O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi to‘g‘risida axborot
01/10/2008 - 07:53 8762
Respublika hukumatining 2008 yil 30 sentabrda bo‘lib o‘tgan majlisida 2009 yilga asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasi har tomonlama muhokama qilindi.
Majlisda iqtisodiyotni rivojlantirish va modernizatsiya qilishni rag‘batlantirishga, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va aholiga soliq yukini izchil pasaytirishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilashga yo‘naltirilgan holda mamlakatda amalga oshirilayotgan soliq va budjet siyosati mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishga ko‘maklashayotganligi va Davlat budjetining muvaffaqiyatli ijro etilishini ta’minlayotganligi qayd etildi.
Bir qator vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va hokimliklar rahbarlarining nutqlarida iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini saqlab qolishga, mamlakatimiz korxonalarining raqobatbardoshligini oshirishga, kichik va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga, aholining daromadlari yanada o‘sishini ta’minlashga va soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor berildi.
Majlisda Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining yalpi ichki mahsulot real o‘sishining yuqori sur’atlarini saqlashni nazarda tutadigan 2009 yilga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi bo‘yicha takliflari ko‘rib chiqildi va qo‘llab-quvvatlandi. Soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari, birinchi navbatda, iqtisodiyotning real sohasi korxonalariga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka, shuningdek, jismoniy shaxslarning daromadlariga soliq solish tizimini takomillashtirish va soliq stavkalarini pasaytirish hisobiga aholining daromadlariga soliq yukini yanada yengillashtirishni nazarda tutadi.
Majlisda 2009 yilga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasi ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga xarajatlar ko‘paytirilishini nazarda tutishi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorlarini 2010 yilgacha 2,5 baravar oshirish yuzasidan qo‘yilgan vazifani bajarish maqsadida 2009 yilga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasida budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va ijtimoiy nafaqalar miqdorlari oshishini ta’minlash uchun zarur miqdorda budjet mablag‘lari ajratish nazarda tutilgan.
Muhokama natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2009 yilga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasini umuman ma’qullash va ularni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Manba: www.uza.uz