Issiqlik ta'minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, yangilash hamda energotejamkor texnologiyalarni joriy etish to‘g‘risida

23/10/2014 - 19:27 9107

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 6 noyabrdagi “Respublikaning issiqlik va ichimlik suvi ta'minoti korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 300-sonli qaroriga asosan, 2014-2020 yillarda issiqlik ta'minoti tizimlarini modernizatsiya qilish va yangilash, sohaga energotejamkor texnologiyalarni tadbiq etish kabi muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.

Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun 2014-2015 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga mamlakatimizning 28 ta shaharlarida issiqlik ta'minoti tizimlarini modernizatsiya qilish chizmalarini ishlab chiqish yuklatilgan.

Aholiga ko‘rsatilayotgan issiqlik ta'minoti xizmati sifatini yanada oshirish, iste'molchilarni belgilangan normativ parametrlarga muvofiq issiqlik bilan ta'minlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi bilan Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlik Strategiyasi doirasida respublikamiz shaharlarida issiqlik ta'minoti tizimlarini tiklash va modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish yuzasidan joriy yilning iyul oyida Iqtisodiyot vazirligi va Jahon banki o‘rtasida Bayonnoma (Memorandum) imzolandi.

Ushbu Memorandumga asosan Jahon banki tomonidan Andijon va Chirchiq shaharlari hamda Toshkent shahri Sergeli tumani (TTS-8) issiqlik ta'minoti tizimlarini rekonstruksiya qilish masalalarini ko‘zda tutuvchi loyihani amalga oshirish uchun texnik iqtisodiy asoslarni (TIA) ishlab chiqishga grant mablag‘larini ajratish belgilangan.

Loyihada issiqlik ta'minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, energiyani ko‘p sarf etuvchi, xizmat davrini o‘tab bo‘lgan isitish qozonlarini energotejamkor va foydalilik darajasi yuqori bo‘lgan tegishli uskunalar bilan almashtirish, chekka hududlardagi (magistral tarmoqdan uzoq) iste'molchilarni lokal tizim orqali issiqlik bilan ta'minlash kabi masalalar belgilangan.

Bundan tashqari, mazkur loyiha doirasida, issiqlik tarmoqlarini yangilash, issiqlik ta'minotini xalqaro me'yorlar va standart talablarga mos keluvchi yopiq tizimga o‘tkazish, shuningdek issiqlik ta'minoti korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish maqsadida, iste'molchilar qamrovini oshirish, hisob-kitoblarning elektron billing tizimini joriy etish hamda sohadagi mutaxassis xodimlarning malakalarini oshirish masalalari ham ko‘zda tutilgan.