O‘zbekiston Respublikasini 2013-yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida
01/05/2013 - 04:04 8985
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2013-yilgi iqtisodiy dasturning muhim yo‘nalishlariga muvofiq amalga oshirilgan chora-tadbirlar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, sanoat tarmoqlari, ishlab chiqarish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli kompleks dasturlarning davom ettirilishi 2013-yilning birinchi choragida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining barqaror o‘sish sur’atlarini saqlash imkonini berdi.
I. Barqaror yuqori o‘sish sur’atlari, makroiqtisodiy barqarorlik va mamlakatimiz iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish
2013-yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot ishlab chiqarish 7,5 foizga oshdi. Iqtisodiy o‘sish mamlakat makroiqtisodiy barqarorligini yanada mustahkamlash orqali ta’minlandi. Bunda inflyatsiya darajasi past ko‘rsatkichni va davlat byudjeti profitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foizni tashkil qildi.
Sanoatni yanada rivojlantirish, tarmoqlar raqobatbardoshligini oshirish va yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga doir dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 6 foizga, jumladan iste’mol tovarlarini 9,4 foizga oshirishni ta’minladi.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilma ob’ektlarini tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi natijasida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 7,2 foiz, qurilish-pudrat ishlari hajmi 13,2 foizga o‘sdi.
Fermer xo‘jaliklarining moddiy-texnika bazasini texnik yangilash va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish jarayonlarini jadallashtirish yalpi qishloq xo‘jaligi mahsulotini 6,2 foizga ko‘paytirish imkonini berdi.
Aholi daromadlarini barqaror oshishini ta’minlash va ichki iste’mol talabini rag‘batlantirish chora-tadbirlari chakana savdo aylanmasi hajmini 13,1 foiz va jami xizmatlar ko‘rsatishni 9 foizga oshirishga ko‘maklashdi.
2013-yilning birinchi choragida O‘zbekiston Respublikasini
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari
(2012-yilning shu davridagiga nisbatan foiz hisobida)
Ko‘rsatkichlar O‘sish sur’atlari
Yalpi ichki mahsulot 107,5
Sanoat mahsulotlari 106,0
Iste’mol tovarlari 109,4
Qishloq xo‘jalik mahsulotlari 106,2
Qurilish ishlari 113,2
Chakana savdo aylanmasi 113,1
Jami xizmatlar 109,0
II. Iqtisodiyot va uning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash ko‘lamini jadallashtirish hamda kengaytirish, ishlab chiqarishlarni diversifikatsiya qilish
2013-yilning birinchi choragi mobaynida ishlab chiqarishlarni yanada diversifikatsiya qilish, ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini qisqartirish, mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish, ishlab chiqarishni texnik hamda texnologik yangilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarini kengaytirish hisobidan iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan dasturiy chora-tadbirlarni amalga oshirish davom ettirildi.
2011-2015-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirish dasturi doirasida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirishga doir investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi sanoat ishlab chiqarishining, avvalo, sanoatning yuqori texnologiyali tarmoqlarida, barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlash imkonini berdi. Xususan, joriy yilning birinchi choragida sanoatning mashinasozlik va metallni qayta ishlash (2012-yilning shu davriga nisbatan 118,9 foiz), yengil sanoat (113,2 foiz), kimyo va neft-kimyo sanoati (107,4 foiz) va oziq-ovqat sanoati (106,2 foiz) kabi tarkib yaratuvchi tarmoqlarida jadal rivojlanish ta’minlandi. Sanoat ishlab chiqarishi umumiy tarkibida ushbu tarmoqlar ulushi 2012-yilning birinchi choragidagi 47 foizdan 49,3 foizga oshdi.
Mamlakatimizda iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirishni rag‘batlantirish maqsadida ishlab chiqaruvchi korxonalarga texnologik uskunalar sotib olish hamda aylanma kapitalni to‘ldirish uchun banklar tomonidan 652,6 milliard so‘m (2012-yilning birinchi choragiga nisbatan 1,3 barobar ko‘p) miqdordagi kreditlar ajratildi.
Natijada hisobot davrida iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish hajmi 9,4 foizga, jumladan oziq-ovqat mahsulotlari 6,3 foiz va nooziq-ovqat mahsulotlari hajmi 12,3 foizga oshdi. Sariyog‘ va o‘simlik yog‘i, mineral suv, sut mahsulotlari, elektr dazmollar, energiya tejaydigan lampalar, yorma, charm buyumlar, tayyor trikotaj buyumlar, maktab daftarlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi sezilarli ravishda ko‘paydi.
Tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxonalar tomonidan yengil va yuk avtomobillari, avtomobil dvigatellari, traktorlar, traktor tirkamalari, signalli-blokirovka kabellari, o‘rnatiladigan simlar, kompressorlar, ip gazlamalar va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmining yuqori o‘sish sur’atlari ta’minlandi.
Shuningdek, joriy yilning birinchi choragida “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari qiymati 3 milliard so‘mdan ortiq 10 turdagi yangi dori vositalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi. Bu ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori-darmonlar bilan to‘ldirish darajasini oshirish imkonini berdi.
Joriy yil boshidan buyon Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida tuzilgan shartnomalar doirasida yetti turdagi yangi innovatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish tashkil etildi. 14 shartnoma bo‘yicha ilmiy va ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqarilgan ilmtalab mahsulotlar yetkazib berildi, 28 shartnoma asosida tashkilotlarga ilmiy-texnik xizmatlar ko‘rsatildi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida innovatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, qiymati 18 milliard so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarildi va xizmatlar ko‘rsatildi.
Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi choragida 2,1 trillion so‘mlik yoki 2012-yilning shu davriga nisbatan 1,4-marta ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi. Zanglamaydigan konsol nasoslar, sintetik ip, yangi turdagi havo, moy va yoqilg‘i filtrlari, bolalar o‘yinchoqlari, akkumulyatorli monobloklar, yer usti transporti uchun xavfsiz oynalar kabi qirqdan ortiq yangi turdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Natijada import o‘rnini bosish bo‘yicha hisoblab chiqilgan samara bir milliard dollardan oshib ketdi yoki bu 2012-yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 20,5 foiz ko‘pdir. Mahalliylashtirilayotgan mahsulotlar eksport hajmi 161,7 million dollar, shu jumladan 14 turdagi yangi mahsulot bo‘yicha 1,5 million dollarni tashkil etdi.
Iqtisodiyot tarmoqlarining eksport salohiyatini kengaytirishni rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish natijasida joriy yilning birinchi choragida uglerod ikki oksidi, natriy nitrati, yuk avtomobillarining tirsakli vallari, polietilen quvurlar, izolyatsiya qilingan va o‘rash simlari, tok o‘tkazish simlari, avtogeneratorlar, kompressorlar kabi qiymati 56,7 million dollardan ortiq 76 turdagi yangi tovarlar eksportga yetkazib berildi. Shu bilan birga, ammiak selitra, xlorli kaliy, suyultirilgan gaz, volfram, qora metall prokati, ip gazlama va boshqa mahsulotlarning eksport hajmi ko‘paydi.
Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotish bo‘yicha bozor mexanizmlarining kengayishi O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolarida umumiy oborot hajmi 1,5 trillion so‘mdan oshib, 20,3 foizga ko‘payish imkonini berdi. Birja savdolarida ikkilamchi alyuminiy, mis mahsulotlari, rangli metall parchalari, sement, suyultirilgan gaz va ko‘mir sotish hajmi ancha ko‘paydi. Birja savdolarida kichik biznes sub’ektlari tomonidan tuzilgan bitimlar hajmi umumiy birja aylanmasi hajmining 753,5 milliard so‘mini tashkil qildi (2012-yilning shu davriga nisbatan 107 foiz).
Tijorat banklarining resurs bazasini kengaytirish va investitsiya faolligini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida bank tizimining jami kapitali 2012-yilning shu davriga nisbatan 23,5 foizga, ularning jami aktivlari 30,5 foizga ko‘paydi. Mamlakatimiz bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi shu yilning birinchi choragida 24,3 foizga yetdi, bu – Bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasining amaldagi minimal talablaridan 3 barobar ortiqdir.
2013-yilning birinchi choragida xizmat ko‘rsatish va servis sohasida infratuzilmani yaratish va rivojlantirish uchun Mikrokreditbankning 7,1 milliard so‘mdan oshiq kredit mablag‘lari yo‘naltirildi. 1,5 mingga yaqin maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ekti, 1,2 mingdan ziyod chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonasi tashkil etildi. Bu esa maishiy xizmatlarni 17,1 foiz, savdo hamda umumiy ovqatlanish xizmatlarini 13,3 foizga oshirish imkonini berdi.
Mobil aloqa va internetdan foydalanuvchi abonentlar sonining ko‘payishi, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida yangi turdagi xizmatlarni rivojlantirish hamda joriy etish natijasida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 20,7 foizga ko‘paydi. Mikro va iste’mol kreditlar ajratishni rivojlantirish, zamonaviy xalqaro standartlar va texnologiyalardan foydalangan holda to‘lov tizimini takomillashtirish, moliya infratuzilmasi institutlarini rivojlantirishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar moliya xizmatlari hajmini 15,9 foizga oshirishga ko‘maklashdi.
Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish dasturi doirasida amalga oshirilgan tadbirlar xizmatlar umumiy hajmini 9 foiz, yalpi ichki mahsulotda ushbu soha ulushini 2012-yildagi 52,1 foizdan hisobot davrida 52,5 foizga oshirish imkonini berdi.
III. Faol investitsiya siyosatini yuritish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiyot yetakchi tarmoqlarini jadal yangilash
Joriy yilning birinchi choragida iqtisodiyotda o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 4,6 trillion so‘mni tashkil qildi va solishtirma narxlarda 2012-yilning shu davriga nisbatan 7,2 foizga oshdi. Kapital qo‘yilmalar umumiy hajmining 68,2 foizi iqtisodiyotning ishlab chiqarish tarmoqlaridagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirildi.
Byudjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi 1,6 barobar, aholi mablag‘lari hisobidan 16,2 foiz, tijorat banklari kreditlari hisobidan 10,6 foiz o‘sdi. Bunda o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmining 21,7 foizini aholi mablag‘lari tashkil qildi va bu uning yuqori investitsion faolligi ifodasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 10-aprelda qabul qilingan 4434-farmoni bilan tasdiqlangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish, xorijiy investorlar hamda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun kafolatlar va imtiyozlar tizimini mustahkamlashga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmini 35,5 foiz, jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni 44 foizga ko‘paytirish imkonini berdi.
Hisobot davrida umumiy qiymati 4,3 milliard dollarlik 114 yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish boshlandi, “Stroy Max Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasida gaz-beton ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini bajarish nihoyasiga yetkazildi, “Bekobodsement” ochiq aksiyadorlik jamiyatida quruq uslubda sement ishlab chiqarish bo‘yicha yangi liniyani qurish orqali faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish” loyihasi asosida ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, 587 yangi ishlab chiqarish ob’ekti, shu jumladan yengil va to‘qimachilik (190 ob’ekt), oziq-ovqat (179), yog‘ochni qayta ishlash (29), kimyo sanoati (10), qurilish materiallari (112), mashinasozlik (6) va boshqa tarmoqlarda (61) foydalanishga topshirildi.
Maxsus sanoat zonalari salohiyatidan faol foydalanish doirasida joriy yil boshidan buyon “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida ishga tushirilgan 12 korxona tomonidan umumiy qiymati 18,7 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Umumiy qiymati 48 million dollardan ortiq oltita investitsiya loyihasini amalga oshirish davom ettirildi. “Angren” maxsus industrial zonasi hududida qiymati 185,8 million dollarlik 8 investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi. Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida filiali bo‘lgan, Jizzax viloyatida “Jizzax” maxsus industrial zonasini tashkil etishga doir asosiy tadbirlar belgilandi va bajarishga kirishildi.
Qishloq joylarida namunaviy loyihalar asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurish dasturiga muvofiq imtiyozli kreditlar va aholi mablag‘lari hisobidan yakka tartibdagi yangi uy-joylarni qurish uchun yer massivlarini ajratish va tayyorlash ishlari bajarildi, yakka tartibdagi quruvchilar tanlandi, qiymati 335 milliard so‘mlik boshlang‘ich badal shakllantirildi. Hisobot davrida pudratchi tashkilotlar tomonidan bajarilgan ishlar hajmi 137,8 milliard so‘mni tashkil qildi. Qishloq joylaridagi yangi uy-joy massivlarida suv ta’minoti tizimlarini qurish ob’ektlarida 3,2 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi. Umuman, mamlakatimizda 2013-yilning birinchi choragida 1,8 million kvadrat metr (2012-yilning shu davriga nisbatan 105 foiz), jumladan qishloq joylarida 1,3 million kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi (105,5 foiz).
Uy-joy qurish dasturini amalga oshirish uchun resurs bazasini kengaytirish maqsadida mahalliy xomashyo resurslari va komponentlaridan foydalangan holda, qurilish materiallari, jumladan rom va eshiklar, noruda qurilish materiallari, bruschatka, temir-beton buyumlar, pishgan g‘isht, g‘ovakli beton, gipsli beton buyumlari va boshqa materiallar ishlab chiqarish bo‘yicha 157 korxona ishga tushirildi hamda modernizatsiya qilindi.
IV. Yo‘l-transport va kommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirish
Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ob’ektlarida 61,7 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar, jumladan Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 44,1 milliard so‘m, O‘zbekiston Respublikasi hukumati kafolati ostida chetdan olingan zayomlar hisobidan 8,7 million dollar o‘zlashtirildi.
Qo‘qon shahrini aylanib o‘tadigan “Toshkent-O‘sh” A-373 avtoyo‘l uchastkasining 42 kilometrini rekonstruksiya qilish, yangi “Toshkent aylanma yo‘li” yo‘nalishi uchastkasining 8 kilometrini qurish ishlari yakunlandi.
“2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi dasturni amalga oshirish doirasida hisobot davrida 45 kilometrlik temir yo‘l modernizatsiya qilindi, 57 yuk va 7 yo‘lovchi tashuvchi vagon tayyorlandi. Maroqand-Qarshi va Qarshi-Termiz temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish loyihalarini amalga oshirish davom ettirilib, ushbu loyihalar bo‘yicha hisobot davrida mos ravishda 2,4 million dollar va 2,6 million dollar kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi.
Havo kemalari parkini yangilash va unifikatsiya qilish bo‘yicha dasturlarning amalga oshirilishi natijasida ayni paytda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi liniyalarida to‘qqizta yangi tejamkor A-320 havo kemasi va ikkita yangi Boing-767-300ER samolyotlaridan foydalanilmoqda. Joriy yilning birinchi choragida milliy aviakompaniyamiz tomonidan 631 ming yo‘lovchi tashildi, o‘sish 2012-yilning shu davriga nisbatan 10,2 foizni tashkil qildi, bir reysda uchadigan o‘rtacha yo‘lovchilarning soni 12,3 foizga ko‘paydi.
“Angren” logistika markazi” yopiq aksiyadorlik jamiyatining samarali faoliyatini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi hisobidan hisobot davrida “Qamchiq” dovoni orqali yuk tashish hajmi 1,5 million tonnani tashkil etdi va 2012-yilning shu davriga nisbatan 2,1-martaga oshdi.
V. Qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik yangilash
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi doirasida hisobot davrida Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 145,2 kilometrlik kollektorlarni qurish va rekonstruksiya qilish, 13 quduq va 4,1 kilometrlik yopiq kollektor-drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish hamda qurish ishlari, 2,2 ming kilometrlik xo‘jaliklararo va xo‘jaliklar ichidagi kollektor-drenaj tarmog‘ini ta’mirlash-qayta tiklash ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Joriy yil 1-aprel holatiga ko‘ra, asosiy va oraliq ekin maydonining 154,1 ming gektariga sabzavot, 71 ming gektariga kartoshka va 14,4 ming gektariga poliz ekinlari ekildi. 4,6 ming gektar maydonda yangi bog‘lar, 2,7 ming gektarda intensiv bog‘lar, 3,8 ming gektar maydonda tokzorlar barpo etildi. 5,5 ming gektar maydondagi bog‘lar va 3,4 ming gektar maydondagi tokzorlar qayta tiklandi. Aholining shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarining 349 gektarlik maydonida 21 mingdan ziyod issiqxonalar tashkil etildi. Amalga oshirilgan choralar natijasida shu yilning birinchi choragida 39,5 ming tonna sabzavot yetishtirildi (2012-yilning shu davriga nisbatan 118,2 foiz).
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mamlakatimiz hududlarida 580 chorvachilik, 333 parrandachilik va 1055 asalarichilik xo‘jaliklari tashkil qilindi. 1,2 ming gektarlik sun’iy havzalarda 385 baliqchilik xo‘jaligi tashkil etildi. Natijada qoramollar soni 10 milliondan oshdi (2012-yilning shu davriga nisbatan 105,3 foiz), 357,3 ming tonna go‘sht (106,3 foiz), 1320,3 ming tonna sut (107 foiz), 862,4 million dona tuxum (114,2 foiz) ishlab chiqarildi.
VI. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, maksimal darajadagi qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish
Kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maksimal qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida shu yilning birinchi choragida ma’muriy va byurokratik protseduralarni qisqartirish, tadbirkorlikka keng erkinlik berishga qaratilgan qator qonunchilik hamda me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 25-fevralda qabul qilingan “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish, shuningdek, ob’ektlarni qurishga ruxsatnomalar berish tartibini tubdan soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 54-qarori bilan qurilish ishlarini amalga oshirish uchun «yagona oyna» tamoyili bo‘yicha ruxsatnomalar berish mexanizmi joriy etildi. Bunda tadbirkorlik sub’ektlarining qurish uchun zarur ruxsatnomalar olish muddati 2 baravarga qisqartirildi, mazkur protseduralar qiymati 5 barvarga arzonlashtirildi.
Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlarining elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga “yagona oyna” tamoyili bo‘yicha ulashning yangi tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, tegishli protseduralar soni qariyb 2-marta va tadbirkorlik sub’ektlarini elektr ta’minoti tizimiga ulashda, tashqi elektr ta’minoti loyihasini hududiy elektr tarmog‘i korxonalari bilan kelishishga doir vazifalarni loyiha tashkilotlariga berishda, qurilish-pudrat ishlari hamda elektr energiyasini hisoblash priborlarini o‘rnatish uchun ruxsatnomalar olish vazifalarini pudratchi tashkilotlarga berishda tabaqalashgan yondashuvni joriy etish hisobidan ularni amalga oshirish muddatlari 1,5 baravar qisqartirildi.
Bundan tashqari, joriy yilning 1-yanvaridan 65 shakldagi statistika hisoboti va 6 shakldagi soliq hisoboti bekor qilinib, ularni topshirish davriyligi 2 baravarga qisqartirildi. Chunonchi, tadbirkorlik sub’ektlarining barcha soliq turlari va majburiy to‘lovlar bo‘yicha (eng yuqori daromad solig‘i bundan mustasno) soliq hisobotini har oy taqdim etish ham bekor qilindi. 12 turdagi soliq hisobotini taqdim etish davriyligi har oydan har chorakka, 4 turdagi hisobotni taqdim etish esa har oydan yillikka o‘zgartirildi.
Ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga doir kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi shu yilning birinchi choragida 7,2 mingta yangi kichik biznes sub’ektini tashkil etish imkonini berdi. Eng ko‘p kichik biznes sub’ektlari sanoat (umumiy sonning 28 foizi), savdo va umumiy ovqatlanish sohasi (27,4 foiz), qishloq va o‘rmon xo‘jaligida (14,3 foiz) tashkil qilindi.
Kichik ishlab chiqarishlarni tashkil etishga amaliy ko‘maklashish maqsadida hisobot davrida kichik biznes sub’ektlariga umumiy qiymati 2,76 milliard so‘mlik 17 davlat aktivlari sotildi, davlat mulkining foydalanilmayotgan 12,3 mingta ob’ekti ijaraga berildi. Shu bilan birga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga tijorat banklari tomonidan 1,6 trillion so‘mlik yoki 2012-yilning shu davriga nisbatan 1,4 baravar ko‘p kredit hamda mikrokreditlar berildi.
Umuman olganda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish borasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi kichik biznes ulushining yalpi ichki mahsulotda – 40,5 foizgacha (2012-yilning birinchi choragidagi 39,9 foiz o‘rniga), sanoatda – 21,2 foizgacha (19,5 foiz), investitsiyalar hajmida – 41,1 foizgacha (34,3 foiz), bandlik sohasida – 75,1 foizgacha (74,7 foiz) oshishida o‘z ifodasini topdi.
VII. Aholi turmush darajasi va hayot sifatini izchil oshirishni
ta’minlash
Ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturini amalga oshirish doirasida 2013-yilning birinchi choragida tashkil etilgan 250,4 mingta yangi ish o‘rnining 150 mingdan ortig‘i (umumiy sonning 60 foizi) qishloq joylarida yaratildi.
Yangi tashkil qilingan ish o‘rinlari umumiy sonining 156,8 mingtasi (62,6 foizi) kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida yaratildi. Yangi korxonalarni ishga tushirish, faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarishlarni kengaytirish va rekonstruksiya qilish hisobidan 13,2 mingta yangi ish o‘rni tashkil etildi. Iqtisodiy nochor va faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar faoliyatini qayta tiklashga oid tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 3,4 mingta ish o‘rni yaratildi. Ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi ob’ektlarida, shu jumladan avtomobil hamda temir yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish, aholi punktlarini obodonlashtirish ob’ektlarida 16,2 ming yangi ish o‘rni tashkil qilindi. 30 mingdan ziyod ish o‘rni mamlakatning ortiqcha ishchi kuchi mavjud bo‘lgan 28 tumanida tashkil etildi.
Mehnat bozorida faol chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida hisobot davrida aholi bandligi 2,5 foizga o‘sdi, mamlakat bo‘yicha ish haqi 18,4 foiz, o‘rtacha pensiya miqdori 27,7 foizga ko‘paydi. Umuman olganda, aholi jami daromadi 2012-yilning shu davriga nisbatan 15,6 foizga oshdi.
“Obod turmush yili” Davlat dasturini amalga oshirish doirasida hisobot davrida tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining biznes-loyihalarini moliyalash uchun qiymati 62,2 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi. Joriy yil boshidan buyon “Obod turmush yili” Davlat dasturini amalga oshirish uchun barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan umumiy hajmda 1,3 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan joriy yil 18-yanvarda Vazirlar Mahkamasining majlisida belgilab berilgan 2013-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini aniq maqsadli hamda izchil amalga oshirish shu yilning birinchi choragida barqaror o‘sish sur’atlari, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil bo‘ldi.
Qabul qilingan o‘rta muddatli iqtisodiyot tarmoq va sohalarini yuksaltirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda hududlarning investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha mamlakatimiz aholisining bandligi va daromadlarini izchil oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni chuqurlashtirish hamda kengaytirish O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini 2013-yilda barqaror rivojlantirishni ta’minlashga doir asosiy vazifalardandir.
O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi Davlat statistika qo‘mitasi
Manba: www.uza.uz