Tadbirkorlik faoliyati mavzusida dolzarb savol-javoblar
19/11/2014 - 19:26 60282
SAVOL: Tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun qayerga murojaat qilinadi?
JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 24 maydagi Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi 357-sonli qaroriga muvofiq, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish, tegishli ravishda, adliya organlari yoki tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish Inspeksiyalari tomonidan bir vaqtning o‘zida ularni soliq va statistika organlarida hisobga qo‘ygan holda amalga oshiriladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yishning xabardor qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga ko‘ra:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining tegishli qarorlari bilan aksiyadorlik kompaniyalari (shu jumladan, davlat-aksiyadorlik kompaniyalari va xoldinglar) shaklida tashkil etilayotgan xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek Toshkent shahrida tashkil etiladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar, bozorlar hamda soliq maslahatchilari tashkilotlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa tashkilotlar – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan;
tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tashkil etiladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar, bozorlar hamda soliq maslahatchilari tashkilotlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda boshqa tashkilotlar – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar adliya boshqarmalari tomonidan;
barcha tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar, yuqorida ko‘rsatilganlardan tashqari - tumanlar va shaharlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, tijorat faoliyati uchun tovarlarni olib keluvchi yuridik shaxs bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yildagi 2 sentyabrdagi 413-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tijorat faoliyati uchun mo‘ljallangan tovarlarni olib keluvchi yuridik shaxs bo‘lmagan yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq, soliq organlari tomonidan amalga oshiriladi.
SAVOL: Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat ko‘rsatish sohalari qaysi normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solinadi?
JAVOB: Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat ko‘rsatish sohalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 7 yanvardagi “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 6-sonli qaroriga asosan tartibga solinadi.
Mazkur qaror bilan xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan 75 ta faoliyat turlarining ro‘yxati tasdiqlangan.
Ushbu ro‘yxatning to‘liq matni bilan ushbu manzil orqali tanishish mumkin.
SAVOL: Yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda firma nomlarini tanlash qanday amalga oshiriladi?
JAVOB: Yuridik shaxslarning Internet tarmog‘i orqali firma nomini zaxiraga olish O‘zbekiston Respublikasining “Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonunida va “Elektron zaxiraga olish tizimi va firma nomlarining markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasining ishlash tartibi to‘g‘risida”gi Yo`riqnomada belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi (2011 yil 2 avgustda Adliya vazirligida 2251-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan).
Ta’sischining tanloviga ko‘ra, Internet tarmog‘i orqali firma nomini zahiraga olish O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining www.stat.uz rasmiy saytiga kecha va kunduz bevosita murojaat qilish hamda tegishli ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga murojaat qilish yo‘llari bilan amalga oshiriladi.
Firma nomlarini zaxiraga olish uchun tegishli elektron talabnoma to‘ldirilib, unga bitta asosiy va muhimligi bo‘yicha joylashgan to‘rttagacha qo‘shimcha firma nomlari kiritiladi. Murojaat stastistika organlari tomonidan 4 ish soatidan oshmagan muddatda ko‘rib chiqiladi va arizachiga bitta nom tasdiqlab jo‘natiladi.
SAVOL: Tadbirkorlik subyekti tomonidan tijorat bankida hisob raqami ochish tartibi qanday?
JAVOB: Tadbirkorlik subyekti tomonidan tijorat bankida hisob raqami ochish “O‘zbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari to‘g‘risida”gi Yo`riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi (2009 yil 27 aprelda Adliya vazirligida 1948-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan).
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
1. Yo‘riqnomada keltirilgan shakldagi hisobvaraq ochish to‘g‘risida ariza;
2. Davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;
3. Yo‘riqnomada keltirilgan shaklga muvofiq imzolar namunalari va muhr izi qo‘yilgan ikki dona varaqcha;
4. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining ta’sis hujjatlari (ta’sis shartnomasi, ustav) hamda ularga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning nusxalari;
5. Mijoz nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki uni o‘rnini bosadigan hujjat).
Hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng, bank hisobvaraqlarini ochish ikki bank ish kunida amalga oshiriladi. Kichik biznes subyektlari uchun bank hisobvaraqlarini ochishda bank tomonidan xizmatlar uchun to‘lovlar undirilmaydi.