Rahbar xodimlar ma'naviy qiyofasining shakllanishida nutq madaniyati va notiqlik mahoratining o‘rni

30/06/2016 - 15:49 12891

Ma'lumki, so‘zlashish odobi, muomala madaniyati, o‘zaro munosabatlar – insonlarda nutq orqali yuzaga keladi, amalga oshiriladi.

She'riyat mulkining sultoni bobokalonimiz Alisher Navoiy o‘z davrida so‘zlashish odobi, so‘zning qadr-qimmati to‘g‘risida shunday degan edilar. “Og‘izdan kelganni demak - nodonning ishi, Oldig‘a kelganni yemak - hayvonning ishi.” Yoki “Ko‘ngil mahzanining qulfi til va u til kalitin so‘z bil”.

Shuningdek, xalqimizda “So‘z – aql o‘lchovi”, “Kishining fazilati tilidan bilinadi” degan maqollar ham mavjud. Bularning barchasi insonlar va ayniqsa, rahbar xodimlar ma'naviy qiyofasini shakllanishida, ish jarayonida, o‘zaro muloqotlarda kerakli so‘zlarni topib aytish, mazmunli iboralar tuzish, ularni o‘rnida qo‘llay bilishi alohida ahamiyatga ega.

Shu munosabat bilan bugun vazirligimizda o‘tkazilgan navbatdagi “Ma'naviyat-ma'rifat darsi”da aynan rahbar xodimlar ma'naviy qiyofasining shakllanishida nutq madaniyati va notiqlik mahoratining o‘rni haqida so‘z bordi. Unda respublikamizning ko‘zga ko‘ringan notiq-pedagoglari, notiqlik san'atining yorqin vakillari – Toshkent viloyat xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti professori, Antik dunyo xalqaro akademiyasining akademigi Rahimboy Jumaniyozov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining o‘zbek va rus tili kafedrasi mudiri, professor Nodira Abdullayeva hamda mazkur kafedraning dotsenti Aziza Aripovalar ishtirok etishdi.

Birinchi bo‘lib so‘z taniqli notiq Rahimboy Jumaniyozovga berildi. U notiqlik san'atining siru asrorlari, notiqlik mahoratini oshirishning yo‘llariga maxsus to‘xtalib, hayotiy misollar keltirdi. Voiz nutq madaniyati va notiqlik mahoratining ahamiyatiga to‘xtalib, uni imkon qadar o‘zlashtirish va amalda unumli qo‘llay bilish har bir rahbar xodim uchun foydadan xoli bo‘lmasligini alohida ta'kidladi.

Shundan so‘ng, professor Nodira Abdullayeva hamda dotsent Aziza Aripovalar mavzuni davom ettirishdi. Ma'ruzachilar o‘z chiqishlarini mavzuga oid ko‘rgazmali taqdimot bilan boyitishdi. Ushbu ma'naviy-ma'rifiy tadbir o‘zbek va rus tillarida olib borildi. Tadbir ishtirokchilarda katta taasurot qoldirdi.

Boshqa rasmlarni ko'rish

Vazirlik Axborot xizmati