Hay’at yig‘ilishi
29/04/2008 - 00:00 7517
Joriy yilning 26 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida vazirlikning kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hay’at yig‘ilishida Vazirlikning Markaziy apparati xodimlari, tarkibiy tashkilotlar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, viloyatlar hamda Toshkent shahar iqtisodiyot bosh boshqarmalari, shuningdek, barcha shahar va tumanlar iqtisodiyot bo‘limlari boshliqlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish kun tartibdagi asosiy masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning joriy yil 8 fevraldagi Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2008 yil uchun belgilab bergan ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari ijrosini ta’minlashdagi Iqtisodiyot vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari oldida turgan muhim vazifalar, shuningdek joriy yilning yarmi hamda 2008 yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga bag‘ishlandi.
Mazkur masala yuzasidan Iqtisodiyot vaziri B.A.Xo‘jayev ma’ruza qilib, muhtaram yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari ijrosini ta’minlashdagi Iqtisodiyot vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari oldidagi vazifalarga keng va atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etildiki, Iqtisodiyot vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan hisobot davrida muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan:
- iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini kompleks rivojlantirish maqsadida qabul qilingan muhim maqsadli dasturlarni bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borildi, monitoring yakunlariga asosan tayyorlangan tahliliy ma’lumotlar Vazirlar Mahkamasiga kiritib borildi;
- moddiy balanslarning joriy yil uchun tasdiqlangan asosiy ko‘rsatkichlarini bajarilishini ta’minlash yuzasidan qat’iy nazorat olib borildi, shuningdek, belgilangan ko‘rsatkichlardan orqada qolish holatlarini o‘z vaqtida aniqlab borilib, mazkur holatlarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi;
- hisobot davrida vazirlik tomonidan 4 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, 9 ta Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi va 6 ta Vazirlar Mahkamasi farmoyishi loyihasi tayyorlandi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Shuningdek, joriy yilning yarmi va 2008 yil uchun belgilangan maqsadli prognoz ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladigan quyidagi ishlar yuzasidan Markaziy apparat boshqarma va bo‘lim boshliqlari hisobotlari eshitildi:
- 2009 yil uchun byudjet-soliq siyosati hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning 2009 yil prognoz ko‘rsatkichlarini shakllantirish yuzasidan tadbirlar belgilash;
- ishlab chiqarish va ijtimoiy soha ob’yektlarini foydalanishga topshirish, aholi turmush darajasini oshirish, ayniqsa, respublikamizdagi rivojlanish darajasi past tumanlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan muhim maqsadli Dasturlar ijrosini ta’minlashni hisobga olgan holda 2009 yil uchun Investitsiya dasturini shakllantirish;
- eksport turlari va hajmlarini birinchi navbatda tayyor mahsulotlar hisobiga kengaytirishga alohida e’tibor qaratgan holda 2009 yil uchun eksport Dasturini shakllantirish.
Shu bilan birga, Iqtisodiyot vazirligi Bosh boshqarma, boshqarma va bo‘limlari tomonidan tayyorlangan 2009 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz ko‘rsatkichlarini tayyorlash bilan bog‘liq tuman va shaharlar iqtisodiyot bo‘limlari uchun savolnomalar, jadvallar maketi va boshqa hujjatlar ham muhokama qilinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Iqtisodiyot bosh boshqarmalariga aniq vazifalar yuklatildi.
Galdagi muhim vazifalardan kelib chiqib Hay’at yig‘ilishida iste’mol tovarlari bozorini ichki va tashqi kon’yukturasini o‘rganish yuzasidan monitoring olib borish ishlarini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar hamda meva-sabzavot va uzum mahsulotlarini yetishtirish va yetkazib berish hajmlarini ko‘paytirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni bajarilishi monitoringini joriy qilish, shuningdek, keyingi yil hosiligacha respublika aholisi ehtiyojlaridan kelib chiqib, 2008/2009 yil kuz-qish mavsumi uchun meva-sabzavotlarning asosiy turlarini jamg‘arish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masalalar ham muhokama qilindi.
Hay’at yig‘ilishi ishtirokchilar kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr almashgan holda joriy yilning I-ярми va 2008 yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar yuzasidan qator qarorlar qabul qildilar. Yig‘ilish so‘ngida, belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlanishi tegishli vazir o‘rinbosarlari tomonidan qat’iy nazoratga olinishi belgilab qo‘yildi.