Yosh tadbirkorlar biznes forumi
07/07/2016 - 10:38 8775
Jizzaxda “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” II respublika yosh tadbirkorlar biznes forumining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda yosh tadbirkorlar, davlat organlari, tijorat banklari hamda biznes yuritishga ko‘maklashuvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida milliy iqtisodiyotimiz jadal rivojlanayotgani, bunda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining yetakchi kuchga aylanayotgani xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– “Mening biznes g‘oyam” tanlovining mamlakat bosqichida “Mashina shinalaridan rezina granulalari ishlab chiqarish” nomli loyiha bilan qatnashib, “Qishloq qurilish bank”ning 20 million so‘mlik imtiyozli kreditini olish huquqiga ega bo‘ldim, – deydi Jizzax iqtisodiyot kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Sabohat Uzoqova. – Davlatimiz tomonidan biz, yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, kelajagimizga mustahkam poydevor yaratish bilan birga, aholi farovonligiga hissa qo‘shish har birimizning burchimizdir.
Tadbirda mutaxassislar yosh tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan ayrim muammo va takliflarni o‘rganib chiqdi. Muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlikni rivojlantirishning yo‘l-yo‘riqlari to‘g‘risida maslahatlar berildi.
Biznes g‘oyalari saralab olingan 8 nafar ishtirokchi forumning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.
Manba: O‘zA