OTB O‘zbekiston shaharlarining moliyaviy barqarorligini oshirishga yordam bermoqda

17/11/2022 - 20:17 1642

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) tomonidan tashkil etilgan ikki kunlik o‘quv seminarida xalqaro ekspertlar va mamlakatning turli shahar, viloyat va markaziy hokimiyat organlaridan ishtirokchilar barqaror shahar rivojlanishini moliyalashtirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar bilan tanishish maqsadida ishtirok etdilar. Seminar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi ko‘magida tashkil etildi.

OTB va Gaaga akademiyasining xalqaro ekspertlari munitsipal moliya sohasidagi global tendensiyalar, muammolar va ilg‘or tajribalarni taqdim etdilar. Unda Gruziya, Janubiy Afrika va Niderlandiya kabi boshqa mamlakatlar tajribasi namoyish etildi va hukumatning barcha darajadagi organlari o‘rtasida barqaror hamkorlik muhimligi hamda qarorlar qabul qilish jarayonlariga mahalliy hamjamiyatlarni mazmunli jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.

Seminar shuningdek, shahar rivojlanishini moliyalashtirishning hukumatlararo fiskal transfertlar (XFT) va raqamli texnologiyalardan innovatsion foydalanish kabi turli variantlarini o‘rganish imkonini berdi.

“Shaharlarni ekologik barqaror, yashashga yaroqli va inklyuziv qilish – zamonamizning eng katta muammolaridan biri”, dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo mintaqasi bo‘yicha shaharsozlik va suv ta’minoti bo‘yicha direktori Gia Xeyon Xong xonim. “Ushbu jarayonning muvaffaqiyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri sezgir va barqaror shahar moliya tizimi bilan bog‘liq.”

OTB “Shaharlarni kompleks rivojlantirish loyihasi” orqali hukumatning urbanizatsiya bilan bog‘lik sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. O‘tgan oyda O‘zbekistonning to‘rtta o‘rta shaharlarida yashash sharoitlarini yaxshilash va iqtisodiy raqobatbardoshlikni oshirish uchun OTB 59 mln. AQSH dollari miqdorida qarz va 500 ming AQSH dollari miqdorida grant ajratishni ma’qulladi. OTBning “Shaharlarni kompleks rivojlantirish loyihasi” COVID-19 pandemiyasi va iqlim o‘zgarishidan himoyalanmaganlik tufayli o‘sishi sekinlashgan Jizzax, Xovost, Xiva va Yangiyer shaharlarida munitsipal infratuzilma va xizmatlarga strategik investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Loyiha doirasida OTB, shuningdek, institutsional mustahkamlash va hukumat mansabdor shaxslarining salohiyatini oshirishga yordam beradi.

O‘zbekiston OTBga 1995-yilda a’zo bo‘lgan. O‘shandan beri OTB mamlakatga 10,5 mlrd AQSH dollari miqdorida qarz, grant va texnik ko‘mak taqdim etgan.

OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi. OTB 1966-yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.