DAVLAT FUQAROLIK XIZMATI TO‘G‘RISIDA”GI YANGI QONUN BO‘YICHA O‘QISHLAR TASHKIL ETILDI

01/11/2022 - 20:08 1883

Joriy yilning sentabr-oktabr oylarida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyatini tushuntirish va uni amalga oshirish bo‘yicha iqtisodiy o‘qishlar bo‘lib o‘tdi.

Iqtisodiy o‘qishlar ikki yo‘nalishda tashkil etildi. Birinchisi, vazirlik markaziy apparati, hududiy bosh boshqarmalar va tizim tashkilotlari xodimlari uchun o‘quv seminarlari shaklida, ikkinchisi vazirlik tizimidagi kadrlar bo‘linmalari xodimlari uchun maxsus darslar shaklida o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, y.f.d., prof. Foziljon Otaxonov tomonidan olib borildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonuni 2022-yil 8-avgustda qabul qilingan bo‘lib, 64 ta moddadan iborat. Ushbu Qonunning maqsadi davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Iqtisodiy o‘qishlar davomida davlat fuqarolik xizmati sohasidagi davlat boshqaruvi, davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat fuqarolik xizmatini tashkil etish, davlat fuqarolik xizmatchisini huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilish kabi bir qator mavzular muhokama etildi. Shuningdek, Qonun bilan kuchga kiradigan va kadrlar bo‘linmalari faoliyatiga bevosita aloqador bo‘lgan masalalar atroflicha tahlil qilindi

Yangi Qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirish va uni amalga oshirish bo‘yicha tashkil etilgan iqtisodiy o‘qishlar xodimlar salohiyatini rivojlantirishga, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qildi.

 

 

Inson resurslari va xodimlar salohiyatini

rivojlantirish departamenti,

Axborot xizmati