Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari uchun seminar-trening - 1-kun
16/03/2022 - 11:49 2411
Joriy yilning 14-18-mart sanalarida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat boshqaruvi akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-martdagi 120-F-son farmoyishiga asosan 221 nafar birinchi o‘rinbosarlari uchun seminar-trening tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Seminar maqsadi - hokimning birinchi o‘rinbosarlari kasbiy bilim va saviyasiga qo‘yilayotgan talablarni hisobga olgan holda ularning davlat boshqaruvi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi malakasini hamda huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy bilimlarini yanada mustahkamlashdan iborat.
Seminar-treningga asosan vazirlik va idoralar rahbarlari va ularning mas’ul o‘rinbosarlari hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi professor o‘qituvchilari jalb etilgan bo‘lib, seminarda Davlat siyosatini mahallagacha tushirish, aholi bandligini ta’minlash, ularning daromadini ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shu orqali kambag‘allikni qisqartirish, hududlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va xizmatlar sohasini rivojlantirish, tuman (shahar) iqtisodiyoti o‘sish drayverlarini aniqlash metodologiyasi, “Mahallabay” ishlash tizimini tashkil etish va uning samaradorligini oshirishda tijorat banklarini hamkorligi, davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid normativ-xuquqiy hujjatlar, davlat aktivlari turlari, mahalliy budjetlar daromadlar bazasini mustahkamlash, band bo‘lmagan aholini munosib ish o‘rinlariga ishga joylashtirish, kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, haq to‘lanadigan vaqtinchalik ishlarga jalb etishdan sohalari bo‘yicha ma’ruza va trening mashg‘ulotlar olib boriladi.
Seminar-trening 1-kunida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosarlari Saidqahhor Xolxo‘jayev va Ilhom Norqulov, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Abidxadjayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat boshqaruvi akademiyasi o‘qituvchi va professorlari tomonidan hududlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va xizmatlar sohasini rivojlantirish, davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar, davlat aktivlarini turlari va vakolatli organlar, “Onlayn mahalla” axborot tizimi va uning afzalliklari, tuman (shahar) iqtisodiyoti o‘sish drayverlarini aniqlash metodologiyasi va boshqa mavzular ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilar tomonidan yuqoridagi mavzular yuzasidan seminarda xizmatlar va turizm sohalarini tuman va qishloqlar kesimida rivojlantirish orqali ko‘plab ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirish ko‘zda tutildi va noqishloq yerlardan unumli foydalanish maqsadida bir nechta takliflar kiritildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati