O‘zbekiston Respublikasini 2009 yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida
30/04/2009 - 03:02 9039
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2008 yil noyabrda tasdiqlangan Inqirozga qarshi choralar dasturini amalga oshirish doirasida kompleks chora-tadbirlarni va 2009 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlarini hayotga tatbiq etish borasida belgilangan vazifalarning bajarilishi 2009 yilning birinchi choragida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning barqaror ijobiy sur’atlarini saqlash imkonini berdi.
I. Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar
Joriy yilning I choragida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 7,9 foizni tashkil etdi. Bu borada quyidagilar:
- sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 9,9 foiz, jumladan, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni 12,5, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini 5,7, qurilish ishlarini 12,1, chakana tovar aylanmasini 18,3, pulli xizmatlar hajmini 17,6 foiz oshirishni ta’minlagan ichki ehtiyojni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi;
- tarkibiy tub o‘zgarishlar, ishlab chiqarishni texnik va texnologik yangilashni faol davom ettirish va buning natijasida investitsiyalarning 31,4 foiz ko‘payishi ta’minlangani;
- kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida ularning jadal rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratilgani iqtisodiy o‘sishning asosiy omillari bo‘lib xizmat qildi.
Davlat budjeti daromadlari 100,9 foiz bajarildi va yalpi ichki mahsulotga nisbatan budjet profitsiti 0,4 foiz miqdorda ta’minlandi. Inflatsiya darajasi 2,7 foizni tashkil qildi yoki prognoz ko‘rsatkichlar doirasida bo‘ldi. Eksport hajmi 2008 yilning tegishli davriga nisbatan 6,1 foiz o‘sdi. Savdo balansining ijobiy saldosi 206,9 million dollarni tashkil qildi.
O‘zbekiston Respublikasini 2009 yilning I choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari (2008 yil birinchi choragiga nisbatan foiz hisobida)
Ko‘rsatkichlar | O‘sish sur’atlari |
---|---|
Yalpi ichki mahsulot | 107,9 |
Sanoat mahsulotlari hajmi | 109,9 |
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish | 112,5 |
Yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari | 105,7 |
Asosiy kapitaldagi investitsiyalar | 131,4 |
Qurilish ishlari | 112,1 |
Chakana savdo aylanmasi | 118,3 |
Pullik xizmatlar ko‘rsatish | 117,6 |
II. Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida korxonalarni moliyaviy va kredit jihatdan qo‘llab-quvvatlashga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish natijalari
2009 yilning I choragida jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarining oldini olish va baratarf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 16 farmon va qarorlar, Vazirlar Mahkamasining 18 qarori, farmoyishi va boshqa hujjatlari, vazirliklar, idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlarining 5 me’yoriy hujjati qabul qilindi. Ushbu hujjatlarning o‘z vaqtida qabul qilinishi va Inqirozga qarshi choralar dasturining faol amalga oshirilishi iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishni ta’minlash imkonini berdi.
Joriy yil I choragida mamlakatimiz korxonalariga qator imtiyoz va preferensiyalar, jumladan, Inqirozga qarshi choralar dasturida ko‘zda tutilgan kredit va budjet ko‘magi berildi, xususan:
- iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchilarga imtiyozlar berish va sanoat ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanadigan kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi soliq stavkasini 8 foizdan 7 foizga kamaytirish. Natijada ushbu soliq bo‘yicha 2009 yilning I choragida budjetga tushumlar miqdori 2008 yilning shu davriga nisbatan 42,1 foiz oshdi va bu mazkur choralarning samaradorligidan dalolat beradi. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishning o‘sish sur’ati 112,5 foizni tashkil qildi. Hisobot choragida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish bo‘yicha 50 ga yaqin yangi korxona tashkil etildi;
- 5 investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun maqsadli resurslar hisobidan umumiy qiymati 104 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan imtiyozli kreditlar berish. Bundan tashqari, joriy yil I choragida tijorat banklari tomonidan eksport qiluvchi korxonalarga ularning aylanma mablag‘ini to‘ldirish uchun 52 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar berildi. Bu esa ayrim korxonalarni mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha vaqtinchalik qiyinchiliklar tufayli ularda ishlab chiqarish to‘xtab qolinishini oldini olish imkonini berdi;
- 187 korxonada qayta tashkil etish va moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini amalga oshirish natijasida ushbu korxonalarda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va moliyaviy faoliyat yaxshilangani kuzatilmoqda: 79 korxona o‘rtacha oylik ishlab chiqarish va mahsulot sotish hajmini o‘tgan yilga nisbatan 20 foizdan ko‘proq oshirdi, 71 korxonada rekonstruksiya va texnik qayta jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Shu maqsadlar uchun 33,8 milliard so‘m va 7,2 million dollar sarflandi. Qayta tashkil etilayotgan korxonalarning foydalanilmayotgan quvvatlari negizida 67 yangi korxona tashkil etildi.
III. Mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va ichki talabni rag‘batlantirishga doir chora-tadbirlar natijalari
32 yirik xo‘jalik birlashmasi tarkibiga kiruvchi 563 korxonada ishlab chiqarish tannarxini kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda.
Mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish doirasida 249 korxona bazasida 707 loyiha bo‘yicha mahalliylashtirilayotgan tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarish hajmi 808,4 milliard so‘mni tashkil qildi va bu 2008 yildagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 1,3 baravar ko‘pdir. Bunda import o‘rnini bosish samaradorligi 296,9 million dollarni tashkil qilib, 2008 yilning shu davriga qaraganda 1,7 marta oshdi.
IV. Iqtisodiyotni tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash jarayonlarini jadallashtirish
Iqtisodiyotning real sektorida investitsiya faolligining resurs bazasini kengaytirish chora-tadbirlari.
Joriy yilning I choragida bank ishini yanada takomillashtirish, aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bo‘sh mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga jalb qilishni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida bank tizimining barqarorligi sezilarli ravishda mustahkamlandi, banklar jami kapitalining 46,3 foiz o‘sgani buning dalilidir. Real sektorga sarflangan kredit mablag‘lari umumiy miqdori 34,5 foiz oshdi. Banklar tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga berilgan kreditlar miqdori 65,7 foiz ko‘paydi. Aholining tijorat banklaridagi omonati 76,2 foiz o‘sdi.
Investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida joriy yilning I choragida barcha moliyalash manbalari hisobidan o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi 2,65 trillion so‘mni tashkil etdi va qiyosiy narxlarda 31,4 foiz oshdi. Manbalar kesimida, budjet mablag‘larining qiyosiy o‘sishi 71,8 foiz, budjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari 42,4 foiz, banklar kreditlari va boshqa qarz mablag‘lari 25,4 foiz, korxonalarning o‘z mablag‘lari 16,4 foiz va aholi mablag‘lari 10,3 foizni tashkil qildi. Kapital qo‘yilmalar tarkibida korxonalar va aholi ulushining yuqoriligi saqlanib qolmoqda (56,2 foiz). Bu esa investitsiya faolligining barqarorligidan dalolat beradi.
Iqtisodiyotga kapital qo‘yilmalar umumiy miqdoridan ishlab chiqarish qurilishiga investitsiyalarning 72,4 foizi, jumladan, modernizatsiya qilishga 33 foizi yo‘naltirildi.
O‘zlashtirilgan chet el investitsiyalari miqdori 418 million dollarni, ularning umumiy investitsiyalar hajmidagi ulushi 22,3 foizni tashkil etdi. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari miqdori 356,5 million dollarni tashkil qilib, 2,5 baravarga ko‘paydi. Ularning chet el investsiyalari va kreditlari umumiy miqdoridagi salmog‘i 85,3 foizga yetdi.
2009 yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, 54 ta ishlab chiqarish obyekti, jumladan, oziq-ovqat sanoatida 25, yengil sanoatda 8, qurilish materiallari sanoatida 17, qishloq va o‘rmon xo‘jaligi sohasida 3 ta obyekt ishga tushirildi. Kapital qo‘yilmalar miqdorining ko‘payishi joriy yil birinchi choragida qurilish ishlari hajmini respublika bo‘yicha 12,1 foiz oshirishni ta’minladi.
2009 yilda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish va texnologik yangilash dasturlari doirasida 148 investsiya loyihasi amalga oshiriladi va ulardan 84 tasini shu yil yakunlash ko‘zda tutilgan. Joriy yilning I choragida qayd etilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun 98,7 million dollar yo‘naltirildi. «Quvasoysement» ochiq aksiyadorlik jamiyatida yangi xomashyo tegirmonini qurish va ishga tushirish, Andijon viloyatidagi «Polvontosh tekstil» mas’uliyati cheklangan jamiyati to‘qimachilik korxonalarini va Toshkent viloyatidagi «Ozborn tekstil» xorijiy korxonasini modernizatsiya qilish va texnologik yangilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish nihoyasiga yetdi. Mazkur obyektlarni ishga tushirilishi sement ishlab chiqarish uchun 300 ming tonna xomashyo tayyorlash, yiliga qo‘shimcha 11,7 ming tonna kalava ip ishlab chiqarish va 400 kishini ish bilan ta’minlash imkonini beradi.
Joriy yilda Markaziy Osiyoda ilk bor «Navoiyazot» va «Maksam-Chirchiq» ochiq aksiyadorlik jamiyatlarida BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasining Kioto protokoli doirasida sof rivojlanish mexanizimini qo‘llagan holda, ekologik toza texnologiyalarni joriy etishni ko‘zda tutuvchi 6 ta loyiha ro‘yxatga olindi. O‘tgan chorak davomida neft, gaz, kimyo sohasida (sintetik suyuq yoqilg‘i, suyultirilgan gaz, polietilen, polipropilen ishlab chiqarish), avtomobilsozlik, elektr energetika sohasida (IESda BGQ qurish) kabi qator innovatsiya loyihalarini ishlab chiqish ishlari davom ettirildi.
Yangi tashkil etilayotgan «Navoiy» erkin indiustrial-iqtisodiy zonasida joylashtiriladigan loyihalar ishlab chiqilmoqda. Ayni paytda mazkur zonada obodonlashtirish va tashqi kommunikatsiyalarini barpo etish ishlari boshlandi.
Elektroenergetika sohasini modernizatsiya qilish, energiya iste’molini kamaytirish va energiya tejash tizimini joriy etish bo‘yicha tadbirlar doirasida tender savdolari yakunlanib, Toshkent issiqlik elektr stansiyasining bug‘-gaz qurilmasini joriy etgan holda modernizatsiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Birinchi navbatda, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan elektr energiyasi iste’molini hisobga olish va nazorat qilish tizimini takomillashtirishga doir choralar ko‘rilmoqda. Toshkent shahrining 3 tumanida elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlarni yig‘ish vazifasini xususiy operator kompaniyalarga topshirish bo‘yicha o‘tkazilgan tajriba to‘lovlarni yig‘ish 90 foizga yetganini, tijorat yo‘qotishlarni 13 foizgacha kamayganini ko‘rsatdi.
Sanoatdagi tarkibiy qayta o‘zgartirishlar natijalari. 2009 yilning I choragi davomida investitsiya loyihalarini faol amalga oshirayotgan yoqilg‘i (2008 yilning shu davriga qaraganda 118,3 foiz), kimyo va neft-kimyosi (116,8 foiz), mashinasozlik va metallni qayta ishlash tarmog‘i (115,5 foiz), qurilish materiallari (122,9 foiz), yog‘och, yog‘ochni qayta ishlash va selluloza-qog‘oz (115 foiz), qora metallurgiya (112,3 foiz) sanoatlarida mahsulotlar ishlab chiqarish jadal o‘sgani qayd etildi.
Yuqorida qayd etilgan tarmoqlarda ishlab chiqarish o‘sishining yuqori sur’atlari avvalambor, mamlakatimizda yangi ishga tushirilgan va ishlab chiqarishni texnik modernizatsiya va diversifikatsiya qilish doirasida modernizatsiya qilingan korxonalar hisobidan ta’minlanmoqda.
V. Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish, qishloqni obodonlashtirish dasturlarini amalga oshirish
Hisobot davrining 2009 yilda qishloq joylarda foydalanishga topshiriladigan qo‘shimcha ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlari ro‘yxati, shuningdek, Inqirozga qarshi choralar dasturiga kiritilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga doir tadbirlar tasdiqlandi.
Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash loyihalarining amalga oshirilishi natijasida 3048,2 kilometrlik tumanlar va xo‘jaliklararo kollektor-drenaj tarmog‘i tozalandi. Ixtisoslashgan pudratchi tashkilotlarni zamonaviy melioratsiya texnikasi bilan ta’minlash ishlari davom ettirilmoqda. Joriy yilning I choragida irrigatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish va ishlashini ta’minlash, shuningdek, suv omborlari qurilishi uchun 156,3 millirad so‘m yo‘naltirildi.
Buxoro (54,3 ga), Jizzax (291 ga), Qashqadaryo (200 ga), Navoiy (50 ga), Namangan (50 ga), Samarqand (53 ga) va Farg‘ona (100 ga) viloyatlarida jami 800 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish ishlari boshlandi. Buxoro (54,3 ga), Navoiy (10 ga), Farg‘ona (11 ga) viloyatlarida esa tomchilatib sug‘orish tizimi qurilishi amalga oshirilmoqda.
I chorak davomida davlat budjeti va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasida 20 loyiha amalga oshirildi. Respublika bo‘yicha hisobot choragida jami uzunligi 237,7 kilometr suv quvuri va 249,1 kilometr gaz uzatish tarmog‘i ishga tushirildi. Xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, jumladan O‘zbekiston milliy avtomagistrali uchastkasini barpo etish ishlari jadal amalga oshirilib kelmoqda.
Ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish doirasida joriy yil I choragida qishloq joylarda qo‘shimcha ravishda 1219,8 ming kvadrat metr uy-joy, 220,6 kilometr gaz uzatish va 202,9 kilometr suv quvurlari tarmog‘i ishga tushirildi. Qishloq joylarda uy-joylar, ishlab chiqarish va maishiy obyektlarni ta’mirlash hamda qurish, obyektlarni to‘la tayyor holda topshirish ishlarini bajaruvchi 91 ta qurilish-ta’mirlash tashkiloti tashkil etildi. Qishloq joylarda yagona tipdagi uy-joylarni qurishni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik-tijorat banki tashkil etildi va uning qishloqlarda keng ko‘lamda yagona tipdagi uy-joylarni qurish imkonini beradigan ustav jamg‘armasi manbalari shakllantirildi. Joriy yilning I choragida, asosan, qishloqni obodonlashtirish dasturini amalga oshirish bo‘yicha resurs, institutsional va tashkiliy bazani yaratish ishlari amalga oshirildi. Bundan ko‘zlangan maqsad keyingi davrlarda ushbu dasturning asosiy vazifalarini samarali ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratishdan iborat.
Hududiy obodonlashtirish organlarini zamonaviy va maxsus transport vositalari bilan jihozlash, mahalliy budjetlarni shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalarini ishlab chiqarish xodimlari bilan to‘ldirish uchun qo‘shimcha moliya resurslari bilan ta’minlash ishlari amalga oshirildi.
Zamonaviy me’morchilik-shaharsozlik talablari hisobga olingan holda, shahar va tuman markazlarini obodonlashtirish bo‘yicha Ishlarni tashkil etish qoidalari hamda tarif stavkalari o‘rtacha 25 foizga oshirilgan holda, obodonlashtirish xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha sohaga oid tarif setkasi tasdiqlandi.
VI. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni davom ettirish
Yangi qishloq xo‘jalik yili boshida fermer xo‘jaliklarini yiriklashtirish va ularning samarali faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi. Aholining oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondirish maqsadida paxta ekiladigan yerlarni 75,8 ming gektarga qisqartirish hisobidan boshoqli ekinlar yetishtiriladigan ekin maydonlari 48,8 ming, sabzavot va kartoshka ekiladigan maydonlar 14,6 ming, noan’anaviy moyli ekinlar maydoni 12,4 ming gektarga kengaytirildi.
Meva-sabzavot mahsulotlari va kartoshka tayyorlash, saqlash va ulgurji sotish bo‘yicha «Mevasabzavottayyorlovsavdo» ixtisoslashgan hududiy kompaniyalarini tashkil etishga doir chora-tadbirlar amalga oshirildi. 1285 qayta ishlash korxonasi, agrofirma, fermer xo‘jaligi, oziq-ovqat (dehqon) bozori, tijorat banki, transport va bozor infratuzilmasining boshqa korxonalari ushbu kompaniyalar ta’sischilari bo‘ldi.
2010-2011 yillar davomida minitexnologiyalar bilan jihozlangan 963 qayta ishlash korxonasi, jumladan meva-sabzavotni qayta ishlash bo‘yicha 177, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 209, sut mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 224 va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 353 korxona tashkil etishni ko‘zda tutuvchi hududiy dasturlar ishlab chiqildi.
Hududlarda tashkil etilayotgan qayta ishlash korxonalarini zarur xomashyo (meva-sabzavot, go‘sht-sut va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari) bilan ta’minlash maqsadida Aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Ushbu dasturga muvofiq joriy yilda 5510 ming tonna sabzavot, 1477 ming tonna meva, 899,4 ming tonna uzum, 1365 ming tonna go‘sht (tirik vaznda) va 5778 ming tonna sut ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
2009 yilning I choragi yakunlariga ko‘ra, meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha minitexnologiyalar va ixcham uskunalardan foydalanadigan 27 yangi korxona tashkil etildi.
Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida chorva mollari sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirish, servis xizmatlari tarmog‘ini tashkil etish va chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlashga doir chora-tadbirlar dasturining amalga oshirilishi natijasida chorvachilikni rivojlantirishda ijobiy siljishlar qayd etildi. Chorvachilik dasturi doirasida shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklariga kimoshdi savdolari orqali 6146 bosh zotdor mol sotildi, xorijdan 1237 bosh zotdor mol keltirildi, 4992 bosh sigir kam ta’minlangan oilalarga bepul berildi. Tijorat banklari hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan qoramol sotib olish uchun 8,4 milliard so‘m ajratildi. Korxonalar 170,6 ming tonna omuxta yem ishlab chiqardi.
Ko‘rilgan choralar natijasida qoramollar soni 8008,3 ming boshga yetdi yoki 2008 yilning tegishli davriga nisbatan 108,2 foizni tashkil etdi, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish hajmi 5,7 foiz oshdi. O‘tgan yilning birinchi choragiga qaraganda sabzavot (115,5 foiz), go‘sht (106,7 foiz), sut (106,8 foiz) va tuxum (112,6 foiz) ko‘p ishlab chiqarildi.
VII. Xizmat ko‘rsatish va kichik biznes sohasini jadal rivojlantirish
Kichik biznes uchun soliq va ma’muriy yukni kamaytirish, Inqirozga qarshi choralar dasturini, shuningdek, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, uni ichki bozorga yo‘naltirish va mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan boshqa dasturlarni amalga oshirishga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlar kichik biznesni qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlashni ta’minladi.
Joriy yilning I choragida 3769 yangi kichik korxona ro‘yxatga olindi, chorak davomida ularning soni (fermer xo‘jaliklari hisobga olinmaganda) 1,8 foiz ko‘paydi. Kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 36,2 foiz (2008 yilning I choragida 35,1 foiz), sanoatda 14,1 foiz (11,6 foiz), bandlikda 73,7 foiz (72,5 foiz), eksportda 13,8 foiz (12,5 foiz)ni tashkil qildi. Kichik biznesda sanoat ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlari 111,4 foizni tashkil qildi va bu tarmoq bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqoridir.
I chorak davomida Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida xizmat ko‘rsatish sohasida barqaror rivojlanish sur’atini saqlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirildi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari bank-moliya sohasida 48,4 foiz, aloqa va axborotlashtirish sohasida 42,5 foiz, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 18,1 foizni tashkil qildi.
Qishloq joylarda ko‘rsatilayotgan xizmatlar ham jadal rivojlandi. 400 chakana savdo obyekti, 89 umumiy ovqatlanish obyekti va maishiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 817 obyektning ishga tushirilishi natijasida qishloq joylarda 33,1 mingta ish o‘rni tashkil etildi. Qishloq joylarda barcha turdagi xizmatlar ulushi 2008 yilning birinchi choragidagi 22 foiz o‘rniga 24 foizga yetdi. Iqtisodiyot bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 16,6 foiz oshdi, ushbu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi salmoqli ulushi 45,5 foizni tashkil etdi. 2008 yilning I choragida bu ko‘rsatkich 44,4 foiz edi.
VIII. Aholi bandligi va daromadlari
Hisobot davrida 208,6 mingta yangi ish o‘rni (2008 yilning I choragida 170 mingta), jumladan qishloq joylarda 148,2 mingta ish o‘rni yaratildi. Bunda Inqirozga qarshi choralar dasturida ko‘zda tutilgan qo‘shimcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi tufayli 53,8 mingta ish o‘rni tashkil etildi. Kichik biznesda 91,7 mingta, xizmatlar ko‘rsatish sohasida qariyb 54 mingta ish o‘rni yaratildi. Aholi bandlik darajasi yuqori bo‘lmagan 30 ta tumanda 31 mingdan ortiq ish o‘rni tashkil etildi.
Kasanachilikni rivojlantirish uchun rag‘batlar tizimi, shuningdek, kasanachilikni rivojlantirish negizida korxonalar va xizmatlar o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish qo‘shimcha ravishda 50 mingdan ortiq, jumladan korxonalar bilan birgalikda 23,1 ming, pudrat va oilaviy biznes shartnomalari asosida 27,5 ming yangi ish o‘rnini yaratish imkonini berdi. Respublika bo‘yicha jami 280 mingdan ortiq kishi kasanachilikka jalb etildi.
Mehnat bozorida faol siyosat yuritish aholi bandligining 2,7 foiz o‘sishiga yordam berdi, ish bilan bandlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga qaraganda 293,2 ming kishiga ko‘paydi va qariyb 11 million kishini tashkil qildi.
O‘rtacha belgilangan ish haqi 40,2 foiz, pensiyalarning o‘rtacha miqdori 51,9 foiz ko‘paydi. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida aholining pul daromadi 21,5 foizga oshdi.
Mamlakatimiz rahbariyati tomonidan Inqirozga qarshi choralar dasturining o‘z vaqtida qabul qilinishi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov belgilab bergan 2009 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlarining amalga oshirilishi tufayli jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotgan sharoitda mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning ijobiy sur’atini saqlash va ijtimoiy tub o‘zgarishlarni davom ettirish ta’minlanmoqda. Mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha sohalarida, birinchi navbatda, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni rivojlantirish, ichki talabni rag‘batlantirish, aholining, ayniqsa, qishloq ahlining bandlik darajasi va daromadlarining o‘sishini ta’minlashga qaratilgan Inqirozga qarshi choralar dasturini hayotga keng ko‘lamda tatbiq etish kelgusida barqaror rivojlanishning muhim omili bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo’mitasi