"O‘zbekiston matbuoti" IV Milliy forumi: Tahlillar, fikr-mulohazalar, takliflar
19/11/2014 - 18:52 8304
Bugun poytaxtimizning Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi (Fond) tomonidan qator tegishli va manfaatdor idora-tashkilotlar hamkorligida «O‘zbekiston matbuoti» IV Milliy forumi o‘tkazildi.
Ushbu forum axborot sohasini isloh qilish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, O‘zbekiston media makonini modernizatsiya qilishning zamonaviy tendensiyalari, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish kabi muhim masalalarga qaratilgani bilan e’tiborga molik. Jumladan, tadbirda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash borasida kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida O‘zbekiston media-sohasi jadal rivojlanishi, OAV, ayniqsa, nodavlat ommaviy axborot vositalari soni o‘sishi kuzatilayotgani qayd etib o‘tildi. Chunonchi, bugun ro‘yxatga olingan OAV umumiy hajmida nodavlat sektor ulushi 2010 yilga nisbatan deyarli ikki barobarga o‘sgani e’tirof etildi.
Vaholanki, istiqlolning ilk davrida yurtimizda jami 9 nashriyot va 149 ta matbaa korxonalari faoliyat yuritgan, 2014 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra esa, ularning soni 107 va 1514 tani tashkil etdi. Internetdan foydalanuvchilar soni jadal o‘smoqda, O‘zbekiston aholisining uchdan bir qismi internet tarmog‘ining faol foydalanuvchisi hisoblanadi.
Tadbir oldindan kutilganidek, qiziqarli bahs-munozaralar, erkin fikrlar ruhida o‘tdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari Davlat qo‘mitasi rahbarining, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharririning chiqishlari forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, Milliy internet-jurnalistikani rivojlantirishning dolzarb tensiyalariga bag‘ishlangan, www.anhor.uz axborot-tahliliy yangiliklar sayti bosh muharriri Lola Islomovaning o‘ziga xos chiqishi ham kishi e’tiborini jalb qildi.
Forum doirasida media bozorda raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy ta’minlashning dolzarbligi to‘g‘risidagi tezislar bir necha marotaba qayd etildi. Matbuot va teleradioeshittirishlar ekspertlari media-sohada monopoliyadan chiqarishga doir dolzarb masalalar va plyuralizm muammolarini hal etishda OAV moliyaviy barqarorligi, iqtisodiy mustaqilligini kafolatlash, O‘zbekiston matbuoti faoliyatiga ular salohiyati yuksalishini ta’minlovchi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, internet-nashrlarning ham mamlakatimiz, ham dunyo miqyosida pozitsiyasini mustahkamlash haqida fikr bildirdilar.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 2014 yil 24 aprelida qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi mexanizmi taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining o‘z faoliyati, uning oshkoraligi haqida jamoatchilikni keng xabardor qilish, aholi, davlat organlari vakillari bilan ikki tomonlama aloqa o‘rnatish maqsadida OAV bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida so‘z yuritdi. Qonunda belgilangan g‘oyaviy mexanizmlar o‘zini oqlagani, ushbu hujjatda nazarda tutilgan vazifalar ijrosi ta’minlanganiga doir amaliyotdagi aniq misollar keltirildi.
Darhaqiqat, bugun O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining muvaffaqiyatli faoliyati uchun keng huquqiy baza yaratilgan va u xalqaro tajribani e’tiborga olgan holda takomillashmoqda. Qatnashchilar fikriga ko‘ra, ushbu qonunchilik chora-tadbirlari axborot bozori ishtirokchilari faoliyati samaradorligini oshirish va ularning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish, qo‘shimcha iqtisodiy preferensiyalarni yaratish, OAVning axborot olish imkoniyatini ta’minlash mexanizmlarini yaxshilashga qaratilgan.
Ta’kidlash lozimki, forumi doirasida ilk Internet-OAV tendensiyalari va istiqbollari, xususan, onlayn-nashrlar materiallari sifatini oshirish, internet-OAV moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash, AKT yutuqlarini joriy etish va O‘zbekiston mass-medianing yangi shakldagi global makon darajasiga chiqarishga ham qaratildi, dalil va raqamlar keltirildi. Masalan, 2010 yil fevral oyida «.uz» доменида 10-minginchi veb-sayt ro‘yxatga olingan bo‘lsa, joriy yil sentyabr holatiga ko‘ra, ushbu raqam 18,3 mingtadan oshdi. Bunda internet-ОАВ faol rivojlanmoqda, hozirgi kunda foydalanuvchilarga axborot-tahliliy xizmatlarni 270 dan ortiq tarmoq ommaviy axborot vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular veb-saytlariga o‘rtacha har oyda 821 mingdan ortiq foydalanuvchilar kirmoqda, bir oyda o‘rtacha 11 milliondan ziyod veb-saytlar xitlari (ko‘rishlar) qayd etilgan.
Ushbu Milliy forumdan olingan asosiy xulosa shulki, bunday bahs-munozara, jonli muloqotlar, o‘zaro tajriba va fikr almashuvlar миллий matbuotimiz faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlashda OAVda innovatsiyalar, onlayn-jurnalistikani rivojlantirish mavzusida, O‘zbekiston media-makonini jadal rivojlantirishni ta’minlashdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Vazirlik matbuot xizmati