Qarshi tumanida zamonaviy to‘qimachilik majmuasi barpo etiladi
02/12/2014 - 14:59 8156
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 31 oktyabrdagi 305-sonli qaroriga asosan, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida 2015-2016 yillar mobaynida “LT Textile Cooperatief U.A.” (Niderlandiya) kompaniyasi tomonidan 55 mln.dollar miqdorida xorijiy investitsiya kiritilishi hisobiga, zamonaviy yuqori texnologiya vositalari yordamida jihozlangan to‘qimachilik korxonasi tashkil etiladi.
Ushbu zamonaviy to‘qimachilik majmuasida yilida 20 ming tonna paxta tolasi qayta ishlanadi. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 80 foizdan ortig‘i eksportga mo‘ljallanadi. Bu, o‘z navbatida, vohada eksport salohiyatining ortishi, aholi turmush tarzining farovonlashuviga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur korxonada to‘qimachilik uskunalariga xizmat ko‘rsatish uchun maxsus servis markazi ham barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Buning natijasida korxonada 700 nafar kishi muqim ish o‘rni bilan ta'minlanadi.
Shu bilan birga, 2017-2018 yillarda korxonada ip gazlama va aralash gazlama ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilishi belgilangan.