Xavfsizlik va barqarorlikning muhim omili
29/04/2008 - 07:37 7977
Poytaxtimizdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Energetika Markaziy Osiyo iqtisodiy xavfsizligining omili sifatida” mavzuidagi xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbir Siyosiy tadqiqotlar markazi va ushbu universitet tomonidan tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyo, Shimoli-sharqiy va Janubiy Osiyo, Yevropa mamlakatlari, Amerika va Rossiyadan xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirning ochilish marosimida mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahbarligida energetika xavfsizligini kuchaytirish, energetika salohiyatini oshirish va ushbu sohada har tomonlama xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga katta e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu, o‘z navbatida, Markaziy Osiyoda mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy xavfsizlikning muhim omiliga aylanmoqda.
Jahon energetika bozori va iqtisodiy xavfsizlik barqarorligini ta’minlash muammosi global xususiyatga ega. Bugungi kunda uglevodorod va uran xomashyosi qazib olishni va uning zaxirasini ko‘paytirish, ularni uzoq muddat yetkazib berish istiqbollari va narx-navo siyosati turli xalqaro hamda davlatlararo darajada muhokama etilmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo davlatlari, ularning jahonda yirik neft, gaz, uran, ko‘mir, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar, shu bilan birga, iste’molchilari hisoblangan Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari kabi mintaqaviy hamkorlari ham bundan mustasno emas.
Bu yerda o‘tgan bahs-munozaralar davomida Markaziy Osiyo ichida hamda mintaqa davlatlari, xorijiy iste’molchilar, yetkazib beruvchilar va tranzitchilar o‘rtasida energetika hamkorligini rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha erkin fikr almashildi.
Energetika-resurs salohiyatiga boy bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari va umuman ushbu mintaqa hozirgi kunda jahonda energetika sohasida kechayotgan geosiyosiy va geostrategik jarayonlarning tobora faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Bu masala turli darajada ekspertlar tomonidan keng muhokama etilmoqda.
Uchrashuvda siyosat va iqtisodiyotda energetika omilining muhim o‘rni, Markaziy Osiyo energetika salohiyatining dunyo rivojlanishidagi ahamiyati, energiya resurslarini Markaziy Osiyodan transportirovka qilishning joriy va istiqboldagi yo‘nalishlari, manfaatdor mamlakatlar pozitsiyasi va yondashuvlari kabi keng ko‘lamli dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy jozibadorligi, atrof-muhit xavfsizligi, qayta tiklanayotgan energiya manbalarini rivojlantirish, neft-gaz eksport qiladigan mamlakatlarning energiya resurslari iste’molchilari bilan xalqaro hamkorligi kabi mavzular ham muhokama etildi. Mutaxassislar inson omiliga alohida e’tibor qaratgan holda, ushbu mintaqada yashayotgan odamlar, kelajak avlod haqida g‘amxo‘rlik qilish ustuvor masala ekanini qayd etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan R.Mahmudov, S.Rustamov (O‘zbekiston), SH.Akiner (Buyuk Britaniya), M.Olkott (AQSH), S.Luzyanin (Rossiya), Chen Szetszyun (Xitoy), B.Sultonov (Qozog‘iston) va boshqalar shu haqda gapirdi.
Manba: www.uza.uz