“Sog`lom bola yili” Davlat dasturi beshinchi bo`limining bajarilishi bo`yicha
19/09/2014 - 10:14 8192
Davlat dasturining beshinchi bo‘limida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishda davlat va jamiyat tomonidan ko‘rsatiladigan yordam va ko‘makni kuchaytirish, mazkur jarayonlar uchun mas'ul bo‘lgan sog‘liqni saqlash, ta'lim, madaniyat, ijtimoiy muhofaza muassasalarida zamonaviy talablarga javob beradigan shart-sharoitlar yaratish, ularni rivojlantirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lardan foydalanishning samaradorligini oshirish, sog‘lom bolani tarbiyalash bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani keng o‘rganish va amalda joriy etish kabi muhim masalalar asosiy vazifa qilib belgilangan.
Xususan, dastur doirasida yozgi kanikul mobaynida bolajonlarning dam olish va hordiq chiqarishlari uchun to‘liq shart-sharoitlar yaratib berildi. Respublikamiz sog‘lomlashtirish lagerlarida imtiyozli yo‘llanmalar asosida 295 ming nafar bolalar muolajalar olishdi, jumladan Orolbo‘yi mintaqalaridan 5 ming nafar, Mehribonlik uylaridan 3,7 ming nafar bolalar, 22 ming nafar iste'dodli bolalar hamda kam ta'minlangan oilalardan 7,1 ming nafar bolalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari dasturda ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan aniq tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 358 ta umumta'lim muassasalarida rekonstruksiya va kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirildi.
Umumta'lim maktablarining birinchi sinf o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar davom ettirildi: 7 milliondan ortiq nusxada darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalari, o‘quv qurollari hamda o‘quv-ko‘rgazmalari ishlab chiqildi va joylarga yetkazildi. Shuningdek, 10 mingdan ortiq uyida ta'lim olayotgan imkoniyati cheklangan bolalar ham barcha o‘quv qurollari bilan ta'minlandi.
Har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish maqsadida joriy yilning 1 sentyabr holatiga 76 ta bolalar musiqa maktablari va sport inshootlarida qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Qizlarni sport va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga kengroq jalb etish maqsadida kam ta'minlangan oilalarning qizlari 190 ming komplekt, shuningdek, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari hamda umumta'lim maktablarida sport bilan shug‘ullanayotgan qizlar 111,3 ming komplekt sport kiyimlari bilan ta'minlandi.
Bundan tashqari 155 ta o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalarida qurilish-montaj ishlari yakuniga yetkazildi.
Shuningdek, «Umid nihollari-2015» sport o‘yinlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Urganch shahrida 2 ta universal sport zali va yopiq basseyn inshootining qurilish-montaj ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.