Sanoat yarmarkasi: hamkorlik va samara

13/05/2016 - 10:05 9065

Jizzaxda o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida 16 milliard so‘mlikka yaqin shartnomalar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3-martdagi 2016-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida mahalliy xomashyo asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar ishlab chiqarish, yirik sanoat korxonalari va kichik biznes subyektlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yarmarka maydonining kengligi, pavilyonlarga qo‘yilgan mahsulotlar turining ko‘pligi bilan avvalgilardan farq qildi. Jumladan, o‘tgan yilgi yarmarkada 221 tadbirkorlik subyekti ishtirok etib, 4,7 milliard so‘mlik hamkorlik shartnomalari imzolangan bo‘lsa, bu yilgi yarmarkada 310 tadbirkorlik subyekti 16 milliard so‘mlikka yaqin shartnomalarni imzoladi.

Yarmarkada hududiy ishlab chiqaruvchilardan tashqari, mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan 50 dan ortiq tadbirkorlik subyekti o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdi. Prezidentimizning 2013-yil 18-martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, hududda barpo etilgan yangi korxonalar namoyish etgan mahsulotlar ko‘lami va turi o‘tgan yilgidan qariyb ikki barobar ortgan.

“Jizzax” maxsus industrial zonasida energiya tejamkor svetodiodli elektr chiroqlar ishlab chiqaradigan “Yorqin Chiroqlar” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston – Janubiy Koreya qo‘shma korxonasi mahsulotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Svetodiodli elektr chiroqlarning afzalligi elektr energiyasini o‘ta kam sarflashidir, – deydi qo‘shma korxona rahbarining o‘rinbosari Eldor Berdiyorov. – Korxonamiz mahsulotiga ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham talab ortmoqda. Yarmarka yangi hamkorlar topishimiz uchun yana bir imkoniyat bo‘ldi. Yurtimizning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlar bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha shartnomalar tuzdik.

O‘zA