BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan “Inson kamoloti hisoboti - 2021/22” e’lon qilindi
08/09/2022 - 23:15 3604
Joriy yilning 8-sentabr kuni BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan Inson kamoloti hisoboti - 2021/22, “Noaniq vaqtlar, beqaror hayot: kelajagimizni o‘zgaruvchan dunyoda shakllantirish” e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston 191 ta mamlakatlar orasida 0,727 ko‘rsatkich (so‘nggi hisobotga ko‘ra reyting bahosini 0,007 ko‘rsatkichga yaxshiladi) bilan 106-o‘rindan 101-o‘ringa yuqorilab, indeks metodologiyasiga ko‘ra inson taraqqiyotining yuqori darajasi tasnifidagi o‘rnini mustahkamladi.

“Inson kamoloti hisoboti - 2021/22” 2020-yilning 1-yanvaridan 2021-yilning 31-dekabrigacha bo‘lgan davr davomida amalga oshirgan islohotlar va UNDESA, UNICEF, UNESCO, World Bank va United Nations Statistics Division kabi xalqaro tashkilotlarning hisobotlariga asoslangan.

Covid-19 pandemiyasining birinchi yilida deyarli barcha mamlakatlarning inson kamolotida pasayish (revers) kuzatilgan bo‘lsa, ikkinchi yilda ham indeks tasnifi bo‘yicha Inson kamolotining past, o‘rta va yuqori darajali guruhiga kiruvchi aksariyat mamlakatlarda pasayish kuzatildi.

So‘nggi olti yillik hisobotda O‘zbekiston mazkur reytingda indeks ko‘rsatkichi +0,018 yuqoriladi, natijada kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi 70,8 yoshdan 70,9 yoshga, o‘rtacha ta’lim davomiyligi 11,7 yildan 11,9 yilga, kutilayotgan ta’lim davomiyligi 11,9 yildan 12,5 yilga hamda xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha aholi jon boshiga yalpi milliy daromad 6 726 AQSH dollaridan 7 917 AQSH dollariga yetdi.
So‘nggi olti yillikda mamlakatimizda aholi turmush tarzini yaxshilash, taʼlim va sog‘liqni saqlash tizimlarini tubdan isloh qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida:
- onalar o‘limi koeffitsienti (100 000 tirik tug‘ilganga nisbatan) 2021-yilda 14,4 ga yetib, 2016-yilga nisbatan 3,0 koeffitsientga va go'daklar o’limi koeffitsienti (1 000 tirik tug'ilganga nisbatan 1 yoshgacha o‘lganlar soni) 2021-yilda 9,2 ga yetib, 2016-yilga nisbatan 1,5 koeffitsientga qisqargan;
- oliy taʼlim muassasalari soni 2021/2022-o‘quv yilida 154 tani (2016/2017-o‘quv yilida 70 ta) hamda yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish (bakalavriat) darajasi 2021/2022-o‘quv yilida 28 foizni (2016/2017-o‘quv yilda 9 foiz) tashkil etdi;
- aholi jon boshiga real umumiy daromadlar 2021-yilda 2016-yilgi 5,9 mln so‘mdan 13,3 mln so‘mga yetkazildi.
Dunyo reytingining eng yuqori 3 ta pog‘onasida Shveysariya (0,962 indeks ko‘rsatkich), Norvegiya (0,961) va Islandiya (0,959) egallagan bo‘lsa, eng quyi o‘rinlarda Niger (0,400), Chad (0,394) va Janubiy Sudan (0,385) joylashdi.
Hisobotning sharhiga havola:
https://hdr.undp.org/system/files/documents/global-report-document/hdr2021-22pdf_1.pdf
O‘zbekiston Respublikasi haqida ma’lumot:
https://hdr.undp.org/data-center/specific-country-data#/countries/UZB
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati