2014 yilda ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturining bajarilishi to‘g‘risida

10/12/2014 - 19:27 7780

Mamlakatimizda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, ularning bandlik darajasini oshirish maqsadida, ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi doirasida respublika bo‘yicha 2014 yilning yanvar-noyabr oylarida 930,5 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi (prognoz parametrlariga nisbatan 1,7 foizga ko‘proq). Mazkur ish o‘rinlarining 341,6 mingtasi yangidan tashkil etilgan kichik korxonalar va mikrofirmalar ulushiga to‘g‘ri keldi.

Tashkil etilgan yangi ish o‘rinlarining salmoqli qismi Andijon (74,9 ming ish o‘rni), Buxoro (70,7 ming ish o‘rni), Qashqadaryo (83,0 ming ish o‘rni), Namangan (72,0 ish o‘rni), Samarqand (88,7 ming ish o‘rni), Toshkent (82,7 ming ish o‘rni), Farg‘ona viloyatlari (86,6 ming ish o‘rni) hamda Toshkent shahriga (85,9 ming ish o‘rni) to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4609-sonli farmoniga muvofiq 2014 yilning 1 iyunidan boshlab sanoatning ko‘p mehnat talab qiladigan tarmoqlaridagi kichik korxonalarning yillik cheklangan ishchilar sonining oshirilishi mamlakatimizda aholi bandligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.