O‘zbekiston davlat xizmatchilari uchun sanoat korxonalarining energiya samaradorligi bo‘yicha trening tayyorlandi
26/10/2015 - 15:02 10987
Joriy yilning 26 oktyabr kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida davlat xizmatchilari va energetika mutaxassislari uchun “Energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha faoliyat yuritayotgan davlat idoralari, ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislarining energoaudit sohasidagi salohiyatini yuksaltirish” mavzuidagi besh kunlik trening boshlandi. Mazkur trening “CASEP” loyihasi (Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi Barqaror energetika dasturi) va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tuzilgan bo‘lib, Jahon bankining “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.
Trening dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 5 maydagi PP-2343-sonli “2015-2019 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida va ijtimoiy sohada energiya sig‘imini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 iyuldagi 211-sonli “Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, davlat xizmatchilarining energiya samaradorligi, energomenedjment va energoaudit sohasidagi bilim va tajribalarini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Ushbu treningda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, “O‘zdavenergonazorat”, “O‘zdavnefte-gazinspeksiya”, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyalari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda “O‘zbekenergo”, “O‘zbekneftegaz”, “O‘zeltexsanoat” kompaniyalarining mutaxassislari qatnashyapti. Trening ma'ruzalari va amaliyoti sanoatda energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish borasida boy tajribaga ega bo‘lgan xalqaro ekspertlar tomonidan olib boriladi.
Mazkur treningda mavzu ikki jihatdan, ya'ni texnik va texnologik rivojlantirish masalalari hamda energiyani tejash jarayonlariga oid zamonaviy chora-tadbirlar va yondashuvlar orqali ochib berishga qaratilgan. Shu munosabat bilan, birinchi kun ma'ruzasi energiyani tejash davlat dasturlarining asosiy omillari va energoresurslarni boshqarish xalqaro tajribasiga bag‘ishlanib, unda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qiyosiy tahlil qilindi.
Trening mashg‘ulotlari davomida quyidagi masalalar:
Energiya samaradorligini davlat va korxona darajasida oshirish bo‘yicha dasturiy yondashuv;
Energiyadan oqilona foydalanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash;
Energoaudit va energomenedjment tizimi;
Energiya iste'moli tahlili va monitoringi;
Sanoatda energiya samaradorligini oshirishning ekologik jihatlari muhokama qilinadi.
Trening dasturi “aqliy hujum”, “keys-stadi” (amaliy mashg‘ulotlar), guruh bahslari kabi zamonaviy usullar orqali interaktiv o‘quv jarayonini taklif etadi. O‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilar trening yakunida sertifikat bilan taqdirlanadilar.
Ekspertlarning ishonchi komilki, mazkur trening davlat xizmatchilarining energoaudit va energomenedjmentni O‘zbekiston sanoatida qo‘llash borasidagi bilim va malakasini oshirib, ushbu olingan tajribalarni o‘z hamkasblari o‘rtasida keng targ‘ib etadi.
Ishlab chiqarish jarayonlarining energiya samaradorlik salohiyatini aniqlash, shu jumladan, energiya samarador asbob-uskunalarni sotib olish orqali energiya ist'yemolini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga imkoniyatlar yaratiladi. Ushbu imkoniyatlar esa energiya xarajatlarini kamaytirish hamda mamlakatimiz sanoat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirishni ta'minlaydi.
Ta'kidlab o‘tish joizki, 2012 yildan boshlab, “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi doirasida Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kredit mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston sanoat korxonalarida energiyani tejash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha 76 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 547 mln. kVt/s elektroenergiya hamda 214 mln. kub.m. gaz iqtisod qilinadi.