Innovatsiya – kelajakka qo‘yilgan sarmoya
02/05/2008 - 07:39 8105
Shu kunlarda “O‘zekspomarkaz”da davom etayotgan Respublika innovatsiya g‘oyalari va loyihalari yarmarkasi davlat korxonalari va mamlakatimizda jadal rivojlanayotgan xususiy biznes tomonidan ishlab chiqarishni texnik modernizatsiyalash va texnologik yangilanishga bo‘lgan o‘sib borayotgan qiziqishning yorqin namoyishiga aylandi. Ushbu yarmarka Prezident Islom Karimov tomonidan eng ilg‘or texnologiyalardan foydalanish orqali ichki va tashqi bozorlarda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarga binoan tashkil etilgan.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining barcha sohalari vakillari respublika Fanlar akademiyasi tizimi, oliy o‘quv yurtlari va turli ilmiy markazlarda yaratilgan eng istiqbolli ishlanmalar va texnologiyalar bilan tanishish hamda ularni joriy etish bo‘yicha shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Olimlarning ilg‘or loyihalari va g‘oyalari amaliyotga joriy etilmoqda, ishlab chiqarish sohasi xorijiy muqobillari bilan raqobatlasha oladigan, ba’zi ko‘rsatkichlar bo‘yicha ulardan ustun turadigan eng yaxshi texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. Ularning o‘zlashtirilishi iqtisodiyotning real sektoriga ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini oshirish va turlarini ko‘paytirish, ayni paytda ishlab chiqarishga sarflanadigan iqtisodiy xarajatlarni jiddiy qisqartirish imkonini beradi.
Korxonalar rahbarlari, fermerlar olimlar tomonidan taklif etilayotgan loyiha va jihozlarni diqqat bilan o‘rganmoqda, amaliyotda qo‘llash uchun eng maqbullarini tanlab olmoqda hamda xarid qilish shartlarini muhokama qilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasi vakillarida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi qoshidagi Texnologiyalar transferi bo‘yicha agentlikning biogaz qurilmasi katta qiziqish uyg‘otdi. Bu jihoz mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetika sohasini rivojlantirish bo‘yicha dastur asosida ishlab chiqilgan. Moslama chorvachilik chiqindilari asosida ishlaydi, kuniga 250-300 kubmetr gaz ishlab chiqaradi va Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Milk-Agro” fermer xo‘jaligida sinovdan o‘tgan. Olinadigan “bepul” xomashyo hisobidan xo‘jalikning elektr energiya va issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabi qondiriladi. Bundan tashqari, qoladigan chiqindi qimmatli bioo‘g‘it bo‘lib, ekologik jihatdan toza, tuproqning tarkibini tiklash, ekinlar hosildorligini qariyb 40 foizgacha oshirish imkonini beradi. Yarmarkaga kelgan fermerlar biogaz moslamasini xarid qilish istagini bildirmoqda.
Yarmarkada Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti tomonidan taqdim etilgan ishlanmalar iqtisodiyotning qator sohalariga mo‘ljallangan. Ulardan biri – mamlakatimizning turli hududlari sharoitida yuqori elita toifalariga mansub kartoshka navlari urug‘ligini yetishtirish texnologiyasidir. U O‘zbekistonda asosiy ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarish va ichki bozorni jahondagi narxlar o‘zgarishidan himoyalash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar doirasida tashkil etilan. Yarmarka davomida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “G‘ilon Super elita” agrofirmasi va universitet o‘rtasidagi bu turdagi kartoshka urug‘ini xarid qilish bo‘yicha shartnoma tuzildi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Qo‘ng‘irot soda zavodi, “Navoiyazot” OAJ, Yog‘-moy va oziq-ovqat sanoati uyushmasi o‘rtasida salmoqli shartnomalar tuzildi. Bu oliy o‘quv yurtining bo‘lajak sheriklari qatorida Tomsk politexnika universiteti ham bor. Bu oliy o‘quv yurti Rossiyaning neft qazuvchi korxonalarida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yangi texnologiyalarimiz bilan tanishish maqsadida yarmarkaga o‘z vakilini yuborgan.
- Men O‘zbekistondagi yarmarkaga mamlakatingiz olimlari bilan hamkorlik imkoniyatlarini aniqlashtirib olish uchun keldim, – deydi Sinszyan texnika fizikasi va kimyosi instituti (Xitoy) laboratoriya mudiri o‘rinbosari Abulimiti Yili. – O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi instituti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz. Zero, bu institutning innovatsiyaviy texnologiyalari eng yuksak jahon standartlariga javob beradi. Xitoyda bu yerda ishlab chiqarilgan dorivor vositalarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.
Yarmarka ishtirokchilarining qayd etishicha, anjuman juda yuqori saviyada tashkil etilgan. Ilm-fanning innovatsiyaga doir mahsulotlari o‘z iste’molchisini topishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Yarmarkada konsalting markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu markazda respublikamizning yetakchi banklari xodimlari yangi texnologiyalarni tezda xarid qilish niyatida bo‘lganlarga mikrokreditlarni qisqa muddatda rasmiylashtirish va buning uchun zarur hujjatlar haqida maslahatlar bermoqda.
Yarmarka dasturining muhim qismi uning ishtirokchilari – yangi texnologiyalar va jihozlar mualliflari tomonidan turli mavzulardagi taqdimotlarning o‘tkazilishidir. Ular fermerlarni o‘z innovatsiya loyihalari va g‘oyalari bilan tanishtirish imkonini beradi. Innovatsiya loyihalarining joriy etilishi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shunisi diqqatga sazovorki, yarmarka ishtirokchilari orasida yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular yosh olimlar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, litsey va kollejlar o‘quvchilaridir. Vazirlar Mahakamasi huzuridagi Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Xalqaro “Ekosan” ekologiya va salomatlik tashkiloti hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati ular uchun “Yoshlar va innovatsiya rivoji” mavzuida davra suhbati uyushtirdi. Unda bir qator vazirliklar, idoralar, yirik sanoat va qishloq xo‘jaligi korxonalari, ITI, oliy o‘quv yurtlari vakillari qatnashdi.
Uchrashuv ishtirokchilariga “Ekosan” va “Kamolot” YOIH O‘zbekiston yosh olimlarining eng yaxshi tadqiqot ishlari uchun 10 ta mukofot ta’sis etgani ma’lum qilindi.
- Davlatimiz rahbari yoshlarning har tomonlama kamol topishi, jahon talablari darajasida bilim olishi, innovatsiya faoliyatida ishtirok etishi uchun doimiy g‘amxo‘rlik qilmoqda, – dedi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiati, Toshkent davlat texnika universiteti magistranti A.Saynazarov. – O‘zbekiston yigit-qizlari bunga javoban bilim va kasb ko‘nikmalarini o‘zlashtirgan holda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga o‘z hissasini qo‘shishga intilmoqdalar.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yarmarkaning ikki kunlik ishi davomida umumiy qiymati 10 milliard so‘mga teng innovatsiya loyihalarini joriy etish bo‘yicha shartnomalar va hamkorlik haqida ahdlashuv bayonnomalari imzolandi. Respublika innovatsiya g‘oyalari va loyihalari yarmarkasi o‘z ishini davom ettirmoqda.
Manba: www.uza.uz