Imtiyozlar qulay tadbirkorlik muhitini shakllantiradi, aholi farovonligiga xizmat qiladi
05/03/2015 - 11:46 8876
Ma'lumki, bugun davlatimiz tomonidan yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining samarali faoliyat yuritishlari uchun keng yo‘l ochib berilgan va ularni rag‘batlantirish borasida qator zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Milliy iqtisodiyotimiz, jumladan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida, 2015 yilda birja savdolari orqali 4,8 mln. tonnadan ortiq sement sotilishi belgilangan bo‘lib, bu o‘z navbatida, respublika aholisining qurilish materiallariga bo‘lgan ichki talabini yetarli darajada qondirilishiga zamin yaratadi.
Xususan, 2015 yilning yanvar oyi yakuniga ko‘ra, ochiq birja savdolari orqali sotilgan sement hajmi belgilangan reja ko‘rsatkichiga nisbatan 113,6 foizni tashkil etgan va bu qurilish materialining ayni paytdagi o‘rtacha narxi 2014 yil yanvar oyiga nisbatan, 38 foizga kamayib, uning har bir tonnasi 251 ming so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari, markazlashtirilgan mablag‘larni tejash, qurilish-pudrat ishlarini o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi orqali aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish maqsadida, 2015 yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan, muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ob'yektlarning qurilishi, rekonstruksiyasi va kapital ta'mirlanishi, jumladan qishloq joylarda Namunaviy uy-joylar qurilishi uchun imtiyozli narxlarda 791 ming tonna miqdorida sement ajratildi.
Bunday sanoatimiz tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, shubhasiz, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni to‘laqonli bajarilishini ta'minlab, yurtdoshlarimiz, xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladi.