari bilan Lex.uz sahifasida tanishing