Qurilish va oziq-ovqat sanoati mutaxassislari uchun maxsus seminar
05/11/2015 - 18:43 12195
Energiya samaradorligini oshirish maqsadida yangi yechimlarni izlab topish, xarajatlarni kamaytirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish - har bir ishlab chiqarish korxonasining vazifasi hisoblanadi. Energiya samarador asbob-uskunalarni sotib olish jarayoni aynan bunday yechimlardan biri bo‘lib, energiya xarajatlarini kamaytirish va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Joriy yilning 5 noyabrida Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida mamlakatimizdagi qurilish va oziq-ovqat sanoati asosiy ishlab chiqarish korxonalarining vakillari uchun “Energiya samaradorlik: sanoat korxonalarida energoaudit o‘tkazish” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu seminar Janubiy Koreya energiya agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamkorligida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Mazkur tadbirda DAJ “O‘zbekengilsanoat”, AJ “O‘zqurilishmateriallari”, AJ “O‘zeltexsanoat”, “O‘zdavenergonazorat” va “O‘zdavneftgazinspeksiya” davlat inspeksiyalari hamda Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi kabi tashkilotlarning mutaxassislari faol ishtirok etdilar.
Seminarning asosiy maqsadi Janubiy Koreya davlati tajribasi misolida, energiya samaradorligini boshqarish va energiya tekshiruvlarni o‘tkazishda sanoat korxonalari xodimlarining bilim va tajribasini kengaytirishga qaratilgan. Shu ma'noda, Koreya energetika mutaxassislari seminar qatnashchilarini sanoat korxonalarida energiya iste'molini kamaytirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan tanishtirib, shuningdek, sanoat tarmoqlarida energiya sig‘imini qisqartirishga erishish usullari, ularni amaliyotga tatbiq etish haqida gapirib berdilar.
Bundan tashqari, Koreya ekspertlari nasos, qozonxona va kompressor kabi sanoat qurilmalariga ega bo‘lgan korxonalarda energoaudit o‘tkazish jarayonlari haqida ham ma'lumot berishdi.
Ushbu seminarning yana bir jihati energoaudit masalalari va metodologik usullarini mamlakatimizdagi real sanoatida muhokama qilishdan ham iborat edi. Shu ma'noda Koreya energiya agentligi ishtirokida AJ “Quvasoysement” va AJ “O‘zkabel” qo‘shma korxonalarida o‘tkazilgan energoaudit hisoboti taqdim etildi.
Seminar davomida olingan bilim va tajribalari ishtirokchilarga energoresurs boshqarish tizimini takomillashtirish jarayoniga o‘z hissasini qo‘shishga imkon beradi. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston sanoat korxonalari energiya samaradorligi yuqori malakali mutaxassislarining innovatsion g‘oyalari tufayli yanada ortadi. “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi, o‘z navbatida, ushbu jarayonlarni energiya samarador loyihalarni moliyalashtirish orqali ko‘maklashadi. Aytish joizki, bugungi kunda, mazkur loyiha bo‘yicha tog‘-kon, neft-gaz, kimyo, qurilish va oziq-ovqat sanoati tarmoqlariga tegishli bo‘lgan 30 dan ortiq korxonalar faol ishtirok etishmoqda.