Xizmat ko‘rsatish sohasi va servisni rivojlantirish yuzasidan 2014 yilning yanvar-noyabr oylarida amalga oshirilgan chora-tadbirlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida

19/12/2014 - 21:07 7994

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarni chuqurlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar yanada izchil rivojlantirilmoqda. Xususan, 2014 yilning yanvar-noyabr oylari yakuniga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish sohasida o‘sish sur'ati 114,8 foizga yetkazildi. Ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 72545,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘yicha o‘tgan 11 oy mobaynida jami 13476 ta loyiha amalga oshirilib,  shundan 6 mingdan ortig‘i - savdo, 3,7 mingtadan ortig‘i  - maishiy xizmat sohasiga to‘g‘ri keldi.

Mazkur sohani taraqqiy ettirish, asosan, tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hamda tijorat banklarining moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi orqali amalga oshirildi. Hisobot davrida birgina “Mikrokreditbank” tijorat banki tomonidan 35 mlrd. so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari mazkur sohaga yo‘naltirildi.

Eng yuqori o‘sish sur'atlari moliyaviy xizmatlar - 133,3 foiz, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta'mirlash xizmatlari - 127,1 foiz, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari - 124,2 foiz, kompyuterlarni dasturlash bo‘yicha xizmatlari - 121,1 foiz, maishiy xizmatlari - 120,3 foiz, qurilish xizmatlari - 117, 9, savdo xizmatlari - 116,9 foiz, turizm xizmatlari - 116,2 foiz hamda boshqa turdagi xizmatlarda yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi.

Tubdan o‘zgarishlar, asosan, qishloq joylarda, aholi daromadlarining ortishi, yangi uy-joylar qurilishi hamda obodonlashtirish, qishloq joylarda yashaydigan aholi turmush tarzining yuksalishi hisobiga amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘rinadi-ki, xizmat ko‘rsatish sohasidagi jadal o‘sish sur'atlari qishloq joylarning rivojlantirilishi bilan bevosita bog‘liq. Bu borada, hisobot davrida qishloq joylarda ko‘rsatilgan umumiy xizmatlar 16088,7 mlrd so‘m yoki 115,0 foiz o‘sishni tashkil etdi.

Shu bilan birga, qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi ijrosining bir yarim yil ichida bajarilgan ishlar natijalarining tahlili ham kishi e'tiborini tortadi. Masalan, qishloq joylarda turizm xizmatini ko‘rsatish hissasi umumiy turistik xizmatlarda 18,4 foizdan 32,6 foizga yoki 14,2 foizga o‘sgan. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarini tuzatish va ularga xizmat ko‘rsatish - 5,0 foizga, tibbiy xizmat ko‘rsatish - 3,0 foizga, kompyuter xizmatlari - 3,6 foizga o‘sganligini kuzatish mumkin.

Yuqorida qayd etilgan xizmatlarning aholi iste'mol talablari oshishining hisobga olinib kengaytirilishi hamda xizmat ko‘rsatish sohasining izchil rivojlanishiga kompleks yondashilganligi bu borada katta sifat o‘zgarishlari amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.