Ilm-fan va ishlab chiqarish kooperatsiyasi – iqtisodiyotni rivojlantirish asosi
01/05/2008 - 07:38 8690
O‘zekspormarkazda ochilgan Birinchi respublika innovatsiya g‘oyalari va loyihalari yarmarkasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston ilmiy muassasalari va oliy o‘quv yurtlarida yaratilgan hamda mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini rivojlantirishning dolzarb muammolarini hal etishda muhim ahamiyatga ega olti yuzdan ortiq istiqbolli ilmiy ishlanmalar, texnologiya va texnologik uslublar namoyish etilmoqda.

Tadbir Prezident Islom Karimov tomonidan 2007 yil yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi majlisida mamlakatni iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish, ishlab chiqarishni texnik modernizatsiyalash va texnologik yangilash bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish doirasida o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Departamentlari, Iqtisodiyot vazirligi, Fanlar akademiyasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan ushbu yarmarkani o‘tkazishga doir katta tashkiliy ishlar amalga oshirildi.
Yarmarkada vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, banklar, iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga qarashli yirik korxonalar, ko‘plab xususiy, jumladan, qo‘shma va kichik korxonalar, fermer xo‘jaliklari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy muassasalar, oliy o‘quv yurtlari, turli ilmiy markazlar, shuningdek, ko‘plab xalqaro tashkilotlar hamda moliya tuzilmalari vakillari ishtirok etmoqda.
Yarmarkada yoshlar vakillari – yosh olimlar, aspirantlar, oliy o‘quv yurtlari talabalari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning yuqori kurs o‘quvchilarining ham ishtirok etayotgani uning o‘ziga xos jihatlaridandir.
Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, birinchi navbatda, jahon bozorida raqobatbardosh ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan. Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.Sanaqulov buni alohida ta’kidladi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotning barcha jabhalarida ulkan iqtisodiy yuksalish kuzatilmoqda. Respublikamizning investitsiyaviy jozibadorligi ham tubdan yaxshilandi. Keyingi uch yilda xorij investitsiyalari oqimi ikki hissaga oshdi, o‘nlab yirik investitsiya loyihalari ro‘yobga chiqarilmoqda.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida innovatsiyalar roli tobora ortib bormoqda. Ularning amalga oshirilishi esa, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulot raqobatbardoshligini kuchaytirish, tannarxi va energiya iste’molini pasaytirish, xususiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, yangi bozorlarni tashkil etish imkonini beradi.
XXI asrda jahon xo‘jalik munosabatlarida raqobat kuchayib borayotgani sababli iqtisodiyotning innovatsiya yo‘nalishi mamlakatimizning ichki bozorda import mahsulotlar o‘rnini bosadigan sifatli mahsulot ishlab chiqarishni ta’minlaydigan eksportga yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ilmiy-texnika siyosatining ustuvor yo‘nalishlari milliy iqtisodiyot ehtiyojlariga qarab belgilanayotir. Ushbu vazifaga muvofiq, mamlakatimizda ilm-fan va ishlab chiqarishning innovatsiyaviy hamda o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishni o‘z ichiga oladigan yangi bozor mexanizmi shakllanmoqda.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, innovatsiya ilmiy-texnika faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash – kelajakda eng katta foyda keltiradigan investitsiyadir. Shu bois Yurtboshimiz istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab, ushbu jarayonni rivojlantirishga doimiy e’tibor qaratib kelmoqda.
Yarmarkaning ochilishida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti SH.Solihov bugungi kunda Fanlar akademiyasi tizimidagi barcha muassasalar, oliy o‘quv yurtlari, ko‘plab vazirliklar, idoralar, yirik assotsiatsiyalar va kompaniyalarning ilmiy bo‘linmalari faoliyati ishlab chiqarishning aniq hamda prognoz qilinayotgan ehtiyojlariga yo‘naltirilganini qayd etdi.
Yuzdan ortiq ilmiy muassasa va oliy o‘quv yurtlari, innovatsiya loyihalarini ishlab chiquvchi yuzlab olimlar ishtirok etayotgan ushbu Birinchi respublika innovatsiya g‘oyalari va loyihalari yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad iqtisodiyotning real sektoriga eng yaxshi amaliy ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlanmalarni taqdim etish, shu tariqa tarmoqlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash hamda O‘zbekistonda bozor islohotlarini jadallashtirishga ko‘maklashishdan iborat.
Loyihalarni ikki bosqichda tanlash davomida tijoriy yoki tajriba o‘tkazish va sanoatga joriy etishga tayyor eng yaxshi innovatsiya ishlanmalari tanlab olindi.
Yarmarkada sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, ilm-fan va ta’lim bo‘yicha ishlanmalarning tajriba namunalari va ilova qilinadigan materiallari namoyish etilmoqda. Taklif etilayotgan barcha loyihalar yangiligi va dolzarbligi bilan bir-biridan farq qiladi.
Yarmarkaning birinchi kunidayoq korxonalar va loyihalarni ishlab chiquvchilar o‘rtasida ilm talab mahsulot va texnologiyalarni tijoratga joriy etish yoki sotib olish uchun qiymati bir necha milliard so‘mga teng yuzdan ortiq shartnoma imzolangani bejiz emas. Bunday loyihalarning aksariyati ularni joriy etishni ta’minlayotganlarga yuqori iqtisodiy samaraga erishish imkonini beradi.
Fanlar akademiyasi tizimidagi ko‘plab muassasalar tomonidan ishlab chiqilgan asbob-uskuna va texnologiyalar ham ana shunday ko‘rsatkichlarga ega. Elektronika institutining gazni tahlil qilish priborlari, Yadro fizikasi institutining ekspress-tahlil o‘tkazish uchun mo‘ljallangan tezkor tahlil laboratoriyasi, “Quyosh-Fizika” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Fizika-texnika institutining fotoelektr tizimlari va quyosh nurlari yordamida gidroporshenli suv chiqarish moslamasi, Polimerlar kimyosi va fizikasi institutining chigitni kapsulalash texnologiyasi hamda tabiiy moddalardan sintez qilish yo‘li bilan olingan dorivor preparatlar, Umumiy va noorganik kimyo institutining bazalt tolasidan issiqlik va shovqinni qaytaradigan material olish texnologiyasi va boshqalar shular jumlasidandir.
Shuningdek, yarmarkada mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining intellektual mahsulotlari ham keng namoyish etilmoqda. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ko‘plab istiqbolli loyihalar, jumladan, ionni almashtiradigan tolali sorbentlar va modifikatsiya qilingan sholi kraxmalini ishlab chiqarish texnologiyasini, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti axborot integral o‘qitish-nazorat qilish tizimlari, ma’lumotlar bazasi, amaliy dasturlar paketlari, alyumin qotishmalarini eritish uchun gazli shaxta-yallig‘ qaytaruvchi pechkalar konstruksiyasini taklif etmoqda.
Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiya instituti bug‘doy kurtagidan shifobaxsh o‘simlik moyini ishlab chiqarish texnologiyasini namoyish etmoqda. Yarmarkada respublikamizning barcha viloyatlaridagi boshqa oliy o‘quv yurtlari ham o‘z mahsulotlarini taklif etgan.
Yarmarkada dunyoda muqobili yo‘q qator noyob ishlanmalar ham namoyish etilmoqda. Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu ishlanmalarning hammasi patentlar bilan himoyalangan. Xorijiy ishbilarmon doiralar vakillarining yarmarkaga katta qiziqish bildirayotgani ham bejiz emas. Zero, O‘zbekistonning ilmiy-texnika salohiyati dunyoda katta obro‘-e’tiborga ega. Xalqaro texnologiyalar bozorida mamlakatimiz olimlarining tadqiqotlari natijalariga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda.
Yarmarkada Fransiyaning Yevropaning turli davlatlarida 8 ta zavodga ega bo‘lgan yirik “Olmiks” kompaniyasi vakillari ham ishtirok etmoqda.
– Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdormiz, – deydi kompaniyaning Sank-Peterburgdagi filiali ta’minot bo‘yicha direktori A.Dyugay. – Bo‘lg‘usi sheriklarimizga butun dunyoda o‘zining yuqori sifati bilan ma’lum va mashhur o‘zbek paxta tolasidan nanogazlama ishlab chiqarishning o‘ziga xos texnologiyasini joriy etish bo‘yicha hamkorlik qilishni taklif etmoqchimiz. Bunday gazlamadan tayyorlangan kiyim inson organizmiga shifobaxsh ta’sir ko‘rsatadi. Bu borada O‘zbekistonning qator ilmiy tuzilmalari vakillari bilan dastlabki muzokaralar o‘tkazildi.
Uch kun davomida innovatsiya g‘oyalari taqdimoti, innovatsiya faoliyatini rivojlantirish muammolari va istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlangan ikkita davra suhbati ham o‘tkaziladi.
Yarmarkadan kutilayotgan asosiy natija – bu xo‘jalik yurituvchilar bilan innovatsiya ishlanmalarini joriy etish bo‘yicha shartnomalar tuzishdir. Ushbu jarayon yarmarka ochilgan kundanoq boshlandi. Masalan, Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi o‘simliklarni himoya qilishning biologik vositalarini ishlab chiqarish xususiy biolaboratoriyasi rahbari M.Saidov poytaxtga Toshkent davlat agrar universiteti bilan tegishli qurilmalarni sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun kelgan.
– O‘simliklarni zararkunandalardan himoya qiladigan foydali hasharotlarni yetishtirishga doir ushbu qurilmalar eng ilg‘or texnologiyalar asosida yaratilgan, – deydi M.Saidov. – U fermerlarimiz ehtiyoj sezayotgan entomofaglarni ko‘paytirish jarayonini ancha tezlashtiradi. Yarmarka tashkilotchilaridan respublikamiz olimlarining eng yaxshi ishlanmalari bilan tanishish va keyinchalik ularni amaliyotga tatbiq etish uchun sotib olish imkoniyatini yaratgani uchun minnatdormiz.
Yarmarka amaliy fanning iqtisodiyot real sektori bilan kooperatsiyasining yorqin namunasiga aylandi va, shubhasiz, barcha tarmoqlarni yanada innovatsiyaviy rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, O‘zbekistonning ilmiy-texnika va ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirishga yordam beradi.
Yarmarkaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.Qosimov, E.Shoismatov ishtirok etdi.
Manba: www.uza.uz