O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi
23/02/2016 - 19:42 14736
O‘zbekiston Respublikasining «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining «2016-2018 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, shuningdek elektron tijorat sohasida munosabatlarni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi QAROR QILADI:
1. O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
axborot tizimlaridan foydalangan holda tuzilgan shartnomalar tomonlarning yozma ravishda tuzilgan va imzolangan, jumladan muhr bilan tasdiqlangan shartnomalar bilan bir xil kuchga ega;
fuqarolarga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida tegishli bo‘lgan avtomototransport vositalarida tovarlarni yetkazib berishni amalga oshirish uchun litsenziya talab etilmaydi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);
qonun tomonidan belgilangan holatlardan tashqari;
elektron tijorat shaklida tovarlarni yetkazib berish, ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatishda alohida buxgalteriya hisobotini yuritish talablarini belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga elektron tijoratni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi veb-saytlar va boshqa elektron resurslarning doimiy yangilanib turuvchi yagona reyestrini shakllantirish yuklatilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Yuridik va jismoniy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishni hamda ular tomonidan savdo faoliyati amalga oshirilishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2002 yil 26 noyabrdagi 407-sonli qarori 1-bandining ikkinchi xatboshisidan “shuningdek elektron tijoratga nisbatan” so‘zlari chiqarib tashlansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy ichida:
amaldagi qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev
Vazirlar Mahkamasining 2016 yil "___________________" "____" - son qaroriga ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat qoidalari
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat qoidalari (keyingi o‘rinlarda Qoidalar deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi «Elektron tijorat to‘g‘risida», «Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida»gi qonunlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida elektron tijorat shaklida tovarlarni sotish, xizmatlarni ko‘rsatish va ishlarni bajarishni tartibga soladi.
2. Ushbu qoidalar quyidagilarga nisbatan tatbiq etilmaydi:
O‘zbekiston Respublikasining davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchiligi asosida davlat tomonidan xarid qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga;
O‘zbekiston Respublikasining qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risidagi qonunchiligi asosida tartibga solinadigan savdo tashkilotchisi hududida amalga oshiriladigan bitimlarga;
O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga mos ravishda notarial idoralar tomonidan tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan ko‘chmas mulkni sotishi va kelishuvlarga;
O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga asosan erkin realizatsiya qilish ta'qiq yoki cheklovlar qo‘yilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga.
3. Elektron tijorat shaklida ulgurji va chakana savdo faoliyatini amalga oshirish Vazirlar Mahkamasining 2002 yil 26 noyabrdagi 407-son qarori bilan tasdiqlangan «Ulgurji va chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomi va Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo Qoidalari bilan tartibga solinadi.
4. Elektron tijorat shaklida tovarlar sotish, ish va xizmatlarni realizatsiya qilish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar talab qilinmaydi.
5. Elektron tijorat ob'yektlari bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq realizatsiya qilish mumkin bo‘lgan tovarlar, ish va xizmatlar hisoblanadi.
6. Elektron tijorat taklifni axborot resursiga joylashtirish orqali amalga oshiriladi.
II. ASOSIY TUSHUNCHALAR VA ATAMALAR
7. Mazkur qoidalarda qo‘yidagi asosiy tushunchalar va atamalardan foydalaniladi:
aksept - taklif qabul qilinganligi to‘g‘risidagi shaxsning javobi;
elektron tijorat shartnomasi (keyingi o‘rinlarda shartnoma deb ataladi) - axborot tizimlari orqali tovarlarni sotish, sotib olish, ishlar va xizmatlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan xaridor (buyurtmachi) va sotuvchi o‘rtasida tuziladigan shartnoma;
axborot tizimi - axborotdan foydalanish, to‘plash, saqlash, izlash, qayta ishlash imkonini beruvchi tashkiliy axborot resurslari, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari majmui;
axborot vositachisi - elektron tijoratda elektron hujjat va elektron xatlar aylanmasi bilan bog‘liq xizmatlarni taqdim etuvchi yuridik shaxs;
axborot resurslari - axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborotlar va ma'lumotlar bazasi;
oferta - shartnomada belgilangan shartlar asosida shartnomani imzolash maqsadida bir yoki bir necha muayyan shaxsga va soni belgilanmagan nomuayyan shaxslarga oferent tomonidan yuboriladigan va shartnomaning barcha ahamiyatli shartlarini o‘zida mujassam etgan taklif;
xaridor (buyurtmachi) - axborot tizimi orqali tovarlar, ishlar va xizmatlarni iste'mol qilish yoki chakana savdoda sotish maqsadida xarid qiluvchi, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik faoliyati sub'yekti yoki jismoniy shaxs;
sotuvchi - axborot tizimlari orqali tovarlarni sotuvchi, ishlarni bajaruvchi va xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati sub'yekti;
elektron tijorat - axborot tizimlari foydalanilgan holda tuzilgan shartnomalarga binoan tovarlar sotish va sotib olish, ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatish;
elektron savdo maydoni - tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotish uchun, axborot tizimi orqali sotuvchi va xaridor (buyurtmachi)larni o‘zaro hamkorligini ta'minlovchi tashkiliy axborot va texnik yechimlar apparat-dasturiy kompleksi va onlayn do‘konlar;
elektron xat - elektron vositalar yordamida olingan, yuborilgan va saqlanayotgan, elektron hujjat hisoblanmaydigan, elektron shakldagi axborot;
elektron vosita - elektron shakldagi axborotlar bilan almashish, qayta ishlash va saqlashga mo‘ljallangan telekommunikatsiya tarmoqlari, kompyuterlar va boshqa texnik uskunalar;
elektron hujjat - elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo‘lgan axborot.
III. Elektron tijorat sub'yektlari
8. Sotuvchi, haridor (buyurtmachi) va axborot vositachisi elektron tijorat sub'yektlari hisoblanadi.
9. Elektron tijorat sub'yektlari shartnoma va O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari talablariga muvofiq huquqlarni amalga oshiradi va ularga ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi.
10. Sotuvchi quyidagi huquqlarga ega:
elektron tijorat maqsadida ishlab turgan axborot resurslarida ofertani joylashtirish (taklif etish);
elektron tijoratdagi shartnomalarni tuzish yo‘li bilan tovarlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatish;
elektron hujjatlar va elektron xabarlarni saqlash uchun axborot vositachilari hizmatlaridan foydalanish.
11. Sotuvchi:
O‘zbekiston Respublikasining “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, haridorga (buyurtmachiga) tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqida zarur va to‘g‘ri ma'lumot berishi;
shartnomadagi shartlarni so‘zsiz bajarishni ta'minlashi;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq elektron hujjatlar va elektron xabarlarning saqlanishini ta'minlashi;
elektron tijoratning boshqa sub'yektlariga davlat tilida, zarur bo‘lganda boshqa tillarda, elektron shaklda o‘zi haqidagi to‘g‘ri ma'lumotlar bilan tanishib chiqish uchun imkoniyat yaratishni ta'minlashi shart. Mazkur ma'lumotlar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak;
a) tashkiliy-huquqiy shaklini ko‘rsatgan holda tadbirkorlik sub'yektining nomi; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgan, yuridik shaxsni tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektining familiyasi, ismi;
b) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida ma'lumot, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub'yektining soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
v) yuridik manzili, elektron manzili, telefon raqami;
g) litsenziya yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatning mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar (litsenziyaning yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatning raqami, amal qilish muddati, litsenziyani yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatni berishga vakolatli organning nomi).
12. Sotuvchi tomonidan yuborilayotgan oferta yoki taklif qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqidagi ma'lumotlar elektron shaklda, ma'lumotlarni buzmagan holda o‘qish imkonini beruvchi, sotuvchi hamda taklif etilayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar), ularga bo‘lgan narxlar va tariflar, ularning sotilishi, bajarilishi va ko‘rsatilish shartlari haqida to‘g‘ri tasavvur hosil qilish imkoniyatini beradigan shaklda taqdim etilishi kerak.
13. Elektron hujjat va elektron xabarlar aylanishini ta'minlash maqsadida elektron tijorat sub'yektlari tegishli axborot tizimlarini tashkil etish va boshqarishni ta'minlagan holda shartnoma asosida axborot vositachisi xizmatlaridan foydalanishi mumkin.
14. Axborot vositachilari jumlasiga quyidagilar kiradi:
elektron tijorat sub'yektlarining elektron hujjatlari va elektron xabarlari aylanishi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi telekommunikatsiya tarmoqlari operatorlari va provayderlari;
elektron tijorat sub'yektlarining to‘lov tizimlaridan foydalanilishini va to‘lovlar o‘tkazilishini ta'minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi banklar;
elektron yarmarkalar, kimoshdi savdolari va tanlovlar tashkil etilishini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
elektron tijorat ishtirokchilarining elektron hujjatlari va elektron xabarlarini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar.
Axborot vositachilari jumlasiga qonun xujjatlariga muvofiq boshqa yuridik shaxslar ham kiritilishi mumkin.
15. Axborot vositachisi quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolati doirasida shartnoma asosida elektron tijoratda elektron hujjatlar va elektron xabarlar aylanishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish;
elektron tijorat sub'yektlariga ko‘rsatiladigan xizmatlar shartlarini belgilash.
16. Axborot vositachisi:
elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi;
o‘zining to‘liq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, ko‘rsatiladigan xizmatlar, ularni ko‘rsatish shartlari va qiymatlari (tariflari) haqidagi axborotni elektron tijorat ishtirokchilariga oshkor qilishi;
elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning mazmunini, ulardan foydalanish tartibini o‘zgartirmasligi (elektron tijorat sub'yektlari bilan tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno);
elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni hamda shaxsga doir ma'lumotlarni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilish chora-tadbirlari bilan ta'minlashi;
elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni uchinchi shaxslarga yubormasligi (bundan qonun xujjatlarida yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar mustasno);
elektron tijoratni amalga oshirishda elektron arxiv ma'lumotlarini tashkil qilishi, hamda ularni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarda saqlashni ta'minlashi;
axborot tizimlaridagi ma'lumotlarning yaxlitligini va maxfiyligini ta'minlashi shart.
17. Axborot vositachisi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga va o‘zga majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.
18. Axborot vositachisi yuborilayotgan, qabul qilinib olinayotgan va saqlanayotgan elektron hujjat va elektron xabarlarnining to‘g‘riligini nazorat qilishga yoki tekshirishga majbur emas, agar shartnomada yoki O‘zbekiston Respublikasi qonun xujjatlarida boshqacha hollar nazarda tutilmagan bo‘lsa.
19. Elektron tijoratdagi boshqa sub'yektlarning axborot vositachisi orqali yuborilayotgan elektron hujjatlari va elektron xabarlari mazmuni bilan bog‘liq bo‘lgan huquqiy oqibatlar uchun axborot vositachisi javobgar bo‘lmaydi.
IV. Elektron savdo maydonini tashkil etish
20. Sotuvchi yoki axborot vositachisi elektron tijorat sub'yektlarining o‘zaro hamkorligini ta'minlovchi elektron savdo maydoni orqali elektron tijorat shaklida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish huquqiga ega.
21. Elektron savdo maydoni qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan veb-saytlar va boshqa elektron vositalar yagona reyestriga kiritilgan veb-saytlar va mobil ilovalar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
22. Elektron savdo maydoni quyidagi imkoniyatlarni nazarda tutgan holda elektron tijoratni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan funksiyalarni o‘z ichiga olishi lozim:
mazkur Qoidalar bilan belgilangan tartibda ofertani joylashtirish (taklif etish), akseptni amalga oshirish va shartnoma tuzish;
elektron tijorat sub'yektlariga mazkur Qoidalarida nazarda tutilgan ma'lumotlar bilan tanishish imkoniyatini taqdim etish;
mazkur Qoidalar talablariga muvofiq, elektron xujjat va elektron xabarlar aylanishini xavfsiz amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq, elektron xujjatlar va elektron xabarlarni saqlash.
23. Elektron savdo maydoni orqali elektron yarmarkalar, auksionlar, tanlovlar va ko‘rgazma-yarmarka savdosini tashkil etish va o‘tkazish qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
V. Elektron shartnoma tuzish hamda oferta va aksept bilan almashish tartibi
24. Shartnoma oferta va akseptdan tashkil topadi va ofertani yuborgan tomonidan ofertaning aksepti olingan paytdan e'tiboran tuzilgan deb e'tirof etiladi.
25. Oferta o‘zida elektron hujjat va elektron xabarni ifodalaydi, uning vositasida elektron tijorat sub'yekti bir yoki bir necha muayyan shaxsga va nomuayyan shaxslar doirasiga shartnoma tuzish taklifini bildiradi va ularga shartnoma shartlari ko‘rsatilgan matndan foydalanish imkoniyatini ta'minlaydi, shu jumladan mazkur Qoidalarga muvofiq majburiy bo‘lganlarini ham.
26. Elektron tijorat sub'yekti tomonidan yuborilayotgan ofertada shartnomaga kiritilishi kerak bo‘lgan barcha shartlar yoki ushbu shartlar ko‘rsatilgan elektron hujjatlar va elektron xabarlarga havolalar ko‘rsatilishi lozim.
27. Oferta unda ko‘rsatilgan muddat mobaynida haqiqiy hisoblanadi. Oferta mazkur Qoidalarda o‘rnatilgan tartibda chaqirib olinishi mumkin.
28. Ofertani chaqirib olish qabul qilib oluvchiga chaqirib olish sabablari ko‘rsatilgan elektron xujjat yoki elektron xabar shaklida uni chaqirib olish haqida bildirishnoma yuborish orqali amalga oshiriladi.
29. Shartnomani tuzish akseptni quyidagi ko‘rinishda qabul qilish orqali amalga oshiriladi:
elektron tijorat sub'yektining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi elektron hujjat;
elektron tijorat sub'yektining roziligi ko‘rsatilgan elektron xabar;
ofertada ko‘rsatilgan shartlarni bajarish bo‘yicha harakatlarni sodir etish.
30. Aksept o‘zida elektron xujjat va elektron xabarni ifodalaydi, uning vositasida shaxs ofertada ko‘rsatilgan shartlar bo‘yicha shartnoma tuzishga so‘zsiz rozilik berishini ifoda etadi.
31. Akseptda shartnoma shartlari o‘zgarmagan holda ko‘rsatilgan oferent tomonidan taklif etilgan shartnoma matni bo‘lishi kerak. Oferentga shartnoma shartlari o‘zgargan aksept yuborilgan taqdirda, bunday aksept yangi oferta deb hisoblanadi.
32. Oferta yoki aksept qabul qilib oluvchi tomonidan ularni qabul qilib olganligi haqidagi bildirishnoma yuborish vaqtidan boshlab qabul qilingan deb hisoblanadi, agar tomonlar kelishuvida boshqacha hollar nazarda tutilmagan bo‘lsa.
33. Mazkur Qoidalar bilan belgilangan tartibda akseptni qabul qilmay turib ofertani qabul qilib olganligi haqidagi bildirishnoma shartnomani bajarishga asos bo‘la olmaydi.
34. Oferta va aksept yuboruvchi tomonidan ularning mazmuni o‘zgartirilmagan holda, ular qanday yuborilgan bo‘lsa shunday, qabul qilib oluvchi tomonidan ularning amal qilish muddati tugagunga qadar qanday bo‘lgan bo‘lsa shundayligicha saqlanishi lozim.
35. Oferta va akseptni amalga oshirish, ularni rasmiylashtirish va tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan alohida umumiy masalalar va talablar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida” va “Elektron hujjat aylanishi to‘g‘risida”gi qonunlari bilan tartibga solinadi.
36. Axborot tizimidan foydalanilgan holda tuzilgan shartnoma, yozma ravishda tuzilgan va tomonlar imzolagan, shu jumladan ularning muhrlari bilan tasdiqlangan shartnomaga tenglashtiriladi.
37. Ofertada uning alohida shartlari shartnomaga ommaviy axborot resurslarida joylashtirilgan elektron hujjatga yoki elektron xabar havola orqali kiritilishi nazarda tutilishi mumkin. Bunday hollarda elektron hujjatni yoki elektron xabar joylashtiruvchi taraf shartnomaning amal qilish muddati davomida unga erkin foydalanish imkonini ta'minlashiga shart.
38. Shartnoma quyidagi majburiy shartlarni o‘z ichiga olishi kerak:
shartnoma predmeti;
tomonlarning asosiy huquq va majburiyatlari;
tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) narxi, xususiyati va tomonlar o‘rtasida o‘zaro amalga oshiriladigan hisob-kitoblar tartibi;
yetkazib berish joyi va shartlari (yetkazib berish xizmatlari mavjud bo‘lgan hollarda);
tomonlarning javobgarligi;
majburiyatlarni bajarish tartibi va muddatlari;
shartnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish imkoniyatlari va tartibi;
bitimni bekor qilish shartlari;
tovar va pul mablag‘larini qaytarib olish shartlari va tartibi;
tuzilayotgan shartnoma tili to‘g‘risidagi ma'lumot;
shartnomaga elektron hujjat va elektron xabarga havola orqali kiritilgan shartlar va tegishli havoladan foydalanish tartibi;
shartnomaning amal qilishini bekor qilish shartlari;
nizolarni hal qilish tartibi;
tomonlarning yuridik, elektron manzillari va bank rekvizitlari;
tomonlar bilan kelishilgan boshqa shartlar.
39. Shartnomaga kiritilgan o‘zgartirishlar elektron hujjat va elektron xabar ko‘rinishida rasmiylashtiriladi va shartnomaning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.
VI. Elektron hujjat va elektron xabar
40. Elektron hujjat va elektron xabar o‘z qo‘li bilan imzolangan qog‘ozdagi hujjatlarga tenglashtiriladi.
41. Elektron hujjat va elektron xabarning mazmuni uchun, agar shartnoma va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, uni tuzgan shaxs javobgar bo‘ladi.
42. Sotuvchi yoki axborot vositachisi elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan muddatlarda va tartibda saqlashga majburdir.
43. Elektron hujjat va elektron xabar:
bevosita tuzuvchi tomonidan;
tuzuvchi nomidan harakatni amalga oshirish vakolati berilgan shaxs, shu jumladan axborot vositachisi tomonidan;
tuzuvchining axborot tizimi yoki uning nomidan - avtomatlashtirilgan rejimda ishlovchi tizim orqali yuborilshi mumkin.
44. Elektron hujjat va elektron xabarning adresati uni xaqiqatda jo‘natuvchiga mansubligini talab qilish huquqiga ega.
VII. Elektron tijoratda yetkazib berish va to‘lovlarni amalga oshirish
45. Shartnoma xaridorga (buyurtmachiga) tovarni yetkazib berish sharti bilan tuzilgan hollarda sotuvchi tovarni shartonomada belgilangan muddatlarda xaridor (buyurtmachi) tomonidan ko‘rsatilgan joyga yetkazib berishi shart.
46. Ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish shartnomada ko‘rsatilgan joyda va muddatlarda amalga oshiriladi.
47. Tovarlarni xaridor (buyurtmachi) tomonidan ko‘rsatilgan joyga yetkazib berish uchun sotuvchi:
fuqarolarga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida tegishli bo‘lgan avtomototransport vositalarida yetkazib berishni amalga oshirishi;
tovarlarni yetkazib berish xizmatini ko‘rsatish huquqiga ega uchinchi shaxs xizmatlaridan foydalanishi;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa usullardan foydalanishi mumkin.
48. Elektron tijoratda to‘lovlarni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari va shartnoma bilan tartibga solinadi.
49. Sotuvchi va axborot vositachisi quyidagi mumkin bo‘lgan usullardan foydalangan holda shartnoma doirasida to‘lovlarni amalga oshirish uchun barcha zaruriy sharoitlarni yaratishi shart:
bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda to‘lovlar qabul qilish bo‘yicha hisob-kitob terminallarini qo‘llash;
shaxsiy kabinet orqali mablag‘larni milliy bank kartalaridan, shuningek boshqa to‘lov tizimlaridan (onlayn-to‘lov) ko‘chirish yo‘li bilan;
pul mablag‘larini bank hisob raqamidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda ko‘chirish.
VIII. Shartnoma shartlarini bajarishni rad etish tartibi va shartlari
50. Tovar (ish, xizmat) xaridori (buyurtmachi) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda tovarni, ishlarni bajarishni va xizmat ko‘rsatilishini rad etish sabablarini ko‘rsatib, sotuvchini xabardor qilish yo‘li bilan tuzilgan shartnoma bajarilishini rad etish huquqiga ega.
51. Shartnomada nazarda tutilgan hollarda xaridor (buyurtmachi) shartnoma shartlarini bajarishni rad eta olmaydi.
52. Elektron tijoratda tovarlarni qaytarish O‘zbekiston Respublikasi «Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
53. Pul mablag‘larini qaytarish zarur bo‘lgan hollarda xaridor (buyurtmachi) tomonidan taqdim etilgan mazkur tovarning to‘lovini tasdiqlovchi chekka tenglashtirilgan hujjat asosida sotuvchi xaridorga pul mablag‘larini qaytarishi shart.
54. Pul mablag‘larini qaytarish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda shartnomada ko‘rsatilgan tartib va muddatlarda amalga oshiriladi.
55. Tovar va pul mablag‘larini qaytarish bilan bog‘liq hujjatlar elektron hujjat va elektron xabar shaklida rasmiylashtirilishi mumkin.
56. Tovarni qaytarish bilan bog‘liq transport xarajatlarini qoplash O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan talablarni inobatga olgan holda shartnomada ko‘rsatilgan shartlarga muvofiq amalga oshiriladi.
57. Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning shartnoma shartlarini bajarishni rad etish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi «Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
IX. Elektron tijoratda eksportning o‘ziga xos xususiyatlari
58. Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) elektron tijorat shaklidagi eksporti O‘zbekiston Respublikasining bojxona qonunchiligining barcha talablariga qat'iy rioya etgan holda amalga oshiriladi.
59. Elektron tijorat sub'yektlari elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan elektron hujjat shaklidagi shartnomalarni - eksport kontrakti tuzish huquqiga ega.
Shartnomalarni tuzishda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda horijiy davlatlar elektron raqamli imzo kalitlarining sertifikatlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
60. Shartnoma doirasida eksport asosida yetkazib berish bilan bog‘liq tartibotlardan o‘tish - elektron hujjat shaklidagi eksport kontraktlari bir vaqtning o‘zida davlat bojxona xizmatlarida kontraktni ro‘yxatga qo‘ygan holda hamda tovarning kelib chiqish, veterinar, fitosanitar, ekologik va gigiyenik (sanitar-epidemiologik xulosa) sertifikatlarini berish «Yagona darcha» idoralararo axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
61. Shartnomani - eksport kontraktini O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimida hisobga qo‘yish tovarlarni belgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvi uchun asos hisoblanadi.
62. Tovarlarni yetkazib berish va to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar shartnoma shartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablari inobatga olgan holda tartibga solinadi.
X. Yakuniy qoidalar
63. Elektron tijoratni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan nizolar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
64. Elektron tijorat sub'yektlari mazkur Qoidalar tartiblariga rioya etmagan hamda shartnoma doirasida majburiyatlarni bajarmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
65. Soliq solish ob'yektlari va soliq solish bilan bog‘liq ob'yektlarni aniqlash, hamda soliq to‘lovlarini hisoblab chiqarish uchun asos bo‘ladigan hisob hujjatlarini tuzish O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi asosida amalga oshiriladi.
66.Elektron tijorat shaklida tovarlarni sotishda, ishlarni bajarishda va xizmatlarni ko‘rsatishda davlat organlari tomonidan buxgalteriya hisobini hamda soliq va moliya hisobotlarini alohida-alohida yuritishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
67. Elektron tijorat shaklida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilayotgan tadbirkorlik sub'yektlarining faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish bilan bog‘liq munosabatlarni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi.
68. Elektron tijorat sub'yektlari O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”, “Elektron raqamli imzo to‘g‘risida” va “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlari talablariga rioya etishlari shart.
Yuklab olish (zip, 130,5Kb)
Mazkur qaror loyihasiga izoh va takliflarni quyidagi elektron manzillarga yuborishingiz mumkin: adilmuradov[at]mineconomy.uz, dpardaev[at]mineconomy.uz