Elektr tarmog‘iga - ilk “quyosh” kilovattlari
29/12/2014 - 20:56 9307
O‘zbekistonda, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini mamlakat energetika tarmog‘iga uzatuvchi dastlabki quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi
Energetika sektorini diversifikatsiyalash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish va iqtisodiyotning energiya resurslariga nisbatan o‘sib borayotgan ehtiyojini qondirish maqsadida so‘nggi yillarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 1 martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4512-sonli Farmoni ushbu sohani rivojlantirishga muhim turtki bo‘ldi.
Ushbu chora-tadbirlarni amaliy ro‘yobga chiqarish maqsadida, 2013 yilning 19 dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi o‘rtasida quyosh energetikasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha anglashuv Memorandumi imzolangan edi. Shuningdek, Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida, 2014 yilning 17 iyun kuni ikki vazirlik o‘rtasida 700 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lar hisobiga eng ilg‘or koreya texnologiyalarini qo‘llagan holda quvvati 130 kVt bo‘lgan tajriba quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha alohida Memorandum imzolandi.
Ushbu kelishuvlarni amaliy ro‘yobga chiqarish maqsadida, “O‘zbekenergo” DAK va Xalqaro quyosh energiyasi instituti tomonidan koreyalik mutaxassislar bilan birgalikda tajriba quyosh fotoelektr stansiyasini qurish uchun istiqbolli maydonlar o‘rganildi. Natijada, Namangan viloyatining Pop tumanidagi Kandigon qishlog‘iga tutash 0,32 ga hudud tanlandi.
Koreyalik mutaxassislar tomonidan taqdim etilgan loyiha hujjatlariga asosan “O‘zbekenergo” DAK tomonidan o‘z mablag‘lari hisobiga maydonni tayyorlash va qurilish ishlari amalga oshirildi. Koreyaning «Hanhwa», «JSPV», «S-Energy» va «TopSum» kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan har xil turdagi quyosh panellari va tegishli asbob-uskunalar yetkazib berildi.
Koreyalik mutaxassislar nazorati ostida “O‘zbekenergo” DAK tomonidan asbob-uskunalarni montaj qilish, shuningdek ko‘zda tutilgan sinovlar yakunlangandan so‘ng, joriy yilning 9 dekabrida stansiya elektr energetikasi tizimiga ulangan holda elektr energiyasini ishlab chiqarishni boshladi.
Ta'kidlash joizki, ushbu loyihaning asosiy maqsadi, o‘rnatilgan turli xildagi quyosh texnologiyalarining ishlab chiqarish samaradorligini o‘rganib, O‘zbekiston iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda ularni keng tadbiq qilish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflarni tayyorlash hisoblanadi. Ushbu stansiyaning faoliyati quyosh energetikasi sohasidagi mutaxassislarni tayyorlashga ham yo‘naltiriladi.