Yong‘in xavfsizligini ta'minlash - har bir fuqaroning burchi

17/12/2014 - 17:01 8851

Diqqat: Yong‘in xavfsizligi oyligi!

Hukumatimizning tegishli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida, ayni paytda yurtimizda o‘tkazilayotgan yong‘in xavfsizligi doirasida Iqtisodiyot vazirligida ham targ‘ibot-tushuntirish tadbiri tashkil etildi. Unda vazirlik rahbariyati, mas'ul xodimlari, ishchi-xizmatchilari ishtirok etishdi.

Tadbirda Ma'muriy binolarda yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Jamshidxon Israilov qatnashdi va u bu yerda hozir bo‘lganlarga yong’in xavfsizligini ta’minlash borasidagi muhim  ma'lumotlarni taqdim etdi. Ayniqsa, ma'ruzachining yong‘in xavfsizligini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlar tahlili, yong‘in holati ro‘y berganda har bir xodimning tezkor harakatlari to‘g‘risidagi atroflicha tushuntirishi barchaning e'tiborini jalb etdi. Shuningdek, elektr qurilmalarini ishlatish vaqtida yong‘in xavfsizligini ta'minlash, ma'muriy binolarning yong‘in xavfsizligini ta'minlashda ilk qo‘llaniladigan tezkor harakatlar majmuasi, yong‘in yuz bergan holatda esa insonlarni evakuatsiya qilish va yong‘inni o‘chirishga qaratilgan chora-tadbirlarga ham e'tibor qaratildi.

- Tadbir davomida, - deydi 4-harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi alohida post boshlig‘i, mayor Murod Asadov, - ishtirokchilarga yong‘in holatlari sodir bo‘lganda birlamchi yong‘in o‘chirish vositalaridan qanday to‘g‘ri foydalanish kerakligi borasida ham xodimlarimiz ko‘rgazmali chiqishlar qilishdi.

O’tkazilgan tadbirdan vazirlik xodimlari o’zlari uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan xulosaga kelishdi.

Vazirlik axborot xizmati