“O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2008” o‘n ikkinchi xalqaro ko‘rgazmasi ochildi
15/05/2008 - 09:49 8055
Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2008” o‘n ikkinchi xalqaro ko‘rgazmasi ochildi. Tadbir “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahar hokimligi, “ITE Uzbekistan”, “I.T.E. Exhibition & Conferences Ltd.” (Buyuk Britaniya) kabi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Ko‘rgazmaning ochilishida mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini, jumladan, neft-gaz sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yuksak samaralar berayotgani alohida ta’kidlandi.
Darhaqiqat, yurtimizda tabiiy gaz va neft qazib olish hamda yetkazib berish hajmi yil sayin oshib bormoqda. Markaziy Osiyoda yoqilg‘i-energetika resurslarining yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston nafaqat MDHda, balki dunyo mamlakatlari orasida ham tabiiy gaz qazib olish bo‘yicha oldingi o‘rinlardan birida turadi. Mintaqamizdagi gaz kondensati zaxiralarining qariyb 75 foizi, neft zaxirasining 31 foizi va tabiiy gaz zaxirasining 40 foizi O‘zbekiston Respublikasi ulushiga to‘g‘ri keladi. 2007 yili “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining sanoat korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish 109,7 foiz, eksport 180 foizni tashkil qildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan iqtisodiyotni erkinlashtirish, uning barcha jabhalarini, jumladan, neft-gaz tarmog‘ini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan qulay sarmoyaviy muhit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Neft-gaz sanoatining yangi inshootlarini barpo etish, mavjudlarini zamon talablari asosida rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish ishlari jadal davom etmoqda. Xususan, 2007 yilda “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorij sarmoyasi jalb etish orqali umumiy qiymati 565,4 million AQSH dollariga teng sakkizta istiqbolli loyiha amalga oshirildi. Bu 2006 yildagiga nisbatan ikki baravar ko‘pdir.
Mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, keng imkoniyat va imtiyozlar chet ellik ishbilarmonlarning hamkorlikka qiziqishini tobora oshirmoqda. “O‘zbekiston neft va gazi” ko‘rgazmasi ishtirokchilari sonining yil sayin ortib borayotgani esa yurtimiz neft-gaz sanoati salohiyatining yuksalayotganidan yana bir dalolatdir. Bu galgi ko‘rgazmada O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklari, Avstriya, Germaniya, Niderlandiya, Fransiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Polsha, Chexiya, Ruminiya, Eron, AQSH, Malayziya, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi jami o‘ttizdan ortiq mamlakatdan bir yuz saksondan ziyod yetakchi firma va kompaniya qatnashmoqda. Ular orasida “Lukoyl”, “Gazprom”, “Stroytransgaz” (Rossiya), “Zeromax”, “Honeywell Analytics” (Shveysariya), “Shandong Kerui Petroleum Equipment” (Xitoy), “Asia Caspian Engeneering” (BAA), “Jumo”, “Man”, “Liebherr Export” (Germaniya), “CGG Veritas”, “Sercel” (Fransiya), “Agru” (Avstriya), “Petronas” (Malayziya), “Smith International” (AQSH), “Bumar”, “Dressta” (Polsha) kabi yirik kompaniyalar bor.
- O‘zbekiston – neft-gaz sanoati sohasida ulkan salohiyat va imkoniyatlarga ega mamlakat, – dedi Rossiya neft-gaz sanoatchilari ittifoqi kengashining raisi Yuriy Shafranik. – Rossiya neft-gaz sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor. Biz neft-gaz sanoati infratuzilmasini takomillashtirish borasida o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish niyatidamiz.
Markaziy Osiyo neft-gaz sohasida muhim voqea hisoblangan “OGU 2008” ko‘rgazmasi mutaxassislarga neft va gaz qazib olish, uglevodorodlarni tashish, qayta ishlash borasida milliy va xorijiy kompaniyalar erishgan eng so‘nggi yutuqlar bilan yaqindan tanishish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rgazma pavilyonlaridan neft va gaz qazib olish, qayta ishlashni jadallashtirish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar alohida joy olgan. Yetakchi neft-gaz kompaniyalari neft va gazni tashish texnologiyalari, neft-gaz konlarini qidirish va o‘zlashtirish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida geodinamika hamda uglevodorod salohiyatiga oid ishlanmalar bo‘yicha o‘zlari erishgan eng so‘nggi yutuqlarni namoyish etmoqda.
Ko‘rgazma neft va gaz qazib olish, dengizdagi qazish ishlari, neft va gaz quduqlari, qurilish va foydalanish, neft, neft mahsulotlari, neft va gazni qayta ishlash, saqlash va tashish, neft kimyosi, neft mahsulotlari ishlab chiqarish, neft va gaz sanoati inshootlarini qurish, geologiya, geofizika, seysmik uskunalar va xizmatlar, quvurlar, injiniring, vositalar, nazorat-o‘lchov asboblari, texnika xavfsizligi va yong‘indan himoya, ekologik xavfsizlik, dasturiy ta’minot, kompyuter tizimlari, elektrotexnika va energetika uskunalari, aloqa va telekommunikatsiya kabi bo‘limlardan iborat.
- Neft-gaz sanoati sohasida muhim voqea hisoblangan ushbu ko‘rgazma o‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini berayotganidan nihoyatda mamnunmiz, – dedi “Asia Saspian Yengineering” kompaniyasining (Birlashgan Arab Amirliklari) boshqaruvchi direktori Nitin Kapur. – O‘zbekistonda erkin va samarali ish yuritish uchun barcha qulaylik va imkoniyatlar mavjud. Shu bois kompaniyamiz mamlakatingiz bilan hamkorlikni juda yuksak qadrlaydi.
Ko‘plab mamlakatlarning yoqilg‘i-energetika majmui rahbarlari, olim va mutaxassislar, ishbilarmon doiralar vakillarini bir joyga to‘plagan “OGU 2008” ko‘rgazmasi neft-gaz sohasi borasida fikr va tajriba almashish, o‘zaro foydali biznes aloqalarini o‘rnatish va mavjud hamkorlikni yanada rivojlantirish, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish, yangi shartnomalar imzolash imkonini beradi.
Ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Shoismatov so‘zga chiqdi.
Manba: www.uza.uz