O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Koreya Respublikasi o‘rtasida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Hadli Bitim loyihasi yuzasidan onlayn uchrashuv
22/09/2022 - 18:15 1873
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi Hadli Bitim loyihasini amalga oshirish maqsadida loyiha bandlarini o‘zaro kelishish, kerakli o‘zgartirishlar kiritish hamda yuzaga kelgan savollarga javob olish maqsadida onlayn tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati markazi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mas’ul xodimlari hamda Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etishdi.
Loyihadan ko‘zda tutilgan maqsad iqlim o‘zgarishi sharoitida resurslardan samarali foydalanish hamda tejamkor va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta’minlashda o‘zaro hamkorlikni nazarda tutadi. Loyihada energetika, sanoat, transport, qurilish, chiqindilarni boshqarish, qishloq va o‘rmon xo‘jaligida issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish va/yoki yo‘q qilish, milliy inventarlarni o‘lchash, hisobot berish va tekshirish (MRV) sohasida salohiyatni oshirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish imkoniyatlarini kuchaytirish, ayniqsa, moslashish strategiyalariga e'tibor berish, iqlim fanlari va texnologiyalari sohasida hamkorlik, shu jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, modellashtirish, bashorat qilish va kuzatish, iqlim texnologiyalarini ishlab chiqish va uzatish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek tomonlar Hadli Bitim doirasida iqlim o’zgarishi bo’yicha mutahassislar, tadqiqotchilar, olimlar va davlat amaldorlari almashinuvi, shu jumladan salohiyatni oshirish bo’yicha o’qitish kabi hamkorlik faoliyatini olib borishadi.

Tadbir davomida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan fikr almashishdi va loyihani yanada takomillashtirish maqsadida takliflar kiritishdi.
Tadbir so‘ngida, tomonlar loyihaning tashkiliy masalalarida hamkorlik davom ettirish yuzasidan kelishib oldilar.