"Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihalarini muvofiqlashtirish guruhi kichik va o'rta sanoat korxonalari vakillari uchun onlayn seminar oʻtkazildi
17/03/2021 - 19:09 5803
Loyiha doirasida “A” komponenti boʻyicha yuklatilgan vazifalarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish” loyihasining muvofiqlashtiruvchi guruhi, 2021 - yil 22 - fevraldan 26 - fevralgacha respublikaning energetika sektori vakillari bilan bir qatorda kichik va oʻrta sanoat korxonalari vakillari uchun trening oʻtkazdi.
Oʻquv dasturi 2 qismga boʻlingan. Birinchi qism, 3 kun – maʻruza. Ikkinchi qism, 2 kun – amaliy mashgʻulotlardan iborat.
BIRINCHI KUN, maʻruzachilar – Energetika vazirligi departament direktori Muzaffar Hakimov va loyiha direktori Alisher Alimboyev. Quyidagi masalalar muhokama qilindi: Oʻzbekiston Respublikasida energiya samaradorligi va energiyani tejash sohasidagi islohotlar va kutilayotgan natijalar. Energiyani tejashning atrof-muhitga ijobiy taʻsiri. Shuningdek, “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi, uning natijalari va istiqbollari bilan tanishdilar. Oʻzbekiston sanoatida energiya samaradorligi boʻyicha SKEEO doirasida amalga oshirilgan kichik loyihalar va boshqa dasturlarning namunalari keltirilgan.
IKKINCHI KUNI energetika vazirligi boʻlim boshligʻi Ilhom Samiyev, ekspert Sarvar Qurbonov (SKB Company) va ekspert Baxtiyor Gaziyev (ABREST Energy Engineering Company) oʻzlarining taqdimotlarini namoyish etdilar. Quyidagi mavzular muhokama qilindi: Energiya auditi bilan tanishish – energiya auditi turlari, maʻlumotlarni yigʻish va tahlil qilish, energiyani boshqarish tizimlari. Energiya samaradorligining ISO 50001:2011 standartlari tanishtirildi. Energiya sarfini boshqarish va optimallashtirish, sanoat yoritgichlari va boshqalar kabi masalalar muhokama qilindi.
UCHINCHI KUNI texnika fanlari doktori Ilxom Siddiqov, “SUN-HIGHTECH” MChJ direktori Elmurod Abdullayev, “SOLAR NATURE” MChJ direktori Farrux Asrolxoʻjayev va texnika fanlari doktori Muzaffar Xudoyarov taqdimot qildilar. Quyidagi mavzular muhokama qilindi: asosiy uskunalarning ishlashini optimallashtirish uchun energiya tejaydigan texnologiyalar, sanoatda muqobil energiya manbalarini rivojlantirish. Oʻzbekistondagi qayta tiklanuvchi energiya manbaalarini oʻrnatilishi misollari keltirildi, natijalari, muammolari va ularning echimlari taʻkidlab oʻtildi. Energiya tadqiqotlari paytida maʻlumotlarni tahlil qilish usullari va vositalari ham muhokama qilindi.
TOʻRTINCHI KUNI “Hamkorbank” ATB vakolatxonasi rahbarining oʻrinbosari Yuriy Li va “Hamkorbank” ATB boʻlim boshligʻi Anvar Toʻrabov soʻzga chiqdilar. Taqdimotlarning mavzulari ishtirokchilar tomonidan toʻplangan maʻlumotlarni tahlil qilish va energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʻlumotlarni toʻplash usul va uslublarini namoyish qilish bilan bogʻliq edi. Shuningdek, tinglovchilarga loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari va bank takliflarini tayyorlash, ish rejalarini tuzish, sezgirlik tahlili va boshqalar toʻgʻrisida maʻlumot berildi.
BESHINCHI KUNI ishtirokchilar oʻzlarining kompaniyalari haqidagi materiallarni taqdim etdilar va loyihalarni amalga oshirish tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar. Ular orasida: Ulugʻbek Alijonov (“Deya” kompaniyasi) va Usmon Abdullaev (“Oʻzmetkombinat” AK). Ulugʻbek Alijonov ishtirokchilarni shokolad va qadoqlangan qandolatchilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Deya” kompaniyasi faoliyati bilan tanishtirdi. Kompaniya korxona yaqinidagi kanalda mikro-gidroelektr stansiyasini qurish boʻyicha kichik loyihani amalga oshirish, shuningdek, yordamchi xoʻjalikda suvni isitish uchun quyosh kollektorlarini oʻrnatish taklifini berdi.
Usmon Abdullayev trening ishtirokchilarini amalga oshirilayotgan kichik loyihalar roʻyxati bilan tanishtirdi. “Oʻzmetkombinat” AJ vakili energiya samaradorligini oshirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilash, energiyadan oqilona foydalanish, shuningdek, ishlab chiqarish tannarxi va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishda muhim bosqich boʻlib, bu, oʻz navbatida, ham ichki, ham tashqi bozorda raqobatbardoshlikni oshirishini taʻkidladi.
5-kunning oxirida ishtirokchilarni treningni muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabrikladilar (49 kishi). Ularga oʻqishni tugatganligi toʻgʻrisida sertifikatlar topshirildi. Ishtirokchilarni tanishtirish uchun barcha ma’ruza materiallari, taqdimotlar, video yozuvlar telegram-guruhda (136 kishi) joylashtirildi. (Taqdimotlar ilova qilingan).
Taqdimot 1; Taqdimot 2; Taqdimot 3; Taqdimot 4; Taqdimot 5; Taqdimot 6;
Taqdimot 7; Taqdimot 8; Taqdimot 9;
SKEEO loyihalarini muvofiqlashtirish guruhi