Andijon viloyatida mahallabay ishlash va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi yuzasidan press-tur tadbirlari tashkil etilmoqda
17/06/2022 - 09:20 3259
Joriy yilning 16-17-iyun kunlari davomida Andijon viloyatida mahallabay ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi, ortda qolgan 5 oy davomida erishilgan natijalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida ikki kunlik press-tur tadbirlari tashkil etilmoqda.
Xususan, 16-iyun sanasida Andijon shahri, Asaka, Shahrixon, Marhamat tumanlariga press-tur tashkil etildi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab Andijon shahrida joylashgan, 20 dan ortiq mahsulotlar ishlab chiqaruvchi, yillik 20 mln dollarlik eksport quvvatiga ega bo‘lgan “Dinar Group” tekstil fabrikasida bo‘lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Keyingi manzil Shahrixon tumanining “Qora ko‘rpa” mahallasida joylashgan mahalliy va qo‘shni hududlar hunarmandlari kelib faoliyat olib boruvchi “Hunarmandlar markazi” bo‘ldi hamda ishtirokchilar unda tayyorlanadigan va sotiladigan buyumlar, mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisining hunarmandlar bilan hamkorligi, shuningdek, “Andijonlik” mahallasida do‘ppido‘zlik bilan shug‘ullanib kelayotgan xonadon, do‘ppi tikish jarayonlari bilan tanishdilar va “Mehnat shuhrati” medali sohibasi, do‘ppido‘z Yorqinoy To‘ychiyeva bilan suhbatda bo‘ldilar.


Shundan so‘ng, OAV vakillari Asaka tumanida ham bo‘lib, hududda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, trikotaj va sochiq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi, 1 ming 200 nafar ishchilar xizmat qiladigan “Asaka tekstil” klasterida toladan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga olgan ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdilar (Korxona 2021-yilda 8,7 mln dollar eksport qilgan bo‘lsa, joriy yilda 36 mln dollar eksport qilish rejalashtirilgan).

Shuningdek, Navoiy massivi, “Chek” mahallasida “Sabo Hamkor” MCHJ tomonidan 100 gektar yer maydonida zamonaviy “Nethouse” usulida issiqxonalar qurish loyihasi hamda “Baxrin” mahallasida faoliyat olib borayotgan “Vodiy muruvvati” MCHJ tomonidan “mahallabay” ishlash tizimi asosida “parrandachilik” yo‘nalishida aholi bilan kooperatsiya usulida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.


Shu bilan birga, Marhamat tumani “Alitepa” mahallasida “Erkin Vohidov” nomidagi shaxmat maktabi va 70 mingta kitobni o‘zida jamlagan “Kelajak nuri” MCHJ tomonidan tashkil etilgan zamonaviy kutubxona faoliyati hamda u yerdagi sharoitlar, shuningdek, “Qo‘shchi” mahallasida “Buyuk maskan” MCHJ tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan xizmat servis loyihalari va Turkiya texnologiyasi usulida qurilgan bolalar bog‘i faoliyati bilan tanishildi. Bundan tashqari, tumanda tadbir qatnashchilari tumandagi “Muhammad Yusuf” uy muzeyiga tashrif buyurdilar.


So‘ngra, ishtirokchilar Andijon shahridagi Milliy tiklanish ko‘chasida tashkil etilgan 24/7 rejimida tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chasi hamda u yerdagi muhit bilan yaqindan tanishdilar (Ushbu ko‘chada 1 km.lik hududda 66 ta savdo-xizmat ko’rsatish obyektlari va 165 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, bir oyda 5-7 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan).

Eslatma: Press-tur 17-iyun sanasida Andijon, Buloqboshi, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa, Xonobod tumanlarida davom ettiriladi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati