Kollej bitiruvchilari bandligi ta’minlanmoqda

16/12/2014 - 15:18 9380

Ma’lumki, Prezidentimiz Vazirlar Mahkamasining Mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yig‘ilishidagi ma’ruzasida shahar va qishloqlarda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish orqali aholi bandligini, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash muhim ustivor masala ekanligini alohida ta’kidlagan edi.

Shunga muvofiq, belgilangan ustivor vazifalarning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida, mamlakatimizda joriy yilda 2013/2014 o‘quv yili kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash yuzasidan har bir shahar, tuman, kollej bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Bunda, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining:

korxonalar, tashkilotlar hamda iqtisodiyotning real sohalariga biriktirilishi;

ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash va keyinchalik ushbu korxona va tashkilotlarda ishga joylashish bo‘yicha korxona, kollej hamda bitiruvchi o‘rtasida uch tomonlama kelishuvlar tuzilishi;

egallagan mutaxassisliklari bo‘yicha ishga joylashishlari uchun kasb-hunar kollejlariga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etib borilishi;

mustaqil tadbirkorlik faoliyatini yurgizishlari, oilaviy biznesni tashkil etishlari maqsadida, ularga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar ajratib borilishi ko‘zda tutilgan edi.

Belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishi natijasida, O‘rta-maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 dekabr holatiga, 2013/2014 o‘quv yili kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining 86,6 foizining bandligi ta’minlanishiga erishildi.

Aytish joizki, mamlakatimizda kollej bitiruvchilarining bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan qator ijobiy ishlar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashgan yoshlarning kasbiga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirib, ularning kelgusida yetuk kadrlar bo‘lib yetishishiga katta zamin yaratishi shubhasiz.